«Homiladorligimni aytdim. Shundan keyin men bilan umuman bog‘lanishmadi» — Homiladorligi sabab ishga olinmagan ayol hikoyasi
«Ismim Munisa. Universitetda 4-bosqichga o‘tganimda nodavlat tashkilotida ish boshladim. Rahbar bilan yuzma-yuz suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim. Jamoa juda yaxshi qabul qildi. Vazifam yuzasidan faqat rahbar bilan bevosita ishlar edim. Yoshi katta bo‘lsa ham yoshlarni tushunadigan, qadrlaydigan va yoshlar taklif qiladigan har qanday yangilikni quvonch bilan qabul qiladigan inson bilan ishlash o‘zimga ham yoqar, shijoatimni rag‘batlantirar edi. Ishga qabul qilinganimda shartnomaga ko‘ra 9 oy ishlashim kerak edi (Nodavlat tashkiloti grant yutib oladi, shu grant tugagunga qadar mas’ul xodimlarni ishga qabul qiladi). Lekin jamoa meni qo‘yib yuborgisi kelmadi, bir loyiha tugamasdan yangisiga qo‘shib qo‘yaverishdi. Shu tarzda 2 yarim yil shu yerda ishladim.
Bu orada turmushga chiqdim. Yangi oilam, magistraturadagi o‘qish va ishimni birday olib keta olishim kerak edi. Homilador bo‘lgunimgacha hech birida muammo tug‘ilmagan. Toksikoz boshlanganda qiyinchilik ham boshlandi. Toza havo topolmay qiynalardim. Aksiga olib ishxonamda oshxona ofis ichida, men o‘tiradigan xona bilan bitta eshik ajratib turar edi xolos. Ko‘pincha uydan ishlashga ruxsat oladigan bo‘ldim. Ammo bu ishim sifatiga ta’sir qildi. Homiladorlikkacha uchta loyihada ishlar edim. Sizni ko‘p urintirmaylik deb bitta loyihada qoldirishdi. U esa bir oydan keyin tugar edi. Tugamasidan oldin o‘zim ariza yozib ketdim. Nimagadir shunaqa qilishni xohladim.
Bir oyga yaqin uyda qoldim. Bu paytda toksikoz to‘liq o‘tib ketgan va juda yaxshi holatda edim. Yangi ish qidira boshladim. Davlat tashkilotida ishlab ko‘rishni istab «Milliy tiklanish» partiyasi o‘tkazayotgan kastingga bordim. Kichkina maosh taklif qilinayotgan bo‘lsa ham (nodavlat tashkilotida bu yerda taklif qilingan maoshdan 3-4 barobar ko‘p olganman) raqobatchilar ko‘p va kuchli edi. Belgilangan vaqtda partiya rahbari nomidan nutq yozdik. Ertasi kuni qo‘ng‘iroq qilib men eng yuqori bal bilan o‘tganimni aytishdi. Birozdan so‘ng shu partiyadanman deb ayol kishi qo‘ng‘iroq qildi va yaqinda turmush qurgan ekansiz, homilador emasmisiz mobodo deb so‘radi. Homiladorligimni aytdim. Shundan keyin men bilan umuman bog‘lanishmadi. O‘zim ham qayta so‘rashni istamadim. Yana bir qancha ishlarga homiladorligim tufayli qabul qilinmadim. Yangi ochilgan telekanalga ishga taklif qilishdi. Hech kim homiladormisiz deb so‘ramadi, o‘zim ham aytmadim va shu yerda ish boshladim. Homilam 8 oylik bo‘lguniga qadar ishladim. Ishxonam tug‘gunimgacha va undan keyin ham onlayn ishlashni taklif qildi. Maoshim oldingidan katta farq qilmasligini va’da qilishdi. Lekin birinchi marta onalik maqomi berilayotgani uchun hamma e’tiborimni farzandimga berishni xohladim».
Umri davomida deyarli barcha ayol yuzlashadigan jarayonlar qatorida nikoh, homiladorlik, shuningdek, ta’lim olish, mehnat qilish kabilar bor. Ushbu voqea-hodisalar bir-birini cheklashga asos bo‘lmasligi, inkor va rad etmasligi insonning bazaviy huquqlari qatoridadir. Biroq, afsuski, har yili millionlab ayollar aynan homiladorlik deb ataluvchi tabiiy jarayon vajida mehnat qilish huquqidan sun’iy tarzda mosuvo qilinadi, ya’ni har yili ish beruvchi qabuliga ish so‘rab kirgan shuncha homilador ayolning so‘rovi rad etiladi.
Bu holatlar nafaqat iqtisodiy-ijtimoy masalalarda qoloq yoki rivojlanayotgan mamlakatlar, balki rivojlangan dunyoning yetakchi davlatlarida ham keng uchraydi. Xalqaro Mehnat Tashkilotining o‘rganishlari natijasiga asoslanadigan bo‘lsak, 2012 yil ko‘rsatkichlariga ko‘ra, Italiyada kamida 800 000 ayol ishchi homilador bo‘lgani uchun iste’foga chiqishga majbur bo‘lganini xabar qilgan. Xususan, ko‘p hollarda ular ishga qabul qilinganda sanasi ko‘rsatilmagan iste’foga chiqish xatlariga imzo chekishga majbur bo‘lishgan. Xatlar kompaniyalar ularni ishdan bo‘shatishni xohlaganlarida ishlatilgan. Xalqaro Mehnat Tashkilotiga ko‘ra, 70 ga yaqin davlat XMTning onalikni himoya qilishga doir uchta konvensiyadan kamida bittasini ratifikatsiya qilgan (1992 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi XMTning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi). Ammo haqiqat shundaki, ko‘plab homilador ayollar va yangi onalar ish joylarida hali ham himoyasizligicha qolmoqda.
O‘zbekiston hududida ham mazkur muammo, afsuski, aktual. Buni yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi oldi referendum targ‘ibot roliklari tarkibidan ham payqash qiyin emas. Bir nechta yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan maxsus roliklar mavzulari orasida homilador, yaqinda oila qurgan yoki yosh farzandli ayollarning ishga qabul qilinishidagi muammolar akslantirilgan tasvirlar ham mavjud. Bu biz ilgari surayotgan gipotezani asoslash uchun ortiqcha hojat ham yo‘qligini isbotlaydi.
Homiladorlik paytida mehnat qilishga to‘sqinlik qilish huquqiy tomonlama qonunga zid sanaladi. Homilador xodimni ishga olish xodimning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki psixologik farovonligi uchun ham muhim. Bu haqida psixolog Sarvinoz Omonova shunday fikr bildiradi:
— Homiladorlik davri ayollarda gormonal o‘zgarishlar tufayli sodir bo‘ladigan psixologik o‘zgarishlar: ta’sirchanlik, tez jahl chiqishi, kayfiyat o‘zgaruvchanligi va hokazo holatlarga olib kelishi hammaga ma’lum. «Bunday paytda ayollar ishini yaxshi qilolmaydi, shunga ishga olmaganim maqul» deydigan rahbarlar yoki rafiqasining homiladorlik davrida ishlashini istamaydigan erkaklar uchrab turadi. Biroq masalaning shu tarafi bor: Homiladorlik paytida ba’zi ayollarning emotsional holati nostabil bo‘lishi mumkin, lekin ularning o‘zi stabillik hissiga muhtoj bo‘ladi. Nega?
Mamlakatimizda ayollar odatda turmush qurishi bilanoq homilador bo‘lishi ko‘p kuzatiladi. Hali jufti bilan, ba’zida esa uning oila a’zolari bilan birga yashashga moslashish qiyinchiliklari bor. Bu moslashuv jarayoni endi boshlanishi bilan homiladorlikka qadam qo‘yishadi. Endi ayol nafaqat «rafiqa», «kelin», balki «ona» maqomini olishi kerak. Ona bo‘lish arafasida u turli-tuman qiyin hislarni boshdan kechirishi mumkin:
- Hali oldinda qanday mas’uliyat va qiyinchiliklar kutib turganini bilmagani uchun xavotir;
- Boshqalarning tug‘ruq bilan bog‘liq qiyinchiliklarini eshitgani uchun qo‘rquv;
- Tanasi va tashqi ko‘rinishida bo‘layotgan o‘zgarishlarning qay darajada bo‘lishi xavotiri;
- Bo‘sh vaqt va erkinlik ko‘p bo‘lgan «eski» hayoti ortda qolayotgani uchun qayg‘u va hokazo.
Bunday o‘zgarishlar paytda ayol odatdagi hayotiga oid narsalarni saqlab qolsa, bu unga xotirjamlik, stabillik hissini berishi mumkin. O‘rgangan, qiziqqan, sevgan ishini davom ettirish — bu hislarni bera oladi. Ayol turmush qurish va homilador bo‘lish tufayli ancha o‘zgarishlar bo‘layotgan chog‘da, tag‘in ishsiz qolsa — uning ruhiy holati og‘irlashishi mumkin. Shu sababli homiladorlik paytida ayolning ishlashiga nafaqat taqiq qo‘ymaslik shart, balki qulay sharoitlar yaratishda ko‘maklashish lozim.
Bundan tashqari, ayolning daromadi oilaviy budjetda anchagina salmoqli bo‘lishi mumkin. Farzandli bo‘lishning yangi xarajatlar manbasi yaratishini hisobga olsak, ayolning ishlashdan mahrum bo‘lishi — iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq xavotirlar paydo qiladi va tabiiyki homiladorlik davrining stressli kechishiga sabab bo‘lish ehtimoli bor.
Oilada har qanday vaziyat bo‘lishi mumkin: er-xotin ziddiyatda, ajrashish arafasida yoki ajrashgan bo‘lishi mumkin. Er ba’zi sabablarga ko‘ra ishlolmayotgan yoki daromadi kamaygan bo‘lishi mumkin. «Xotin ishlashi shart emas, eri ta’minlaydi» degan vaj bilan homilador ayollarni ishdan uzoqlashtirmaslik lozim. Bu sabablar chet tursin, ayol kishi o‘zi istasa va yetarli malakasi bo‘lsa, uni ishga olmaslik yoki ishdan bo‘shatishga urinish kabilar bo‘lmasligi kerak. Ayol moliyaviy mustaqil bo‘lsa, iqtisodiy va hissiy qaram bo‘lmaydi — bu esa er va xotin o‘rtasida psixologik jihatdan sog‘lom munosabatlar shakllanishiga imkon beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat statistika agentligi ma’lumotlariga asoslanadigan bo‘lsak, 2023 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra mamlakatda xotin-qizlar soni 17,896,369 tani tashkil etib, ushbu tarkibning qariyb 27 foizi 18-34 yoshlilar, ya’ni taxminiy oila qurish va farzand tarbiyasi yoshidagi ayollar ulushiga to‘g‘ri keladi.
«Facebook» ijtimoiy tarmog‘ining «Maslahat» ochiq guruhida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, «homilador yoki yaqinda oila qurgan bo‘lganligingiz uchun ishga kirishda, umuman, mehnat faoliyatida qiyinchiliklarga duch kelganmisiz yoki shunday muammolarga duch kelgan yaqiningiz/tanishingiz bormi? (ishga olishga qarshilik, ishga olishda pora berishga majbur bo‘lish, ishdan ketkazishga urinish kabi bosimlar)» mazmunidagi savolga so‘rovnoma ishtirokchilarining (so‘rovnomada 130 kishi ishtirok etgan) 49 foizi «ha, duch kelganman» deya javob berishgan.
Post ostida keltirilgan izohlar ostida «shaxsan o‘zim shunday holatga duch kelganman», «homiladorligimni bilgach majburan ariza yozdirishgan», «bir tanishim dekret pulini talab qilmaslik sharti bilan ishga kirgan» kabi fikrlarni uchratish mumkin. Muammo esa, agar u bittagina kishida uchragudek bo‘lsa ham, aktualdir.
Postlar ostida mana bunday izohlar ham uchraydiki, ularni rad etish, ijobiy holatlarga ko‘z yumish imkonsiz. Shuningdek, har bir holat individual bo‘lib, ayolning ishga joylasha olish yoki olmasligi ish beruvchining va ishga qabul qilinuvchining qadriyatlari, prinsiplari, ish joyining iqtisodiy-ijtimoiy holatiga bevosita bog‘liq.
Xulosa qilib aytganda, homilador ayolning mehnat faoliyatini amalga oshirishida to‘siqlarning mavjudligi faqatgina ijtimoiy-iqtisodiy va psixologik nuqtai nazardangina salbiy ahamiyat kasb etib qolmay, balki huquqiy jihatdan ham qonunga ziddir. Xususan, Yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 42-moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Bu kabi muammolarga duch kelgan ayollarga darhol huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Dilbar Elamanova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter