Homilador ayollar nima uchun koronavirusga qarshi emlanishi zarur?
SARS-CoV-2 virusi yo‘ldoshda tez ko‘paya oladi. Bu vaqtidan oldin tug‘uruq yoki homilaning ona qornida nobud bo‘lish xavfini oshiradi. Shu bois homilador ayollar koronavirusga qarshi emlanishlari zarur. Bu haqda juma kuni Shveysariya virusologiya va immunologiya instituti xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Byorndagi Virusologiya instituti xodimi Marko Alves va Lozanna universitet shifoxonasi professori Devid Bod boshchiligidagi tadqiqot guruhlari SARS-CoV-2 odamning yo‘ldosh hujayralariga zarar yetkazishi va u yerda ko‘payishi mumkinligini aniqladi.
«Bu homiladorlik davrida COVID-19 kechishi bilan bog‘liq tushunchamiz borasidagi muhim qadamdir. Minglab virusli zarralar tezda yo‘ldoshda paydo bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, yo‘ldoshdagi SARS-CoV-2 retseptorining ekspressiyasi juda o‘zgaruvchan va har bir homiladorlik uchun o‘ziga xos ekanligini payqadik. Bu nima uchun virus ba’zan homilaga yuqishini tushuntirishi mumkin», — dedi Alves.
Olimlarning fikriga ko‘ra, homilador ayollarning koronavirus bilan kasallanish xavfi xuddi shu yoshdagi aholiga nisbatan 70 foizga yuqori. Ma’lum qilinishicha, COVID-19 bilan kasallanganda erta tug‘ilish yoki homilaning ona qornida nobud bo‘lish xavfi ikki-uch baravar ortadi.
«Byorn va Lozanna tadqiqot guruhlari tomonidan olib borilgan tadqiqot homilador ayollarni emlash bo‘yicha tavsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi kunga qadar bir necha yuz ming homilador ayol ona va chaqaloq uchun xavfni oshirmagan holda RNK messenjer vaksinasini oldi. Haqiqatan ham, RNK messenjer homilaning ichiga kirmaydi, ona tomonidan ishlab chiqarilgan antitanachalar yo‘ldosh to‘sig‘ini kesib o‘tib, bolani himoya qiladi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, SARS-CoV-2 ga qarshi vaksinatsiya hozirda Shveysariyadagi barcha homilador ayollarga tavsiya etiladi.
Avvalroq Yevropa dori vositalari agentligi (YeMA) Yevropada homilador ayollar uchun koronavirusga qarshi vaksinatsiyani qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter