Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokim ketdi, aholi esa muammolar girdobida qoldi...»

«Hokim ketdi, aholi esa muammolar girdobida qoldi...»

Aholi mas’ul tashkilotlarga o‘z etirozini bildirib kelmoqda.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani «G‘alaba» mahallasida yashovchi fuqarolar tomonidan «Xabar.uz» tahririyatiga murojaat kelib tushdi.

Unda qayd etilishicha, ekinga yaroqli yerlarda, qolaversa, aholi yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududda xalqning etiroziga qaramay, Boyovut tumanining avvalgi hokimi O‘lmasjon Mamadaminov baliqchilik ko‘li ochish uchun tadbirkorlarga qaror chiqarib bergan. Endi esa o‘sha hokim boshqa lavozimga o‘tib, shu yerda yashovchi aholini muommolar girdobida qoldirib ketgan.

«Sobiq hokim endilikda viloyatda boshqa lavozimda (hech narsa bo‘lmaganday!) o‘z faoliyatini davom etirmoqda. U qaror chiqarib bergan tadbirkor esa 3-4ta ish o‘rni yarataman deb  58 gektar unumdor yerni ko‘lga aylantirish ishlarini boshlab yuborgan. Vaholanki, bu yer hozirgi og‘ir pandemiya davrida mahallamizda ishsiz yurgan yoshlarga 20 yoki 30 sotixdan bo‘lib berilsa, 300 ta ish o‘rin yaratsa bo‘ladi. Endi ayting: 3 yoki 4 ta ish o‘rni qaydayu 300 ta ish o‘rni qayerda?! Qaror qanday chiqarilgani bizga qorong‘u, chunki gap unumdorligi yuqori bo‘lgan katta yer haqida ketmoqda. Taqdim etilayotgan fotolarda yerning qarovsiz yotganiga qarab baho bermang, chunki bir necha yildan beri bu maydon egallab olinib, ekin ekilmayotgani uchun shu holga kelgan. O‘z xonasidan chiqmasdan, yerning qandayligi bilmasdan qaror chiqarib bergan sobiq hokim singari rahbarlar buni bilishsa ham bilmaganlikka olishar balki.

Hozirgi hokim opamiz ham aholi shuncha e’tiroz bildirsa ham holatni e’tiborsiz qoldirmoqda. Bu «loyiha»ning aholi tomorqalariga jiddiy zararlarini aytmasa ham bo‘laveradi. Katta hovuz ochilsa, qishloq ahlining tomorqalarini sug‘orish muammoga aylanadi, chunki suv o‘sha ko‘lga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, yana yer osti suvlari ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Issiq kunlarda suv bug‘lanib, yoshi katta insonlarning nafas olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buni suvi oqmaydigan ko‘l yonida yashaydigan odamlar juda yaxshi biladi.

Yana e’tibor bering, ekinga yaroqli yerlar deyilmoqda, vaholanki mamlakatda ekin yerlariga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar buzilib, davlat ixtiyoriga qaytarilayotgan bir vaqtda, bizda esa bu ishlar davom etmoqda.

Baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilishiga hech qanday e’tirozimiz yo‘q, aksincha, ko‘payishi tarafdorimiz. Faqat aholi yashash joyidan kamida 2-3 kilometr uzoqlikda bo‘lgan, ekinga yaroqsiz yerlarda tashkil qilinsa.... Qolaversa, yerni sug‘orishga ishlatiladigan oqova suv emas, tashlama suvdan foydalanilsin. Chunki hozirda dehqonchilik uchun suv yetmay turgan bir paytda, bular kanalning oldiga butunligicha damba qo‘yib, suvni ko‘llariga burib olmoqda. Jabrdida yana odiy xalq. Qani bu yerda haqiqat?

Shularni hammasidan tuman hokimining ham, sektor rahbarlarining ham xabari bor. Lekin ular ko‘rmaganlikka olishadi. U yog‘ini so‘rasangiz, o‘sha ko‘l egalarining oqova suv bilan ham shartnomasi borligiga shubhamiz bor.

Hozirda borgan sari mahallamizning atrofi kim o‘zarga bo‘lib, ko‘llarni aholi yashash joylari hisobiga kengaytirib borishmoqda.  Qishlog‘imizning atrofi uch tomondan turli xil qo‘lansa hid anqib turuvchi turli suv havzalari bilan o‘ralib, yarim orolga aylanmoqda. Ustiga ustak, qabristonlarda yer osti suvi sathi ko‘tarilmoqda. Bu holatlarni ularga aytsak, kulimsirab «o‘lgandan keyin nima farqi bor, yerda yotdi nima-yu suvda yotdi nima?» deb mazax qilishadi.

Rahbarlarning masofa 300 metr bo‘lsa bo‘ldi, deb qaror chiqarib berishi oson. Lekin tasavvur qilishsin, o‘shalar o‘z uylaridan 300 metr narida cheksiz suvi oqmaydigan, pashsha chivin yig‘ilib turadigan, ko‘lansa hidlar kelib turadigan joy bo‘lsa, o‘zlari yasharmidi?» — deyiladi murojaatda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring