Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim «hayfsan» oldi

Hokim «hayfsan» oldi

Buxoro viloyati, Kogon shahar hokimi Hayot Davlatov 2021 yilning 3 mart kuni xalq deputatlari Kogon shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida lavozimga tayinlangan edi.

Tayinlovdan 11 oy o‘tgach, Kogon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot berganda, xaroba uylar o‘rnida ko‘p qavatli turar joylar qurish uchun prezidentdan pul so‘rashini bildirgan. «Xaroba uylar o‘rnida ko‘p qavatli turar joylar qurish uchun prezidentdan pul so‘rayman», – degandi.

Xuddi shu hisobot davomida Kogon shahri hokimi Hayot Davlatov tartib-qoidaga zid bo‘lsa-da, xizmat avtomashinasiga sirena o‘rnatganini bildirgandi. Hokim o‘z so‘ziga: «Tunda hudud ko‘chalari bo‘ylab yurganda buning foydasi tegadi. Chunki aksariyat jinoyatlar odatda tunda sodir etiladi. Sirena tovushi qabih niyatli kishini hushyor torttiradi, es-hushini yig‘ib olishga undaydi», – deya izoh bergandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, tartib-qoidaga zid xatti-harakatda bo‘lgan Kogon shahar hokimiga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan chora qo‘llanilgan.

Buxoro viloyati axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 11 mart kuni ham hokim «hayfsan» olgan. 

Ma’lum qilinishicha, Hayot Davlatov mahalla obodligini ta’minlash, shu jumladan, «Obod mahalla», «Obod ko‘cha», «Obod xonadon» mezonlarini joriy etishda aholining faol ishtiroki va mas’uliyatini oshirish, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlari, aholi xonadonlarida  erta bahorgi ekinlarni ekish ishlarini tashkil etish, hashar uyushtirish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda jiddiy kamchilik va qoloqliklarga yo‘l qo‘ygan.

Buning uchun Kogon shahar hokimi Hayot Davlatovga nisbatan viloyat hokimining tegishli farmoyishiga asosan, «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Ma’lumot o‘rnida: Hayot Davlatov 1979 yilda Peshku tumanida tug‘ilgan, 1999 yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006 yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi menejment, iqtisodchi.

U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investitsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i,  viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlab kelgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring