Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hojatbaror

Hojatbaror

Do‘xtir qabulidan chiqqach, uning gapini eslab kulib qo‘ydim. Endi kap-katta odam tongda turib, velosiped minib yursa-ya. Oyoq, qo‘l va bel muskullaridagi og‘riqqa davo emish. Topgan gapini qarang. Uyga kirib kelar ekanman, o‘g‘limning velosipedi diqqatimni tortdi. «Yo‘q, uni mina olmayman», — dedim o‘zimga-o‘zim. Lekin tuni bilan og‘riqdan ingrab chiqdim. Televizorda reklama qilishayotgan dori-darmonlar ham kor qilmasa, tabibu xo‘jalarning kuf-suflari ham og‘riqni aritmasa, nima qilishim kerak!

—Do‘xtir ham yetti yil o‘qigan, bir narsani bilmasa aytadimi? – dedi ayolim. – Erta tongda velosipedni minib, qo‘shni qishloqqa borib keling, nima qipti, bilganlar sport bilan shug‘ullanayapti deydi.

— Bilmaganlar-chi? — deyman unga.

— Bilmaganlar, endi, shu mashinasi boru benzinni tejab yuribdi deydi-da.

— Og‘riq rosa zabtiga olayapti, kel, shu velosipedni minsam minay, — deya ulovning rulini tutdim. Keyin sekin darvozadan chiqib ketayotgandim, ayolim to‘xtatdi.

— Shundoq ham qo‘shni qishloqqa borasiz, bahonada manovi baklashkadagi sutni singlingiznikiga berib keling, «bolamning mazasi yo‘q» degan edi...

— Endi kap-katta odam sut ko‘tarib yuramanmi?

— Nima qipti, yelim xaltachaga solib beraman, velosiped ruliga ilib olasiz, shuyam muammomi?

— Ko‘ndirding, il sutni, mayli, olib boraman, — dedimu yo‘lga otlandim.

Dastlab velosiped pedalini bossam tizzalarim zirqilladi, belim, qo‘lim shunday lo‘q-lo‘q qilib og‘ridiki, bir xayolim ortga qaytmoqchi ham bo‘ldim. Qaytsam, sut nima bo‘ladi, ayolim singlimga «sotka»dan allaqachon borayotganimni yetkazib bo‘lgan. Shuning uchun qanchalik qiyin bo‘lsa-da, yo‘limda davom etdim. Mashinada bilinmas ekan, qo‘shni qishloq velosipedda ancha yo‘l ekan. Rosa ter to‘kishga to‘g‘ri keldi. Pishnab qoldim, yuzimni sovuq ter bosdi. Ammo ortga qaytmadim. Manzilga esa yetay demasdim. O‘zi «Sport» kanalida velopoygani ko‘rganimda ortda qolganlarning ustidan kulardim. Agar men ham ular safida bo‘lsam... Shu xayolga borganimda o‘zimdan-o‘zim uyalib ketdim.

Nihoyat besh kilometrlik masofani o‘g‘limning eski velosipedida bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim. Singlim kutib turgan ekan.

— Aka, juda qiynalibsiz, buning ustiga velosiped ham eski ekan, — deya meni bag‘riga bosdi.

— O‘g‘ling yaxshimi, tezroq bu sutni ichir, — dedim o‘zimni katta ishni do‘ndirganday tutib.

— Aka, — dedi singlim qo‘lidagi tugunni tutqazib, — manovi qand-qursni yangamga berib qo‘yasiz, tongda turib non yopuvdim, ikkitagina o‘rab soldim...

— Qo‘y, sutni senga shularni beradi deb olib kelganim yo‘q-ku, — deya sal jahlim chiqdi. Endi tong oqara boshlaganda qishloqqa tugun ko‘tarib borishga uyalayotgan edim-da.

— Akajon, xalqimizda manzirat degan ulug‘ qadriyatlar bor, — deya u menga tushuntira boshladi. – Qolaversa «ol tovog‘im, ber tovog‘im» degan maqol ham bor.

Shu tariqa velosiped ruliga tugunni osib, ortga ravona bo‘ldim. «Velosiped haydaganim shu bo‘lsin» deya pishnab uyga kirib keldim.

— Mana olib qo‘y, «ol tovog‘im, ber tovog‘im» deganlariday, — zarda qildim ayolimga. – Velosipedga oyog‘imni oshirganim shu bo‘lsin!

Ishga mashinamda ketdim. Bir zumda manzilga yetasiz, «avtomobilni chiqarganlarning otasiga rahmat» deb qo‘ydim ichimda. Kechqurun ishdan horib kelib, uxlab qolibman. Tunda bezovta bo‘lmadim. Ertalab yengil uyg‘ondim. O‘zimga o‘zim «Iya, bu bel, qo‘l, oyoq og‘rig‘i tunda bezovta qilmadi-ku. Bu deyman, do‘xtirning gapi rost chiqayapti, velosiped deganlari aptekadagi dori-darmonu televizorning reklamalaridan ham zo‘r ekan. Buniyam o‘ylab topganlarga rahmat», — deya velosipedga yaqinlashdim. Darvoza yonida qo‘shni kampir kutib o‘tirgan ekan. Onaxonning qo‘lida katta bir tugun. Meni ko‘rib, o‘rnidan turdi:

— Shu deyman, sen har kuni qo‘shni qishloqqa borib kelar ekansan, mana shu yeguliklarni qizimnikiga berib o‘t, iltimos. Shu kuyovim hech odam bo‘lmadi-da. Ichgani ichgan. Ro‘zg‘orini o‘ylamaydi. Qizim boyaqish uch bolasini boqishga qiynalayapti. Buning ustiga go‘rda chirigur kuyovim qizimni uradi, bolalar nafaqasini tortib oladi.

Kampirning qiziga rahmim keldi. Ancha og‘ir tugunni velosiped bagajiga joyladim. Endi ketaman deb turganimda bir otaxon to‘xtatdi:

— Qo‘shni qishloqqa borayapsan-a, o‘g‘lim Shokirjonga bir qarz gapni aytib qo‘y, onasi kasal bo‘lib yotibdi, sira qorasini ko‘rsatmaydi. Iltimos, shu gapni yetkazib qo‘y, baraka top, bolam...

Velosipedni haydab borayapmanu o‘zimni pochtachiga qiyoslayman. Hozir kampirning qiziga oziq-ovqatni beraman, cholning Shokir degan o‘g‘lini topib, onasi kasal ekanini yetkazaman va ortga qaytaman. O‘zim esa juda xursand edim. Og‘riqlarim bosilgan, velosipedni xuddi o‘sha velopoygachilar kabi shiddat bilan haydayotgan edim. Qo‘shni qishloqda meni ajabtovur savdolar kutib turganini hali bilmasdim. Yumushlarni uddalab, velosipedni ortga burganimda rulini bir yigit ushladi:

— Hojatbaror odam ekansiz, rahmat sizga, qishlog‘ingizdagi Manzura momoni taniysiz, to‘g‘rimi?

— Taniyman.

— Onaxonga «o‘g‘lingiz aytdi» desangiz, pensiyasini berib yuboradi. Pensiyani bugun oladi, ertaga tongda menga yetkazsangiz, iltimos sizdan. Yaxshilik yerda qolmaydi. Ha, aytmoqchi, o‘zim borsam bo‘ladi, lekin yuzim chidamaydi-da. Bilasiz, onamdan pul so‘rashga uyalaman. Sizning yo‘rig‘ingiz boshqa. Kelishdikmi?

Bu yigit gaplarini eshitgunimcha velosiped ruli, bagaji yuk bilan to‘libdi. Uni yuklaganlar «boravering, o‘zlari uyingizdan olib ketishadi» deya qo‘l silkib qolishdi. Shu tariqa ikki qishloq o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirib turadigan hojatbarorga aylandim. Nima qipti, yaxshilikning katta-kichigi yo‘q-ku. Muhimi, oyoq, qo‘l va bel og‘rig‘idan xalos bo‘lib, o‘zimni bardam seza boshladim.

Faxriddin Bozorov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring