Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘lim yomg‘iri. Hindistonda 3 million kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi

«O‘lim yomg‘iri. Hindistonda 3 million kishi uyini tark etishga majbur bo‘ldi

Foto: «Segodnya»

Hindiston shimoli va shimoli-sharqida musson yomg‘irlari kuchli suv toshqinlariga sabab bo‘lmoqda. «Regnum» yozishicha, Assam shtatida yuz bergan kuchli suv toshqinlaridan 25 okrugda yashovchi 1,4 million kishi jabr ko‘rdi. Mahalliy hokimiyat jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish uchun 62 ta lager tashkil qildi.

«Suv bosishi oqibatida shtatda joylashgan 25 ta okrug va 2 217 ta qishloq talafot ko‘rdi. Jami 1,4 million kishi jabrlangan. Jabrlanganlar uchun lagerlardan tashqari yordamni taqsimlovchi 172 ta markaz tashkil etildi», — dedi mahalliy hokimiyat vakili Kumar Sanjay Krishna.

Hindistonning «Jagran» agentligi xabariga ko‘ra, Brahmaputra daryosi qirg‘oqlaridan toshib chiqishi oqibatida ayni paytda shtatdagi 180 ta qishloq suv ostida qolmoqda. Mahalliy aholi esa hokimiyat o‘z vaqtida va yetarlicha yordam ko‘rsata olmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Mintaqadagi yo‘l va ko‘priklarga,  katta maydonlardagi ekinzorlarga jiddiy zarar yetgan. Ichimlik suvi yetishmovchiligi ham ayni paytda eng katta muammolardan biri bo‘lib turibdi.

«Interfaks» xabariga ko‘ra, musson yomg‘irlari oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari sababli Hindiston shimoli va shimoli-sharqida yashovchi 3 milliondan ortiq inson uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

«BBC» xabarida musson yomg‘irlari sababli yuzaga kelgan toshqinlardan 130 dan ziyod inson halok bo‘lgani aytiladi. 

Ma’lumot uchun: musson mavsumi iyundan sentyabrgacha davom etadi. O‘tgan yili shu mavsumda 1 200 dan ortiq odam halok bo‘lgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring