Hindistonlik vrachlar Narpayda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021-yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Hindistonning «Taj Med Healthcare» kompaniyasi homiyligida Samarqand viloyatining chekka tumanlarida hindistonlik malakali vrachlar tomonidan aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Bugun uchinchi kundirki, hindistonlik doktor Prabal Roy (laporoskopik xirurgiya, kolorektal va endovaskulyar xirurgiya), doktor Yuvraj Kumar (ortopedik va bo‘g‘imlar xirurgiyasi), doktor Manish Choudxari (endomologiya, buyrak transplantatsiyasi, uroonkologiya) kabi vrachlar tibbiy ko‘rikdan tashqari turli jarrohlik yo‘nalishlarida mahorat darslari va amaliyotlarini ham o‘tkazishmoqda. Har kuni Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlaridan taklif etilgan o‘rtacha yuzta bemor ko‘rikdan o‘tkazilayapti va ularga kerakli maslahatlar berilmoqda. Ayrimlariga Narpay tuman markaziy shifoxonasining o‘zida, ayrimlariga Samarqand va Toshkent shahridagi klinikalarda hindistonlik vrachlar ishtirokida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyoti tayin qilinmoqda.

− Shifoxonamiz 350 o‘rinli bo‘lib, zamonaviy usulda qurilgan va bemorlarni davolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘zimizda ham jarrohlik amaliyotlarini bajara olamiz, ammo keyingi yillarda aholi o‘rtasida o‘z salomatligini tiklash uchun Hindiston, Isroil, Ukraina kabi davlatlarga borishni istaydiganlar ko‘payib borayotgani, ammo ularga borib-kelishning o‘zi katta mablag‘ talab qilishini hisobga olib, hind mutaxassislarini chaqirishga qaror qildik, − deydi Narpay tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Lutfilloh Mahmanov. – Ammo maqsadimiz faqatgina aholini ularning ko‘rigidan o‘tkazish va tavsiyalar olish emas. Kelajakda ular bilan aniq amaliy ishlar qilishni kelishib olganmiz. Xususan, birlashmamiz qoshida hind vrachlari faoliyat yuritadigan bo‘lim ochamiz. Birinchi qadam ham qo‘yildi, shifoxonamiz qoshida hindistonlik mutaxassislar ishlaydigan dializ apparatlari o‘rnatiladigan bo‘ldi.

O‘zlariga ajratib berilgan xonalarda yurtdoshlarimizni qabul qilayotgan hindistonlik vrachlar ishi bilan tanishdik. Doktor Yuvraj Kumar tizzasi og‘riyotgan bir ayolni ko‘rikdan o‘tkazayotgan ekan. Unga kerakli tavsiyalarni berib bo‘lgach, savollarimga javob berdi:
− Men Faridoboddagi markaziy shifoxonaning ortopedik bo‘limi boshlig‘iman va bo‘limda oyiga o‘rtacha yuzta jarrohlik amaliyotini amalga oshiraman. O‘zbekistonga taklif qilishganidan xursandman va qo‘limdan kelguncha yurtoshlaringiz dardiga darmon bo‘lishga harakat qilaman. Bu yerda ham ko‘p kasallarni qarab, kerakli tavsiyalarni berayapman. Menga murojaat qilayotgan kishilar orasida oyoq, bel va bo‘ksasida og‘riqlar bo‘lgan bemorlar ko‘proq ekan. Albatta, hozir bunday bemorlar butun dunyoda ko‘p. Bu xastaliklar yosh bilan va ko‘proq ortiqcha vazn bilan bog‘liq. Bir nechta kasalni Samarqandda, Toshkentda jarrohlik yo‘li bilan davolashga qaror qildik. Masalan, hozirgina qabulimdan chiqqan onaxonning chap tizzasiga Toshkentda jarrohlik yo‘li bilan sun’iy «ko‘z» qo‘yilgan, ammo yana og‘riyotganidan shikoyat qildi. Bu onaxonning tizzasini shu yerning o‘zida operatsiya qilib, og‘riqlarini bartaraf qilamiz.

Murakkabroq jarrohlik amaliyoti talab qilinadigan bemorlarni Hindistonda davolash yuzasidan kelishuvlarni amalga oshirayotgan mutaxassis Nina Agarval bilan ham suhbatlashdik:
− O‘zbekistonda amalga oshirib bo‘lmaydigan jarrohlik amaliyotlarini, shuningdek, bizda davolanishni istaydigan bemorlarni Hindistonga taklif qilayapmiz, ularga kerakli hujjatlarni tayyorlashda tavsiyalar berayapmiz. Hindistonda davolanish istagida bo‘lgan yurtdoshlaringizga qo‘limizdan kelguncha yengilliklar yaratishga harakat qilmoqdamiz.
Hindistonlik vrachlar ko‘rigiga kelgan bir qancha yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdik.
− Ortopedga ko‘rinish uchun keldim, − dedi narpaylik Dildora Inoyatova. – O‘zimizning poliknikadagi vrachimiz tavsiya qildi. Ko‘ramiz, hind vrachlari menga qanaqa tavsiyalar berishar ekan.
− O‘zim hamshira edim, hozir pensiyadaman, − deydi Gulbahor Xudoyqulova. – Buyragim og‘riydi. Hindistonlik vrachlar aynan buyrak kasalliklarini davolashda juda mohir deb eshitgandim, shuning uchun urolog vrachga uchrashib, maslahat olmoqchiman.

− O‘g‘lim Dilbek 11 oylik, oyog‘ida tug‘ma chiqish bor, oyog‘idagi moslamani uch oyligida qo‘yishgan edi, − deydi Dilnavoz Hasanova. – Hindistondan malakali ortoped kelganini eshitib, maslahatini olgani keldim. O‘g‘limni ko‘rib, muolaja qilishsa, nafi tegar degan umiddaman.
Hindistonlik vrachlar o‘z faoliyatini davom ettirishmoqda.
Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter