Hindistonda tabiiy ofat qurbonlari soni borgan sari ko‘paymoqda
Hindiston shimolidagi Uttarakxand shtatida kuchli yomg‘ir sabab kelib chiqqan kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilar tufayli kamida 76 kishi halok bo‘ldi, 14 kishi bedarak yo‘qoldi, deya ma’lum qildi shtat politsiyasi boshlig‘i Ashok Kumar.
«Halok bo‘lgan 76 kishidan 59 nafari Kumaon va 17 nafari Garxval viloyatida joylashgan. Bedarak ketgan 14 kishidan olti nafarini yo suv oqizib ketgan, yoki vayronalar ostida tiriklayin ko‘milib qolgan», — dedi u matbuot anjumanida.
Shuningdek, Himoloy tog‘lari etagidagi shaharlarga sayrga chiqqan sakkiz nafar sayyoh ham bedarak yo‘qolgan.
Kumar, shuningdek, davom etayotgan qutqaruv operatsiyasi davomida politsiya eng ko‘p zarar ko‘rgan Kumaondan 48 ming va Garvaldan 500 kishini evakuatsiya qilganini ta’kidladi.
Shtatga yopirilgan kuchli yomg‘ir ko‘chkilar va toshqinlarni keltirib chiqardi, bir qancha aholi punktlari bilan aloqa uzildi. Shu tariqa, Naynital kurort shahri, shuningdek, Himoloy tog‘ etaklarida joylashgan Kaladxungi, Xaldvani va Bxavali shaharlari bilan aloqa butunlay uzilib qoldi. Hindiston meteorologlari kelgusi bir necha kun davomida kuchli yog‘ingarchilik davom etishi haqida ogohlantirdi va aholiga xavfsizlik nuqtai nazaridan uylarini tark etmaslikni maslahat berdi.
Avvalroq, davlat rahbari Pushkar Singx Dxami shtat hokimiyati qurbonlarning oilalariga 400 ming rupiy (5,3 ming dollar), uy-oyidan ayrilganlarga 190 ming rupiy (2,5 ming dollar) miqdorida tovon to‘lashini ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter