Hindistonda radikallar boburiy hukmdor maqbarasini buzishni talab qilmoqda

Hindistonning Maharashtra shtati Nagpur shahrida komendantlik soati joriy etildi. AP axborot agentligi xabar berishicha, favqulodda holat e’lon qilinishiga hindu millatchilarining boburiy hukmdor Avrangzebning maqbarasini buzib tashlash talabini qo‘ygani va buning ortidan to‘qnashuvlar kelib chiqqani sabab bo‘lgan.
Maharashtra shtati rahbari Devendra Fadnavisga ko‘ra, islomiy ashyolar yoqib yuborilgani haqida ovoza tarqalgach, o‘zaro to‘qnashuvlar ro‘y bergan. Hindu radikallari Qur’oni karimni yoqib yuborgani aytilmoqda.
Hindular va musulmonlar o‘rtasida to‘qnashuvlarda 30 dan ziyod politsiyachi va besh fuqaro jabrlangan, bir necha avtomobil va uylar shikastlangan. Kamida 50 kishi hibsga olingan.
Podshoh Avrangzebning maqbarasi Nagpur shahridan 500 km masofadagi Chatrapati Sambxadji Nagar shahrida joylashgan. Ilgari ushbu shahar boburiy hukmdor sharafiga Avrangobod deb atalgan.

Avrangzeb boburiylar davlatini salkam ellik yil boshqargan.
Hindu millatchi guruhlari podshoh Avrangzebni XVII asrda hindularni ta’qib qilishda ayblab keladi. Ayni choqda, ayrim tarixchilar bu ayblovni mubolag‘a deb hisoblaydilar.
So‘nggi yillarda Hindistonda Avrangzebga nisbatan salbiy munosabat yanada kuchaygan. Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi ham avvalroq Avrangzebni hindularni ta’qib qilishda ayblagan.
Ayniqsa, hindu jangchisining Avrangzebga qarshi kurashi hikoya qilingan “Chhaava” filmi chiqqanidan keyin taranglik yanad ortgan. Tanqidchilarga ko‘ra, film mualliflari diniy nizo qo‘zg‘alishiga sabab bo‘lmoqda.
Avrangzeb (to‘liq ismi – Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb Olamgir) mashhur boburiy podshoh Shohjahonning o‘g‘li bo‘lib, 1658-1707 yillarda hukmronlik qilgan. Uning salkam ellik yillik boshqaruvi davrida boburiylar davlati qudrat cho‘qqisiga chiqqani aytiladi.
Avrangzeb 1707-yilda 89 yoshida Ahmadobod shahrida vafot etadi. Manbalarga ko‘ra, u hayoti davomida juda taqvoli bo‘lganidan o‘limi arafasida yaqinlariga o‘zini musulmonlarning eng yaqin qabristoniga olib borib ko‘mishlari, bu borada haddan oshmay, kafaniga ketadigan sarf-xarajatlarni besh rupiyadan ziyoda qilmaslikni vasiyat qiladi.
“Iqtidorli sarkarda, tadbirli rahbar, boshqaruvning miridan-sirigacha yaxshi biluvchi bu hukmdor ayni paytda qattiqqo‘l ham edi. U ayniqsa shariat talablariga qat’iy rioya etilishini talab qilar, bu borada murosaga borishni aslo istamas edi. Yoshligidan kamtar, hashamlardan uzoqda yashashga o‘rgangan Avrangzeb taxtga o‘tirganidan boshlab to umrining oxirigacha bu odatini tark etmadi. U sharob ichmas, mol go‘shti yemas, faqat suv va kambag‘al kishilar yeydigan arpa noni bilan kifoyalanardi. U quruq yerda uxlar, oddiy kiyinar, ko‘pincha ro‘za tutib yurar edi. Tarixchilar uning saroyida qimmatbaho oltin va kumush idishlar mutlaqo bo‘lmaganini yozishadi. Hukmdor axloq masalasida o‘ta murosasiz bo‘lib, irodasi kuchli bo‘lgani uchun hech qachon o‘z a’yonlari va malikalarning ta’siriga berilmasdi. Xarajat qilishda o‘ta tejamkor, hatto xasis bo‘lgan Avrangzeb saxiylarcha sadaqa-ehson ulashar, o‘z janglarini e’tiqod uchun urushga aylantirgan edi”, – deya hikoya qiladi ushbu tojdor haqida kitob yozgan adib Ahmad Muhammad.
Hindiston matbuotida Avrangzeb haqida chop etilgan tanqidiy ruhdagi maqolalarda ham u hashamatdan xoli, zohidona hayot kechirgani, kundalik ehtiyojlari uchun kerak bo‘lgan mablag‘ni qo‘l mehnati bilan topgani e’tirof etilgan.
Hindistonda hindu va musulmon diniy jamoalari o‘rtasida ziddiyat ancha yillardan beri mavjud. Inson huquqlari himoyachilari ta’kidicha, bu ziddiyat bosh vazir Narendra Modining keskin siyosati davrida yanada kuchaygan.
Jumladan, Amnesty International xalqaro tashkiloti ham Hindistonda aksilmusulmon kayfiyat kuchayayotgani haqida bong urgandi.
Bir necha yil avval N.Modining Ayodhiya shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan bog‘liq ko‘hna masjid o‘rnida hindu ibodatxonasi qurish qarori ham bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter