Hindiston elchisi: «O‘zbekiston «ayti» yo‘nalishida ulkan muvaffaqiyatlarga erishishga qodir»(video)
– Assalom alaykum! Xabar.uz tahririyati xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakillari bilan maxsus intervyularini davom ettiradi. Bugungi mehmonimiz Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Manish Prabhat!
– Xayrli kun, janob elchi! Sizni Xabar.uz’da ko‘rganimizdan xursandmiz. Janob elchi, intervyuni bir qiziq savol bilan boshlamoqchiman. Hindiston deganda ko‘z oldimga muhabbat o‘lkasi keladi. Hindiston haqiqatdan ham muhabbat mamlakatimi?
– Avvalo, Xabar.uz o‘quvchilariga salomatlik tilamoqchiman. Bu saytingiz va o‘quvchilaringiz bilan suhbatlashish uchun menga ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Muhabbat va Hindiston haqida juda yaxshi savol berdingiz. Hind filmlarini ko‘rsangiz, sevgi yoki hind tilida «Muhabbat» deb ataydigan tuyg‘u ko‘p tarannum etiladi. Muhabbat insonning hayot yo‘lini belgilashi kerak, nazarimda. Bilasizmi, bu ikki insonning o‘zaro munosabati bo‘lishi mumkin yoki oilamizga, jamiyatimizga va dunyomizga muhabbat bo‘lishi mumkin. Sevgi bu sayyoradagi hamma narsaga bo‘lgan yaxshi his-tuyg‘ularimizdir. Sanskritchada «Vasudhaiva Kutumbakam», ya’ni «dunyo bitta oila» deymiz. Shuning uchun muhabbat ona va bola, ikki sevishgan va boshqalar haqida turli tushunchalarga kelishingiz mumkin. Muhabbat bizning hayotimiz va mavjudligimizni belgilaydi. Men ham bunga barcha hindlar kabi ishonaman.
– Asosiy savollarga o‘tsam. Hindiston ko‘p millatli davlatdir. O‘zbekistonda ham xuddi shunday. Janob elchi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlar haqida nima deya olasiz?
– Hindiston va O‘zbekiston ko‘p millatli davlatlar. Hindistonda 20 dan ortiq milliy tillar borligi ko‘pchilikni hayron qoldirsa kerak. O‘zbekiston va Hindistonda o‘z tillariga ega bo‘lgan ko‘plab etnik elatlar bor bo‘lsa-da, davlatlarimizning konstitutsiyalari barcha fuqarolariga teng huquqlar beradi. Mamlakatingiz fuqarolarining mushtarak maqsadi O‘zbekistonning gullab-yashnashiga qaratilgan. Xuddi shunday Hindistonda ham turli etnik guruhlar, diniy jamoalar, har xil til vakillari, jinslar va hokazolar asosida hech qanday tafovutlar bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan. Sizning va bizning mamlakatimiz erkinlikni kafolatlaydigan demokratik mamlakatlar sirasiga kiradi. Hamma uchun tenglik va hurmat ̶ bu yagona omil bo‘lib, O‘zbekiston uchun ham, Hindiston uchun ham kuchli nuqtadir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi farqlarga kelsak, demoqchimanki, O‘zbekiston buyuk sivilizatsiya, Hindiston ham buyuk sivilizatsiya. Bizning o‘ziga xos tariximiz bor. Biz tarixan ham bog‘langanmiz. Shunday qilib, farqlar, o‘xshashliklar ko‘p, lekin oxir-oqibat, biz yaxshi do‘st mamlakatlarmiz.
– Sizning Moskva, Yerevan, Vashington, Milan va Parijdagi mehnat faoliyatingizdan xabardormiz. Toshkent siyosiy va iqtisodiy jihatdan yuqoridagi shaharlardan farq qiladi. Toshkentda elchi sifatida ish boshlaganingizda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
– Diplomatik faoliyatim juda qiziqarli. Men Toshkentdaman va elchi sifatida xorij davlatidagi birinchi lavozimim. Albatta, bu menga katta mas’uliyat yuklaydi, zero O‘zbekistonda o‘z vatanimning yuzini ko‘rsataman. Ko‘rinishidan bu unchalik qiyin ko‘rinmasligi mumkin, ammo men o‘zaro yaxshi aloqalarimizni yana bir bosqichga ko‘tarishni istayman. O‘zbekiston va Hindiston strategik sheriklardir. Mamlakatimiz rahbarlari bizga Hindiston va O‘zbekiston har sohada yaqin sherik bo‘lishlari uchun barcha ishlarni amalga oshirish bo‘yicha juda aniq topshiriq berganligini qayd etmoqchiman. Ikki davlat rasmiylari va ikki davlat xalqlari mamlakatlarimizni bir-biriga yaqinlashtirish uchun har tomonlama harakat qilmoqda. Shunday ekan, bu mening kundalik vazifam, deb hisoblash mumkin. Hindiston uchun ham, O‘zbekiston uchun ham foydali loyihalar ustida ishlashimizni istayman. Mushtarak maqsadlarimiz yo‘lida mehnat qilishdan charchamayman.
– Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, siz tarixchisiz. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, barcha siyosiy va tarixiy jarayonlarni kuzatib borasiz. O‘zbekistonning Mirziyoyev davri bilan birinchi hukumat davri o‘rtasida qanday farqlar bor?
– Tarix fanidan ta’lim olganman va uni juda yaqindan o‘rganganman, deyishim mumkin. Siz bugungi kunimiz haqida savol berdingiz. Rostini aytsam, men birinchi prezident davrida O‘zbekiston haqida keng tassavvurlarga ega emas edim. Lekin shuni bilamanki, Hindiston va O‘zbekiston doim yaxshi do‘st bo‘lgan. Prezident Islom Karimov bir necha marotaba Hindistonga tashrif buyurgan. 2011 yilda Islom Karimovning tashrifi chog‘ida Hindiston va O‘zbekiston strategik sheriklarga aylanganidan xabaringiz bor. Demak, bu juda muhim yutuq edi. Prezident Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev davrida, biz mamnuniyat bilan aytishimiz mumkinki, O‘zbekistonning Hindiston bilan do‘stlik siyosati yanada yaxshilandi va an’ana davom ettirildi. Shavkat Mirziyoyev 2018 va 2019 yillarda Hindistonga ikkita tashrifni amalga oshirdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikning o‘sishi, siyosiy, iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar ta’lim va boshqa sohalardagi muvaffaqiyatli aloqalarni alohida qayd etishimiz mumkin. O‘ylaymanki, bunga Prezident Mirziyoyevning O‘zbekistonni yaqin tashqi siyosat uchun xorijiy sarmoyalarga ochishi va isloh qilish bo‘yicha qarashlari ko‘proq yordam bermoqda. Mirziyoyev O‘zbekistonda demokratik, saylovlar, sud-huquq, ommaviy axborot vositalari islohotlari o‘tkazish orqali tom ma’noda mamlakatni zamonaviy davlatga aylantirishga katta hissa qo‘shmoqda. O‘zbekiston bugun maqsadlar sari g‘oyat qat’iyat bilan olg‘a bormoqda. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqin do‘stlik tufayli ushbu islohotlar davrida bu munosabatlarning rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuning uchun men bundan xursandman.
– O‘zbekiston ochiqlik va oshkoralik yo‘lidagi «Yangi O‘zbekiston»ga aylanishni istaydi. Sizningcha, «Yangi O‘zbekiston» qanday bo‘lishi kerak?
– Bu O‘zbekistonning kelajagi bilan bog‘liq bo‘lgan juda muhim savol. Prezident Mirziyoyev oldiga qo‘ygan maqsadlarini gapirayotganida yangi O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari bilan bo‘lishadi. Menimcha, birinchi navbatda, O‘zbekiston yoshlari o‘zlarini buyuk o‘zbek tamaddunining vorislari ekanliklarini g‘urur bilan his qilishlari kerak. Ikkinchidan, yoshlar savodxon, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi va bugungi kundagi muammolarini aniq tushunishi kerak. O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini sanoatlashtirish bilan bog‘liq har qanday muammo yetuk kadrlar bilan yechiladi. Bilasizmi, har bir sohada O‘zbekiston jamiyati juda yaxlit va kuchli bo‘lib, chaqiriqlarga javob berishga, har qanday tashqi xavflarga qarshi turishga tayyor davlat bo‘lishi kerak. Yosh avlod esa ertaga O‘zbekistonning yetakchilari bo‘lishadi. Shunday ekan, bizga juda yaxshi bilimga ega AKT kadrlar, robototexnika, sun’iy intellekt bo‘yicha zamonaviy ko‘nikmalarga ega ma’rifatli yoshlar kerak. Bilim va tafakkurning chegarasi yo‘q. Bilim va tafakkurga chulg‘angan O‘zbekiston, o‘ylashimcha, hamma ko‘rishni xohlagan yangi O‘zbekistondir.
– Hindiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning o‘rni qanday? O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi bo‘la oladimi?
– O‘zbekiston va Hindiston tarixan chuqur bog‘langan. Yodingizda bo‘lsa, Hindiston bosh vaziri Shri Narendra Modi 2015 yil iyul oyida Markaziy Osiyoning barcha beshta davlatiga ketma-ket tashrif buyurgan va o‘z tariximizda yangi aloqalar sahifasini ochgan edi. Hindistonning Markaziy Osiyo bilan tashqi siyosati aynan O‘zbekiston ilgari surgan «5+1» tashqi ishlar vazirlari darajasida o‘zaro ko‘rinadi. 2019 yil yanvar oyida Samarqandda «5+1» yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Shundan so‘ng Dehlida keyingi uchrashuvlar o‘tkazildi. Kelajakda uchrashuv manzillari o‘zgarib boradi. O‘zbekiston Hindiston bilan faol aloqalar taklif qilish uchun mintaqada yetakchi rolni o‘z zimmasiga oldi. Markaziy Osiyo yaqin aloqalarga ega bo‘lishi kerak. Bu 2022 yilning yanvar oyida onlayn tarzda o‘tkazilgan Hindiston tarixidagi birinchi Markaziy Osiyo sammitida ko‘zga tashlandi. Albatta, Dehli Markaziy Osiyoning 5 davlati prezidentlarini qabul qilishga tayyor edi, ammo pandemiya holati tufayli bu amalga oshmadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari o‘z nutqida Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasida juda yaqin aloqalar o‘rnatilishiga chaqirdi. Zero, Hindiston va Markaziy Osiyo bir-biridan o‘rganishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p jihatlar bor. Shuni aytishim kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Buni yetarlicha jabhalarda ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston tinch va barqaror. Bundan tashqari, barcha qo‘shnilari bilan juda qattiq aloqada. Do‘stlik va hamkorlik mintaqadagi barcha xalqlarga naqadar manfaat keltiradi. O‘zbekiston sizga ma’lum bo‘lgan terrorizm tahdidi, narkotrafik kabi masalalarga qarshi chiqdi. Mamlakatingiz yangi ma’rifatli yoshlar va ta’lim siyosatini olib bormoqda. 2020 yilda ilk bor BMT huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengashga a’zo bo‘ldi. Bu butun dunyo davlatingiz rahbarining yuksak fazilatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatdi. Dunyo O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor. Masalan, O‘zbekistonda bir qancha yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘ldik. 2021 yil iyul oyida Markaziy va Janubiy Osiyo aloqalari bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi. Yaqinda tarixda ilk bor Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkazildi. Unda 55 dan ortiq davlatdan 2000 nafar ga yaqin delegat qatnashdi. Bu esa butun dunyoning mamlakatingizga qiziqishini ko‘rsatadi. Shunday ekan, O‘zbekiston bugun yaxshi pozitsiya hosil qilgan, deb o‘ylayman.
– Hindiston azaldan ilm-ma’rifat markazi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda hindlar matematika, tibbiyot va axborot texnologiyalari sohasida hamon yetakchi o‘rinlarda. Mamlakatingiz ushbu sohalarda, xususan, AKT bo‘yicha qanday muvaffaqiyatlarga erishdi?
– Birinchidan, insoniyat taraqqiyoti falsafaga asoslanadi. Matematika haqida gapirganda, uning tafakkurda yangi bosqich ekanligini aytishimiz mumkin. Bir paytlar biz 0 ni Hindistonda ixtiro qilganmiz. Bu ham falsafiy tushuncha, lekin al-Xorazmiy uni yanada ommalashtirishda katta o‘rin tutdi. U bu tushunchani dastlab O‘zbekiston hududida, keyinchalik arab dunyosiga va bu orqali esa Yevropaga olib chiqdi. Shaxmat ham Hindistonda ixtiro qilingan. Siz shaxmat o‘ynar ekansiz, matematik fikrlash an’anasi borligini anglaysiz. Hindiston mustaqillikka erishgach, biz yoshlarimizni ilm-fan va texnologiya, matematika va boshqalarni eng yaxshi yo‘nalishlarga yo‘naltirishga harakat qildik. Garchi Hindiston uzoq yillar mustamlakachilik siyosatidan so‘ng rivojlanishda muammolariga duch kelgan bo‘lsa-da, bu umumiy maqsadlarimizga qarshilik qila olmasdi. Shuningdek, oliy ta’limga e’tibor qaratdik. Hind yoshlari Hindiston texnologiya institutlari kabi juda mashhur muassasalarga bora boshladi. Iqtisodiyotimizni qurishimiz uchun Hindiston boshqaruv institutlari mavjud edi. Yoshlar Hindistondagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olar ekan, biz fan va texnologiya, matematika va axborot texnologiyalariga e’tibor qaratdik. Hindiston iqtisodiyotini rivojlantirish fonida AQSh, Buyuk Britaniya yoki boshqa davlatlar AKT kadrlarini ishga qabul qilayotganini juda yaxshi tushunardi. Shunday qilib, biz shu sohada diqqatimizni jamladik. 90-yillarda globallashuv va raqamlashtirish yaqinlashayotgan bir davrda axborot texnologiyalari butun dunyomizni qamrab olib, kompyuter texnologiyalarini yaxshi biladigan odamlarga talab ortib ketdi. Ko‘p miqdorda kadr izlayotgan davlatlar oldida Hindistondan boshqa qaysi davlat bor edi? Bizda juda ko‘p tayyor muhandislar yetishtirilgan emasmidi? Menimcha, bu Hindistonning muvaffaqiyatiga aylandi. Chunki biz juda ko‘p ilmiy va texnologik kadrlar bazasiga ega edik. O‘z o‘rnida bu soha ham bizga katta muvaffaqiyatlar olib keldi. Hozir Hindiston dasturlash, kodlash sohasida ancha ilgarilab ketdi. Bularning barchasi G‘arbning ilg‘or davlatlaridan Hindistonga raqamli ravishda oqib kelayotgan ishlardan boshlangan. Biz texnologiya, AKT, aloqa markazlariga asos solganmiz. Uyali telefonlar paydo bo‘lishi bilan, axborot texnologiyalari imkoniyatlarini yanada ko‘paytirish Hindistonning «ayti» sohasida yaxshi asosini jadallashtirishga xizmat qildi. Biz mazkur sohalarda do‘stona hamkorlik bilan ishlashga harakat qilamiz. Bu bizga yangi sheriklar va hamkorlar olib kelishiga sabab bo‘ladi. Hamma davlatlar ta’limiga matematika va axborot texnologiyalari bo‘yicha fanlarning qo‘shilishi ushbu mintaqada foyda ko‘rishlariga sabab bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, Hindiston va O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish uchun juda yaxshi imkoniyatlarga ega.
– Janob elchi, AKT Hindistonning bugungi qiyofasimi? Nima uchun?
– Aytganimdek, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jarayonlarni yanada yaxshilash uchun har bir sohada ishlay oladigan ko‘plab kadrlarni talab etadi. Biz hamma narsani qog‘ozlar orqali qildik. Bugun bank sohasidan tortib eng oddiy ishlargacha texnologiya va axborot texnologiyalariga muhtojlik sezilmoqda. Elektr stansiyalaringizni qanday boshqarasiz, kommunal xizmatlarni qanday qurasiz, ommaviy axborot vositalarini qay tariqa kuzatasiz? Bularning barchasi axborot texnologiyasi bilan bog‘liq. Siz biror narsani raqamlashtirsangiz, ishlaringiz avvalgidan tezroq amalga oshadi. Bu oddiy elektron pochtadan juda ilg‘or hisoblashgacha davom etadi. Hindiston iqtisodiyotini juda tez raqamlashtirdi. Katta iqtisodiyot yanada samaraliroq bo‘ldi. O‘zbekiston bilan bu sohada hamkorlik qilganimiz ikkala tomonga ham ko‘proq foyda bermoqda. Hindistonda raqamli to‘lov tizimi mavjud bo‘lib, sizga naqd pul kerak emas. Hozir raqamli maydonda bir trilliondan ortiq tranzaksiyalar amalga oshirilmoqda. Agar raqamlashtirish sohasida o‘zgarishlar kengaysa, iqtisodiyot siljishi osonlashadi. Shuning uchun oldimizda nafaqat Hindistonda, balki O‘zbekistonda ham juda katta ishlar turibdi. Menimcha, O‘zbekiston bu sohada muvaffaqiyatga erishishga qodir. Hindiston bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor.
– O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida AKT sohasida qanday hamkorlik loyihalari ko‘rib chiqilmoqda?
– Axborot texnologiyalari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni istagan asosiy yo‘nalishlarimizdan biridir. O‘zbekiston hukumati axborot texnologiyalari, AKT startaplarini rivojlantirish siyosatini olib bormoqda. O‘zbekistonda 2019 yilda ochilgan birinchi «ayti» park ham buning boshlanishi edi. O‘zbekiston hukumati Hindistonning dasturiy texnologiyalari bo‘limidan mutaxassis olib kelganidan xabaringiz bor. Bu mutaxassis O‘zbekistonga kelgan. U O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda va hukumat tasarrufidagi loyihalar bilan ishlaydi. Uning texnik rahbarligida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib «ayti» park ochilgan. Hozirda Jizzax va Buxoroda «ayti» loyihalar ustida ishlamoqda. Shunday ekan axborot texnologiyalari sohasida juda katta ishlar ro‘yxati borligini tushunishimiz kerak. Haqiqatan ham, bilasizki, hind kompaniyalari raqamlashtirish ishlariga juda qiziqadi. Ular bu yerga kelishni va biznes imkoniyatlariga ega bo‘lishni xohlashadi. O‘zbekistonda yaxshi startaplar bor. Hindiston Shanxay hamkorlik tashkiloti platformasi ostida startap tanlovlari va ko‘rgazmalar o‘tkazib, ularda iqtidorli yoshlarni kashf etishga ko‘maklashadi. AKT sohasida yuqori ta’sirli loyihalar bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi bor. Bu soha biz kelajakda ishlamoqchi bo‘lgan loyihalardan biri. Hozircha memorandumni imzoladik. O‘zbekistonda biz ishlamoqchi bo‘lgan boshqa ko‘plab loyihalar mavjud. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida Hindistonning «ayti» kompaniyalari ham imkoniyatlar izlab kelishdi. Menimcha, biz «ayti» startaplari sohasida hamkorlik qilishimiz kerak. Hindistonlik axborot texnologiyalari bo‘yicha iste’dodli kadrlar O‘zbekistonda ishlashi mumkin, xuddi shunday mahalliy iste’dodli kadrlarning g‘oyalarini rag‘batlantirishimiz lozim. Bu sohada juda yaxshi imkoniyatlar bo‘lishiga umid qilaman.
– Janob elchi, ko‘plab univeritetlar, xususan, Amiti universiteti to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hindiston bilan hamkorlik qiladi? Aytingchi, ta’lim va tibbiyot bo‘yicha ham yangi tashabbuslar bormi?
– O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasidagi imkoniyatlar juda katta. Bu yoshlarning mutlaq ko‘pchiligi chet tillarini o‘rganishi kerak, deb ochiq aytish mumkin. Bu tashqi dunyo bilan bog‘lanish uchun juda muhimdir. Ikkinchidan, yoshlar ta’lim olishi uchun yaxshi sharoitga ega bo‘lishi joiz. O‘zbekistonda bir qancha universitetlar bor, shu bilan bir qatorda hozirda ko‘plab xorijiy universitetlar O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochishmoqda. Chunki O‘zbekiston yoshlari bilim olishga chanqoq. Yangi texnologiyalar sohasida ish bilan ta’minlash imkoniyatlari bilan bog‘laydigan yangi kurslarning rag‘batlantirilishi ham ajoyib. Amiti universiteti O‘zbekistondagi Hindistonning oliygohlaridan biri. Yana ikkita hind universiteti — Andijondagi Sharda universiteti va Jizzaxdagi Sambram universiteti ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Ko‘plab hind OTMlari O‘zbekistonda faoliyat yuritishni istashadi, chunki O‘zbekistonda barcha imkoniyatlar bor. Xorij universitetlari O‘zbekistonda kampuslar tashkil qilishlari kerak. Tibbiyot sohasida Hindiston juda rivojlangan. Hindiston tibbiyot mutaxassislarini va shifokorlarini tayyorlash bo‘yicha yaxshi ta’lim tizimiga ega. Hindiston aholisining ko‘pligi tufayli hind shifokorlari juda yaxshi klinik tajribaga ega bo‘lgan. Bir kunda shifokor juda ko‘p bemorlarni davolaydi. Bu, albatta, yaxshi tajriba. Bilamanki, ko‘plab o‘zbekistonliklar murakkab operatsiyalarga muhtoj bo‘lganlarida Hindistonga borishadi. Elchixonamiz ularga imkon qadar tezroq viza berishni istashadi. Hindiston Toshkentdan uch soatlik yo‘l. Tibbiy davolanishning har qanday murakkab turi Hindistonda mavjud va hamyonbop. Hind kasalxonalari va tibbiy yordam ko‘rsatish kompaniyalari o‘zbek hamkorlari bilan ishlamoqda. Yaqinda Samarqandda ochilgan shifoxonani misol qilib keltirishim mumkin. Samarqandda Hindiston va O‘zbekiston kompaniyasi hamkorligida Zarmed shifoxonasi ochildi. Shuning uchun, o‘ylaymanki, tibbiyot sohasida juda yaxshi imkoniyat bor. Shuningdek, hind va o‘zbekistonlik shifokorlar birgalikda ishlashlari, mashg‘ulotlar o‘tkazishlari mumkin. Biz O‘zbekistonga yangi turdagi hamshiralik amaliyoti, yangi texnologiya va yangi jihozlarni olib kirishimiz mumkin. Tibbiyot juda muhim soha bo‘lib, Hindiston va O‘zbekiston bugungi kunda ishlashi kerak bo‘lgan dolzarb yo‘nalishdir.
– Ayting-chi, Hindistonda Boburiylarga nisbatan munosabat qanday?
– Bobur O‘zbekiston kabi Hindiston tarixining ham juda muhim shaxsidir. Bilamizki, u Andijonda tug‘ilgan, keyingi voqealar uni Hindistonga boshlab kelgan. U Hindistonda 350 yildan ortiq hokimiyatda bo‘lgan buyuk Boburiylar sulolasini barpo etdi. Shunday ekan Bobur va Boburiylar Hindiston tarixining juda muhim qismidir. Bu haqiqatni inkor etib bo‘lmaydi. Hindistonda yangi siyosiy va madaniy tarix aynan shu davr bilan bog‘langandir. Bobur sababli ham Markaziy Osiyo va Hindiston madaniyati, arxitekturasi, musiqasi, she’riyati, taomlari va boshqa sohalarida ko‘plab o‘xshashliklarni uchratishingiz mumkin. Hindiston tarixining juda muhim davri edi, deb bemalol ayta olamiz. Albatta, tarix har doim dunyoning har bir burchagida bahsli bo‘lib kelgan. Ba’zi narsalarga salbiy munosabatdagi odamlar bo‘lgani kabi ijobiy munosabatdagilar ham bor. Biz tarixdan saboq olib harakat qilamiz. Aytmoqchimanki, vazifamiz tarixni xolis o‘rganish va undan to‘g‘ri saboq olishdir. Boburiylar tarixi bo‘yicha juda ko‘p tadqiqotlar olib borildi. Biz O‘zbekiston bilan birgalikda ko‘plab loyihalarni amalga oshiryapmiz. Tarixni chuqurroq o‘rganishimiz, ilmiy va xolisona yozishimiz uchun ko‘proq hamkorlik qilmoqchimiz. Shuni aytmoqchimanki, tarixda salbiy va ijobiy faktlar bor. Pirovardida, har qanday jihatdan ham Bobur Hindiston tarixining o‘ta muhim qismi bo‘lib qolaveradi.
Bu davr urushlarga to‘la. Ana shu janglardan biri Boburni Hindistonga olib keldi. Shunday ekan, biz buni tarixning bir qismi sifatida qabul qilishimiz kerak. Faktni inkor etishning iloji yo‘q. Tarix shunday yaratilgan.
– O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar doimo yaxshi bo‘lib kelgan. Shavkat Mirziyoyev davrida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar qanday o‘zgardi? Qaysi sohalarda yutuqlarni e’tirof etish mumkin?
– Prezident Mirziyoyevga ikki davlat aloqalariga katta e’tibor qaratgani uchun minnadorlik bildirmoqchiman. Strategik sheriklikni mustahkamlash uchun yanada ko‘proq harakat qilishimiz kerakligini aytib keladilar. Darhaqiqat, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida strategik sheriklik 2011 yildan buyon mavjud. Shunga qaramasdan 2018 yilda prezident Mirziyoyev Hindistonga safari chog‘ida munosabatlarimizning yangi sahifasi ochildi. O‘sha paytda men tashqi ishlar vazirligi rasmiylaridan biri sifatida Dehlida Prezident janobi oliylarining tashriflarida ishtirok etdim. Esimda, turli sohalarda 17 ta shartnoma imzolangan edi. Bu bir tashrifda misli ko‘rilmagan ko‘rsatkich edi. Biz ham O‘zbekiston bilan yaxshi hamkorlik qilish istagida edik. Bu juda aniq natijalarga olib keldi. Masalan, Hindiston Bosh vaziri ilk bor tashrifi chog‘ida O‘zbekistonni rivojlantirish loyihalari uchun O‘zbekistonga 1 milliard dollar kredit liniyasi ajratilishini e’lon qildi. Bugungi kunda to‘rtta loyiha ustida ishlashga harakat qilyapmiz. Bu tashrif AT sohasidagi hamkorligimizga tamal toshi qo‘ygan edi. Yana bir muhim sherikligimiz — mudofaa sohasidadir. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar ham o‘tkazdik. Sohadagi qo‘shma loyihalarimiz sifatida Hindiston xususiy universitetlarining o‘zbek ta’lim bozoriga qiziqishini aytishimiz mumkin. Bizda turistik sohada hamkorlik bo‘yicha ham yaxshi rejalarimiz bor edi, ammo pandemiya davri keldi. Pandemiyada O‘zbekiston qimmatli yordamlarini ayamadi. Masalan, Hindiston fuqarolarining O‘zbekistondan Hindistonga evakuatsiya qilinishini ta’minladi. Hindistonda pandemiyaning ikkinchi to‘lqini paytida O‘zbekiston bizga kislorod konsentratorlari, dori-darmonlar va hokazolar bo‘yicha yordam yuborgan edi. Hindiston-O‘zbekiston juda yaqin, siyosiy formatlarda ishlay boshladi. Shuningdek, O‘zbekiston Hindistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lishida katta yordam berdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga oshirishni maqsad qilganmiz. Bu ko‘rsatkichning yarmiga yetdik. Demak, biz yaqindan ishlash uchun to‘g‘ri yo‘ldamiz.
– Agar aloqalarimizni 10 ballik tizimda baholasak, nechi qo‘ygan bo‘lardingiz?
– Juda qiziq savol. 10 dan 9 ball beraylik, deyman. Ha, nega 10 dan 9? Chunki Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning har bir yo‘li hamkorlik uchun ochiq, deb o‘ylayman. Biz strategik sheriklarmiz. Buning o‘zi hal qilinadigan muammoning yarmi. Hindiston va O‘zbekiston rahbarlari har bir sohada hamkorlikda ishlamoqda. Ko‘proq turizm sohasida bu ko‘zga tashlanmoqda. Nega 10 dan 10 emas? Chunki o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarni tashkil etishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsak, 500 million dollarga yaqin ko‘rsatkichga erishdik. Bu uning yarmi, shuning uchun biz bu sohada ko‘proq hamkorlik qilishimiz kerak. Yaxshi savdo yo‘li bo‘lmasa, savdo yurishmaydi. Hindiston savdo maqsadlarida Erondagi Chabahor bandargohini rivojlantirish bo‘yicha juda yaxshi takliflarga ega. Kelajakda Hindiston, Eron va O‘zbekiston bilan savdo yo‘lini rivojlantirishga harakat qilyapmiz. O‘ylaymanki, bu bizning eksport va importimiz hajmini oshirishda asosiy omillardan biri bo‘ladi.
– Diplomatik faoliyatingizdan tashqari yana qanday sohalarga qiziqasiz? Sevimli kitoblaringiz, filmlaringiz va sevimli mashg‘ulotlaringiz haqida gapirib bera olasizmi?
– Bilasizmi, men mutolaani yaxshi ko‘raman. Sayohat qilish sevimli ishlarimdan biri. Albatta, filmlar tomosha qilish ham jonu dilim. Bo‘sh vaqtimda garmonika chalib turaman. Garmonikada hind qo‘shiqlarini ijro etish menga juda yoqadi. Eng sevimli kitobim hind dostoni «Mahabhorat». Bu doston dunyodagi eng qadimiy dostonlardandir. U ming yillar oldin yozilgan bo‘lib, ishonch bilan aytamanki, har bir hind bolasi «Mahabhorat» haqida biladi. Doston bu hayotda o‘zingizni qanday tutish kerakligi, haqiqat nima ekanligi haqidagi juda falsafiy savollarga javob beradi. Siz yomon yo‘l bilan qilgan har qanday ishingizning natijalari qanday bo‘ladi, maqsadlar vositalarni va shunga o‘xshash narsalarni oqlaydimi, kabi falsafiy savollarga javob topishingiz mumkin. Sankskrit tilida yozilgan diniy oyat she’rlar – «Gita»da ham «Mahabhorat»ning bir qismidir. «Gita» bo‘yicha asosiy ta’limot shundan iboratki, siz har doim odil harakat qilishingiz kerak. O‘zingizning ishingizdan yaxshi natijalarni kutmasligingiz lozim, chunki to‘g‘ri ish qanday natijaga olib kelishidan qat’i nazar, u eng yaxshisi bo‘lib qolaveradi. Sevimli filmlarim juda ko‘p. Hindiston kino sanoati dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Biz har yili 1000 dan ortiq filmlar suratga olamiz. Shunday ekan, menda tanlov ham juda ko‘p. Raj Kapurning katta muxlisiman. Misol uchun, uning «Daydi» filmi O‘zbekistonda ham sevimli hisoblanadi. O‘sha davrdagi film va qo‘shiqlarni yaxshi ko‘raman. Bilasizmi, men ko‘proq vaqtimni sayohat qilish uchun sarflagan bo‘lardim. O‘zbekistonning barcha viloyatlarida, Samarqand, Buxoro, Xiva, Nukus va boshqa ko‘plab joylarni kezishga harakat qildim. Menga bu juda yoqadi. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarix bilan juda bog‘liq, shuning uchun sayohat qilishni yaxshi ko‘raman.
– Qo‘shimcha fikrlaringiz bo‘lsa, marhamat!
– Men yana bir bor Xabar.uz saytining barcha o‘quvchilari va tomoshabinlariga o‘z ezgu tilaklarimni yo‘llayman. Aytmoqchimanki, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida yoshlar ishlayotganini ko‘rib, juda xursandman. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida ham juda yaxshi media hamkorligimiz bor va men o‘zbek ommaviy axborot vositalari juda yaxshi, juda dinamik, juda jonli va u juda ko‘p qiziqarli voqealarni jamlayotganini ko‘raman. Garchi o‘zbek tilini tushunmasam ham, lekin elchixonadagilar yordamida tarjima qilib olaman. Barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga ezgu tilaklarimni bildiraman.
Sanjar ShOMURODOV suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter