«Hashar koronavirus infeksiyasi oldini olish uchun o‘tkazilgan» – Andijon viloyati hokimligi ikki oy o‘tib izoh berdi
Andijon hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki oy oldin tashkil etilgan obodonlashtirish ishlari «koronavirus infeksiyasini oldini olish uchun» o‘tkazilgan ekan.
2020-yil 31-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamaga sabab bo‘lgan «Andijonda karantin vaqtida ham hashar o‘tkazilmoqda» sarlavha ostidagi xabarlar yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildiradi, deyiladi bugun, 28-may kuni tarqatilgan xabarda.
Qayd etilishicha, yuqorida keltirilgan xabarlar yuzasidan Andijon viloyat hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqilgan.
«O‘rganish davomida koronavirus infeksiyasini oldini olish maqsadida markaziy ko‘chalarni obodonlashtirish va chiqindilardan tozalash, bu orqali aholini salomatligiga o‘zini hissasini qo‘shish maqsadida ko‘ngilli fuqarolar va xodimlar tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borilganligi aniqlandi.
Obodonlashtirish ishlari davomida karantin qoidalariga rioya qilmagan holda obodonlashtirish ishlarida ishtirok etgan tashkilot va obodonlashtirish boshqarmasi rahbariga tushuntirish ishlari olib borildi. Ushbu tashkil etilgan noqonuniy hashar viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olinganligini bildirib, bunday holatlarni oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rib borilishini bildiramiz» deyiladi Andijon viloyat hokimligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘ylab karantin tadbirlari e’lon qilingan va bunga amal qilmaganlar jazoga tortilayotgan bir sharoitda, shu yilning 31-mart kuni Andijon viloyatida bir qator budjet tashkilotlari xodimlari ko‘cha tozalashga olib chiqilgani xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter