Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Harakat qilmasangiz mo‘’jiza yuz bermaydi!..» – san’atkordan dasturchiga aylangan yigit hikoyasi

Harakat qilmasangiz mo‘’jiza yuz bermaydi!..» – san’atkordan dasturchiga aylangan yigit hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi qahramoni Buyuk Britaniyadagi London Brunel universiteti «Kompyuter fanlari» mutaxassiligi magistranti Shahzod Ilhomov.

Suhbatdoshimiz Malayziyadagi Limkokwing universitetining «Axborot texnologiyalari» yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr bosqichini tamomlagan.

U bilan suhbatimiz san’at sohasini tark etib nega dasturlashni tanlagani, ilmiy ishi va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

 SEGA o‘yinlari sabab bo‘lgan

Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sganman. 5-sinfgacha 295-maktabda, keyinroq yangi uyga ko‘chganimiz sababli 297-maktabda o‘qiganman.

Maktabda barcha fanlardan a’lo baho olganman. Ayniqsa, ingliz tili va matematika fanlariga qiziqishim yuqori bo‘lganligi tufayli, shu fanlar bo‘yicha olimpiadalarda qatnashar edim.

Ingliz tilini bolalikdan yaxshi bilishimga ota-onamning sovg‘a qilgan SEGA o‘yinlari sabab bo‘lgan. Unda uchragan ingliz tilidagi matnlarni keyingi bosqichga o‘tish uchun ingliz tili lug‘at kitobidan ko‘p foydalanishimga to‘g‘ri kelgan. Natijada so‘zlarni yodlab emas, odatda uchratish orqali eslab qolganman.

16 yoshimda Parijda sayohat qilganman

Kichkinaligimdan chet el mamlakatlarini ko‘rishni orzu qilardim. Maktabni tamomlab kollejga eng yuqori ball bilan kirganim sababli 16 yoshimda ilk marta Fransiyaning Parij shahriga onam bilan sayohat qilganman.

Ushbu sayohat katta taassurot qoldirgan va kelajakda Yevropa davlatlarining birida ta’lim olish niyati paydo bo‘lgan. Bunga sabab, sayohat paytida onam ingliz tilini bilmas edilar va men tilini yaxshi bilaman degan fikrda edim. Ammo chet elliklar bilan muloqot qilish aslida oson emas va biz O‘zbekistonda o‘rgangan talaffuz ancha farq qilishini anglaganman. Yevropaliklarning samimiy ekanligi va har bir insonga kulib qarashi yaxshi taassurot qoldirgan. Ushbu sayohatdan keyin xorijga bo‘lgan qiziqishimning asosiy sababi Fransiya davlati bo‘lib qoldi.

«Distinction» bilan tamomladim

Bakalavrda tahsil olish uchun davlat tanlash oson kechmagan. Bir nechta davlatlarning ta’lim tizimi haqida internet orqali o‘rganishga to‘g‘ri kelgan. Bu davlatlar ichidan Malayziya davlati yakuniy qaror bo‘ldi. Nega aynan Malayziya degan savolga esa maqsadim bakalavrni Osiyo mamlakatlarining birida, magistraturani esa Yevropa yoki AQShda o‘qish niyati edi. Bakalavr uchun topshirmoqchi bo‘lgan yo‘nalishim dasturlash sohasi va bu yo‘nalishda Malayziya faqat Osiyoda emas, balki dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Eng asosiysi bakalavr davri to‘liq ingliz tilida bo‘ladigan Limkokwing University of Creative Technology’ni tanladim va bizdagi qizil diplomga teng «Distinction» bilan tamomladim.

O‘qishning yaxshi taraflariga kelsak, u yerdagi ta’lim tizimi biznikidan ancha farq qiladi. Masalan, talabaning soch turmagi, formasi kabilar ahamiyatga ega emas va birinchi o‘rinda bilimga e’tibor beriladi. Dars jadvali odatda talabaga moslanadi va har semestr boshida 2-3 xil variantlardan maqbul jadvalni tanlab olishingiz mumkin. Darslar haftada 2-3 kun davom etsa-da, lekin o‘qituvchilar barcha mavzularni to‘liq yoritib berishadi. Qolgan kunlari esa talabalarga o‘quv materiallari taqdim etiladi va bemalol mustaqil o‘z ustingizda ishlaysiz. Aynan dasturlash sohasi uchun barcha o‘quv materiallari va so‘nggi modeldagi kompyuterlar mavjud, ulardan esa istalgan vaqt bemalol foydalanishingiz mumkin.

Umumiy qilib aytganda, ushbu tizim menga yoqdi va Malayziyani tanlab adashmaganligimdan xursandman. Kamchiliklari esa, u yerda barcha narsa o‘quvchining o‘ziga bog‘liq. Agarda siz o‘z ustingizda ishlay olmasangiz, odatda u yerda hech kim sizni darsda qatnashishingiz yoki mavzulardan qolib ketayotganingiz haqida ogohlantirmaydi. Barchasi semestr oxirida imtihon kunlari ma’lum bo‘ladi. Imtihonlar esa hech qanday yordam va eslatmalarsiz juda og‘ir tarzda o‘tkaziladi. Shu boisdan o‘nlab vatandoshlarimiz imtihonlardan yiqilib ortga qaytishga majbur bo‘lishdi.

Yangi kelganlar uchun esa eng katta qiyinchilik bu muhitga joylashuv bo‘ladi. Taomlar va ob-havo katta farq qiladi va ba’zan shu sababli ham o‘qishni oxiriga yetkazmay qaytadiganlar bor.

San’atdan dasturchilikka

Ochig‘i, maktabni bitirgan davrim dasturlash haqida o‘ylamaganman. U paytda musiqa yozishga qiziqishim kuchli edi. Maktabni bitirib Toshkent madaniyat kollejiga topshirganman. Kollej payti xonandalarga musiqa yozib berib va shular orasida o‘zimning qo‘shiqlarimni ham yaratganman. Keyinroq fikrlashim o‘zgardi va bizdagi san’atdan ko‘nglim to‘lmaslikni boshladi. Shu orada AQShga sayohat qildim. To‘g‘risini aytsam u yerda boshqa ish qilib ham bizdagi san’atkorlardan yaxshiroq turmush tarzini kechirayotgan vatandoshlarimizni ko‘rdim va bu hayotimni tubdan o‘zgartirdi. Qaytib kelganimdan keyin esa boshqa bir sohani egallash fikri uyg‘ondi. Musiqani butun kun davomida kompyuter oldida o‘tirib yozishga odatlanganim, ingliz tili va matematika bilimlarim yetarli bo‘lgani uchun dasturlash sohasini o‘rganishga qaror qildim. Shundan keyin esa IT sohasini o‘rganish va bakalavr darajasini olish uchun Malayziya davlatiga ketganman.

Ilmiy ishim Augmented Realityga aloqador

Magistratura bo‘yicha esa, boshida bu bosqichni Qo‘shma Shtatlarda o‘qish fikri kelgan. Ammo pandemiya sababli AQSh elchixonasi noma’lum muddatga yopilgan edi. Keyin esa Avstraliyaning Sidney shahrida o‘qimoqchi ham bo‘ldim. Biroq, Avstraliyada ham shu muammoga uchradim. Kutib vaqt yo‘qotmaslik uchun yana bir rivojlangan mamlakat va ta’lim tizimi bo‘yicha yuqori o‘rinda turadigan Buyuk Britaniya davlatiga borishga qaror qildim. Shu davrda oila qurdim va Londonga oilam bilan birga keldim. Bugungi kunda, London Brunel universiteting «Kompyuter fanlari» mutaxassiligi bitiruvchi magistrantiman.

Albatta bitirishdan avval bizdan ilmiy ish topshirish talab etiladi. Bu chet elda o‘qiydigan talaba uchun eng qiyin va og‘ir davr desa ham bo‘ladi. Sababi, o‘z tilingizda ham qiyinlik qiladigan bu vazifani boshqa bir tilda yozib topshirishning o‘z qiyinchiligi bor.

Ilmiy ish mavzuyim «Exploring the factors that impact the user experience in mobile augmented reality applications». O‘zbek tilida «AR’ga asoslangan mobil qurilma dasturlarida foydalanuvchiga ta’sir etuvchi omillar». Bu ilmiy ish esa hozirgi paytda rivojlanib borayotgan Augmented Reality (AR) texnologiyasi qo‘shilgan dasturlardagi foydalanuvchi muammolariga yechimlar taklif etish va virtuallikning yangi imkoniyatlarini ochib berishga asoslangan. Ilmiy ish mobaynida esa ushbu kamchiliklarni hal etib va yangi imkoniyatlarga ega bo‘lgan dastur loyihasini taqdim etishni niyat qilganman.

Bir necha oy, ba’zilarga esa yil...

Xorijda o‘qish mustaqil hayotga o‘rganish va katta hayot aslida qanday ekanligini anglash imkonini beradi. Dunyoqarash tubdan o‘zgaradi, sababi siz turli xil millat vakillari orasida yashaysiz va do‘stlashasiz. Umuman olganda butunlay boshqa hayotga tushasiz. Barchasiga moslashish esa kimlargadur bir necha oy, ba’zilarga esa yilni ham tashkil etishi mumkin. Qiyinchiliklar albatta bo‘ladi. Ammo bu yerdagi imkoniyatlar bu qiyinchiklardan ustun keladi. Qiyinchiliklar esa ota-ona va yaqinlaringizdan uzoqda yashash, yangi ob-havo va muhitga moslashish bo‘ladi. Lekin qiyinchiliklar insonni kuchli qilib boradi va imkoniyatlaringizdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatadi. Bu yerdagi imkoniyatlar haqida gapirsam eng avvallo bu yerda tanish-bilishlarsiz natijaga erishish mumkin. Agar siz haqiqatdan ham bilim va salohiyatga ega inson bo‘lsangiz ular sizni qadrlashadi.

Qoida buzishga emas, tartib uchun tuzilgani seziladi

Buyuk Britaniyaning ko‘p ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda joriy etilishini istayman. Misol uchun, bu yerda aniq bir oylik emas, balki ishlagan soatingiz uchun pul olasiz. Bu esa ishchiga motivatsiya bera oladi. Londonning yana bir yoqadigan tarafi yo‘l harakati tartibli va siz o‘zingizni xavfsiz his etasiz. Yo‘l harakati qoida buzishga emas, tartib uchun tuzilgani seziladi. Yana bir aytishim kerak bo‘lgan narsa bu yerda jamoat transporti juda ham yaxshi rivojlangan va ushbu transportlarda siz deyarli davlatning ichida istalgan nuqtaga borishingiz mumkin.

Shuningdek, tibbiyot sohasi yaxshi rivojlangan va bu yerda dorixonalarni deyarli ko‘rmaysiz. Agar siz shifokorga uchrashsangiz odatda sizga dorilarning ro‘yxatini emas, balki uning o‘zini ham bepul beradi. Dorixonalarda biznes qilib yubormaslik va inson salomatligiga xavf tug‘dirmaslik uchun allergiya va yo‘talga qarshi dorilardan boshqasini shifokor tavsiyasisiz berilmaydi. Bu esa qaysidir ma’noda inson salomatligi uchun yaxshi tizim deb o‘ylayman.

Dasturlashni tanlamoqchi bo‘lganlarga...

Eng asosiysi sohani yaxshi ko‘ring va qiziqishingiz chin ekanligini anglang. Birovlarning fikri va maqtovlariga emas, o‘zingizning fikringizga tayaning. Siz chindan ham dasturchi bo‘lishni xohlaysizmi va bu sohada o‘zingizni ko‘ra olasizmi?

Buning uchun esa dasturlashni boshlashdan avval dasturchilik o‘zi nima, uning vazifasi qanday, bu soha sizga nimalar bera oladi va boshqa omillar haqida internetdagi maqolalarni o‘qib ko‘rishga vaqt ajrating. Agar chindan bu sizning kelajak sohangiz bo‘lsa unda o‘rganishni boshlashingiz mumkin.

Ustoz orqali o‘rganish davrida dasturlashni boshlab olish uchun rus yoki ingliz tili kerak emasdek tuyilishini ham sezasiz, ammo agar chindan ham o‘sishni istasangiz va tengdoshlaringizdan bir qadam oldinda bo‘lishni xohlasangiz ingliz va rus tillarini bilishingiz kerak. Yana bir narsa, darslardagi bilimlar hech qachon sizni dasturchi qilib qo‘ymaydi. Universitet bo‘ladimi yoki o‘quv markaz uning farqi yo‘q, haqiqiy qahramon bu faqat o‘zingiz va harakat qilmasangiz mo‘’jiza hech qachon yuz bermaydi. Darslar sizga faqat yo‘lni ko‘rsatadi, yurish esa sizning vazifangiz. Shu sababli faqat sizga berilgan vazifalar bilan cheklanib qolmang va doim izlanishda bo‘ling. Natija esa siz harakatdan to‘xtamasangiz albatta bo‘ladi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring