Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Doniyor Ro‘zmetov

O‘qiganim va bilganim sari o‘qimaganim va bilmaganim qanchalar ko‘p ekanligini tushunib xijolat tortamen!

Halollik bo‘lmaguncha, taraqqiyot bo‘lmaydi!

Halollik bo‘lmaguncha, taraqqiyot bo‘lmaydi!

Gap insof, vijdon va halollikda...

Foto: «Aeroflot.ru»

Parij ko‘chalaridan birida yurib borayotsam, chorrahada bitta mashina yo‘l chetida turgan mashinaga sal tegib ketdi. Turgan mashinaning oldingi chirog‘i sindi. Bo‘lib o‘tgan voqeani deyarli hech kim ko‘rgani yo‘q. Svetoforning yashil chirog‘i yonib turgan edi. Urib yuborgan mashinaning egasi yo‘lida davom etaversa ham uni hech kim hech qachon bila olmagan bo‘lar edi. Men «u hozir shunday qilsa kerak» deb o‘yladim.

Ammo bunday bo‘lmadi. Mashina oldinga o‘tib to‘xtadi. Ichidan keksa yoshlardagi bir fransuz chol tushib, o‘zi turtib yuborgan mashinani ko‘zdan kechirdi. Undan keyin mashinasidan ruchka bilan qog‘oz olib keldi-da, bir narsalarni yozib, urilgan mashinaning oldingi oynasiga yopishtirdi. Keyin o‘z mashinasiga o‘tirib yo‘lida davom etdi. Oldin bunaqa holatga duch kelmaganim uchun urilgan mashinaga asta yaqinlashdim-da, cholning yozganlarini o‘qidim. Unda shunday yozilgan edi:

«Xonim yoki janob!

Men bilmasdan mashinangizni urib oldim va unga ziyon yetkazib qo‘ydim. Buning uchun sizdan ming bor uzr so‘rayman. Iltimos, mana bu telefon nomeri orqali menga aloqaga chiqing. Yetkazgan zararimni bajonidil qoplab beraman. (telefon nomeri.)  Hurmat bilan, falonchi!».

...Bitta mehmonxonada ma’mur bo‘lib ishlar edim. Bir kuni resepshnga qorachadan kelgan kishi kirib keldi va menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Assalomu alaykum» deb salom berdi. Talaffuzidan arab ekanligini darrov bilib oldim va «Va alaykum assalom» deb javob berdim. Musulmoncha javob olganiga u yanada xursand bo‘lib ketdi. U mehmonxonamizda o‘ziga xona bron qilganini aytib menga bron qog‘ozini berdi. Rasmiyatchilikka ko‘ra men uning pasportini olib, marokashlik falonchi ekanligini bilib oldim. Keyin bizning bazani tekshirib ko‘rsam, u mehmonxona uchun qilgan bronini o‘zi bekor qilgan ekan. Menga xursand boqib turishiga qaraganda bundan uning xabari yo‘qligini sezdim-da, xijolat bo‘lib shumxabarni aytdim. Tabiiyki, u bundan hayratlandi va menga shubha va umid aralash qaradi. Men tag‘in noto‘g‘ri ko‘rgan bo‘lmayin deb uning bronini har qanaqasiga tekshirib ko‘rdim. Afsuski, bron aniq bekor qilingan edi.

U nima qilishini bilolmay, yurtidagi akasiga telefon qildi. Akasidan «tezda menga sayohatni sotgan agentlikka bog‘lanib ko‘r-chi» deb so‘radi. Birozdan keyin akasi qayta telefon qilib, unga nimalardir dedi. U telefonni qo‘ydi-da, biroz o‘ylanib turgach, nima deyishini bilmasdan kresloga o‘tirib qoldi. Uning quyosh nurlarida kuyib ketganligi ko‘rinib turgan peshonasidan qayg‘u terlari chiqib ketdi. Musibatdan uning ko‘zlaridan yosh chiqa boshladi. «Nima bo‘ldi o‘zi?», — deb so‘radim. U menga dardini ayta ketdi: 

— Men o‘zi oddiy qishloqda yashaydigan dehqon odamman. Ishlab topgan pulim o‘zimga va oilamga zo‘rg‘a yetadi. Umrimda bironta joyga sayohatga borgan emasman. Bu mening umrimdagi ilk sayohatim edi. Uniyam agentlik arzon deb sotgani uchun oldindan hamma pulini to‘lab, xursand bo‘lib olgan edim. Akam menga telefon qilib, bizga sayohatni sotgan agentlik yopilib ketganini va u odamlar qochib ketishganini aytdi. Men endi nima qilaman? Qayerga boraman? Yonimda pulim ham ko‘p emas.

«Qancha pulingiz bor?», — deb so‘radim. U bor pulini chiqarib, mening oldimga qo‘ydi. Haqiqatan ham puli juda oz edi. Agar mehmonxonaga o‘z narxida pul to‘laydigan bo‘lsa, yeb-ichish xarajatlariga deyarli puli qolmas edi. Uning bor pulini to‘lattirishim normal holat bo‘lsa ham bu odamgarchilikka to‘g‘ri kelmas edi. Shuning uchun bor mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim-da, unga mehmonxonani yarim pulidan ham arzon qilib berdim. Undan tashqari, ko‘nglini ko‘tarish uchun unga mehmonxonaning eng yaxshi xonalaridan birini berdim. Xullas, qo‘limdan keladigan barcha yordamni qildim. Bechora menga qanday minnatdorchilik bildirishni bilolmay xijolat bo‘lib turar edi. Men unga xijolat bo‘lmasligini va sayohatni ko‘ngildagiday o‘tkazishini tayinladim. Faqat haqimga bitta duo qilib qo‘ysa yetishini aytib, xotirjam qildim. U rozi bo‘ldi va agar Marokashga yo‘lim tushadigan bo‘lsa, albatta unikiga mehmonga borishimni so‘radi...  

...Fransuzlar bozorda biron narsa sotadigan bo‘lsa, albatta uning aybini aytib sotadilar. Eng muhimi, ular hech qachon birovning haqqiga xiyonat qilmaydilar. Masalan, siz ulardan biron narsa olsangiz va qolgan qaytimni «kerak emas» deb tashlab ketmoqchi bo‘lsangiz, ular bunga ko‘nmaydi. Hatto tiyinlar qolgan bo‘lsa ham uni sizga qaytarib, hisobni joyiga qo‘yib qo‘yadilar.

Lekin, afsuski, marokashlik dehqonning holiga tushgan, aldangan mag‘riblik (jazoirlik, tunislik va marokashlik) insonlarning soni kam emas edi. Mehmonxonamizga keladigan soxta bronlarning son-sanog‘i yo‘qligidan biz arabcha ismlar bilan keladigan bronlarga jiddiy qaramaydigan bo‘lgandik. Vatandoshining og‘ir ahvolini ko‘rgan bitta marokashlik arab hamkasbimiz shunday degan edi:

— Gap dinda ham, millatda ham emas. Gap insof, vijdon va halollikda. Birovning haqiga xiyonat qilmagani, o‘zlariga to‘g‘ri bo‘lgani uchun mana fransuzlar rivojlanib ketganlar. Bizning davlatlarimizning odamlari esa bir-birlarni aldash va chuv tushirish bilan ovora. Shunday bo‘lgandan keyin biz hech qachon rivojlanmaymiz va o‘zimizni ham, davlatimizni ham faqat orqaga tortishda davom etaveramiz. Agar biz ham rivojlanishni xohlasak, mentalitetimizni o‘zgartirib, halollikka o‘rganishimiz kerak!.. 

Mening esa marokashlik hamkasbimning gaplariga qo‘shimcha qiladigan gapim qolmagan edi!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring