Habib Nurmagomedov otasining ahvoli yomonlashgani aytilmoqda
Rossiyalik murabbiy va aralash jang usuli (MMA) kurashchisi Habib Nurmagomedovning otasi Abdulmannop Nurmagomedovning ahvoli yomonlashgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «RIA Novosti»ga bergan intervyusida olimpiya kurashi hakami, Nurmagomedovlar oilasining do‘sti Ubaydula Osmanov aytib o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Abdulmannop Nurmagomedov 3-may kuni Moskvadagi shifoxonaga yotqizilgan.
«Menga uning yaqin qarindoshi qo‘ng‘iroq qilib, ahvoli birdan yomonlashgani va Moskvaga yetkazilganini aytdi. Yuragida muammo bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman», — dedi u.
57 yoshli mutaxassis 25-aprel kuni Dog‘istondagi shifoxonaga tushgani haqida xabar bergandik. Pnevmoniyaga gumon bor edi. Biroq o‘shanda murabbiy o‘zini yaxshi his qilayotganini aytgandi.
Nurmagomedovning o‘g‘li — yengil vaznda Ultimate Fighting Championship ning mutlaq chempioni. Bundan tashqari, promoushenda rossiyalik murabbiyning boshqa shogirdlari ham ishtirok etadi — Islom Maxachev, Abubakar va Umar Nurmagomedovlar.
Sportchi sifatida Abdulmannop Nurmagomedov sambo va dzyudo bo‘yicha Ukraina chempioni bo‘lgan. Uning shogirdlari orasida sambo bo‘yicha jahon chempionlari ham bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter