Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shohrux G‘iyosov vazir Po‘lat Bobojonovdan dakki eshitgani ma’lum bo‘ldi

Shohrux G‘iyosov vazir Po‘lat Bobojonovdan dakki eshitgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlari vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda bugun AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ma’lum qildi.

Surxondaryo (Surxondaryoda IIB xodimlari bir fuqaroni vahshiylarcha qiynab o‘ldirgani aytilmoqda) va Qoraqalpog‘istonda (Qoraqalpog‘istonda ham IIBdan odamning o‘ligi chiqqani aytilmoqda) ikki fuqaro IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida o‘lim topganiga oid xabarlar tarqalishi ortidan Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoq orqali go‘yoki «norasmiy bayonot» berib, marhumlardan biriga «Xudo urgan, betayin shaxs», deya «ta’rif» bergandi. Matbuot kotibining mazkur chiqishi jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgandi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, matbuot kotibi nomaqbul so‘zi uchun shaxsan IIV rahbari P.Bobojonovdan dakki eshitgan (ko‘rilgan intizomiy chora shu bo‘lsa kerak).

Tadbirda ishtirok etayotgan Sh.G‘iyosovning o‘zi bu haqda «miq» etgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, bu Sh.G‘iyosovning birinchi marta qovun tushirishi emas. Bir oz avval u «Xabar.uz»da chiqqan «Yana Andijon! IIB xodimlari fuqaroni kishan taqib qiynoqqa solgani aytilmoqda» sarlavhali xabar ortidan bayonot berib, o‘rganilayotgan voqelik natijasini avvaldan bashorat qilar ekan, uni (xabarni) saytdan o‘chirish kerakligiga ishora qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring