Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘azoga ko‘mak bermoqchi bo‘lganlar qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqardi

G‘azoga ko‘mak bermoqchi bo‘lganlar qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqardi

Foto: AFP

Qamal sharoitida yashayotgan G‘azo sektoriga samolyotlar orqali insonparvarlik ko‘magi tashlash amaliyoti baxtsiz hodisaga olib kelgani haqida xabar bergan edik.

Al-Shati qochqinlar lageri hududiga tashlangan gumanitar ko‘mak qutilari besh kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yana o‘ndan ziyod kishini jarohatladi.

Jahon OAV fojianing sabablariga e’tibor qaratmoqda.

CNN’ga ko‘ra, samolyotdan tashlangan og‘ir qutilar maxsus parashyut ochilgach, yerga yengil qo‘nishi ko‘zda tutilgan, ammo fojia ro‘y bergan juma kuni parashyutlar ochilmay qolgan. Ochlik, tashnalik va chorasizlik sabab ko‘makka ko‘z tikib turgan g‘azoliklar gumanitar yordam najot emas, balki ajal keltirayotganini anglashga ham ulgurmagan.

BMT G‘azoda ochlik avj olgani haqida bong urishi ortidan so‘nggi haftalarda Iordaniya, Misr, BAA, AQSh kabi davlatlar havo orqali gumanitar ko‘mak yo‘llash amaliyotini o‘tkazdi. Ammo ayrim tahlilchilar bu amaliyot ko‘proq xo‘jako‘rsin va piar uchun o‘tkazilmoqda deb hisoblaydi.

Aksar mutaxassislar samolyot orqali ko‘mak tashlash insonlar hayotiga xavf tug‘dirib qolmay, samarasiz ekanini ham aytmoqda.

«Gumanitar ko‘mak tizimi vakillari havo orqali yordam yo‘llash suratga olish uchun yaxshi imkoniyat ekani, ammo amalda samarasiz ekanidan shikoyat qiladi», – deydi BMTning Xalqaro inqiroz guruhi direktori Richard Gouen.

G‘azoda yashovchi jurnalist SNN muxbiriga AQSh va Iordaniya tomonidan yaqinda tashlangan qutilarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qligini ham aytgan.

Ahmed Rahma chizgan karikatura

Xalqaro tashkilotlar gumanitar halokat yoqasidagi G‘azo sektoriga quruqlik orqali muntazam ko‘mak yetkazish lozimligini talab qilmoqda.

BMT Bolalar jamg‘armasining (YuNISEF) Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Adel Xodr Isroil blokadasi tufayli G‘azoda bolalar, xususan, chaqaloqlar o‘limi xavfi keskin oshganidan ogohlantirdi. Xalqaro tashkilot vakili tibbiy xizmat izdan chiqqan hududda bolalar hayotini saqlab qolish ikki karra mushkul ekanini urg‘ulagan. Qayd etilishicha, bolalar ochlik sabab chorva mollariga mo‘ljallangan ozuqalarni ham iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa zaharlanish va boshqa yuqumli xastaliklar xavfini oshirmoqda.

BMTga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortdi.

17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.

Ayni paytda 2,3 million aholi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring