Gazeta va internetdan ham kuchli ta’sir vositasi bor
Aholiga yangiliklarni yetkazishning eng ommalashgan usullari — ijtimoiy tarmoqlar, gazeta, radio, televideniye. Biroq, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha umumdavlat aksiya doirasida olib borilayotgan ishlarning eng natija beradigani bu uyma-uy yurib qilingan targ‘ibotdir. To‘g‘ri, xonadonma-xonadon yurish ko‘p vaqt hamda kuchni talab etadi, ammo samarali.
Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi barcha tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari xodimlari 14-15 noyabr kunlari viloyat bo‘yicha 2452 ta xonadonda bo‘lib 51 ta noqonuniy qurilgan uyni aniqladilar. Shulardan 27 nafar fuqaroning uy-joyiga egalik huquqini beruvchi hujjatlar rasmiylashtirildi va xonadon egalari qo‘liga topshirildi. 24 nafarining murojaatlari qabul qilinib, o‘rganish uchun hokimliklar qoshidagi ishchi komissiyaga taqdim etilgan.
Targ‘ibot jarayoniga FHDYo bo‘limlari mudiralari ham qo‘shildilar. Ular ham xududlarda markaz xodimlari bilan birga nikohi qayd etilmagan, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma olmagan fuqarolarni aniqladilar. Viloyat bo‘yicha ikki kun davomida ijtimoiy ahvoli o‘rganilgan 2452 xonadondan 53 tasida aynan fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish bo‘limlari bilan bog‘liq davlat xizmatlariga ehtiyoji borligi ma’lum bo‘ldi. 41 nafar bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar berilgan bo‘lsa, 12 nafaridan arizalar qabul qilindi. Xuddi shunday 25 ta shar’iy nikohda yashab kelayotgan oila aniqlanib, 19 tasining nikohi qayd etildi.
Uyma-uy qilingan targ‘ibot davomida aholidan yakka tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lgan fuqarolarning murojaatlari ham qabul qilinib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 14 ta oilada tadbirkorlik qilish istagining paydo bo‘lgani diqqatga sazovor. Davlat xizmatlari tomonidan tashkil etilayotgan sayyor qabullarda aholidan kelib tushgan murojaatlarning hech biri e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Targ‘ibot jarayonida 325 ta boshqa yechimtalab masalalar aniqlanib, joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Xullas, «o‘zi yo‘qning ko‘zi yo‘q» degan naql bejizga aytilmagan. Mabodo, sayyor ro‘yxat jarayonida ko‘z ko‘zga tushmaganida aholining dardi muammolarini joyida borib o‘rganish, unga yechim topish oson kechmagan bo‘lardi. Shuning uchun markaz xodimlari uyma-uy yurib targ‘ibot qilish, sayyor xizmat ko‘rsatishni afzal biladilar.
Sardor Adizov,
Davlat xizmatlari Agentligining
Navoiy viloyati boshqarmasi bosh maslahatchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter