Boysundagi bozor mojarosi. G‘at-g‘at qilgan karnaychi, baloga qolgan surnaychimi?
Boysundagi bozor ko‘chirilishiga oid bir-biriga zid xabar oqimi hamon to‘xtayotgani yo‘q. Bir tomondan Surxondaryo viloyati hokimligi, ikkinchi tomondan viloyat IIB suvni loyqalatish bilan ovoradek, go‘yo...
Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda shu yilning 12-may kuni Boysun tumani «Tuzbozor» mahallasidagi bozor ko‘chilishi aytilib, uning kirish qismi ekskavator bilan qazilishi aholining keskin qarshiligiga sabab bo‘lgandi. Ayni jarayon aks etgan lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda chiqib ketgach, Surxondaryo viloyat hokimligi aholi noroziligi bozor ko‘chirilishiga bog‘liq emasligi, qazish ishlari «O‘zbektelekom» AKning Surxondaryo viloyat filiali Boysun telekommunikatsiyalar bog‘lamasi tomonidan optik tolali aloqa kabelini yotqizish maqsadida amalga oshirilganini bildirdi.
Biroq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hokimligining bayonotini inkor etib, «O‘zbektelekom» AK Surxondaryo filiali Boysun telekommunikatsiyalar bog‘lamasi tuman markazidagi A.Navoiy hamda Istiqlol ko‘chalari kesishmasida 200 metr kanalizatsiyasini qurish ishlarini 2020-yil 6-may kuni yakunlangani, bozor mojarosiga buning mutlaqo aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Shundan keyin asosi puch bayonoti bilan jamoatchilikni chalg‘itgan viloyat hokimligi mutasaddilari «yolg‘on axborot tarqatganlik» aybi bilan javobgarlikka tortilishi lozim edi, aslida. Ammo amalda bunday bo‘lmadi. Xabarlarga qaraganda, hokimlikning yolg‘on axboroti hamon «o‘z kuchida turganga» o‘xshaydi.
Gap shundaki, 12-may kungi mojaro ortidan to‘qqiz nafar fuqaro mayda bezorlik aybi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan (ularning bir nafariga jarima solingan, qolganlari 5 sutkadan 15 sutkagacha «kesilgan»). Eng og‘riqlisi, viloyat IIB axborot xizmati huquqbuzarlar «...Boysun telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan Alisher Navoiy va Istiqlol ko‘chalari bo‘ylab xalqaro optik tolali kabel yotqizish uchun olib kelingan buldozerning ishlashini noto‘g‘ri qabul qilib...», «...shovqin ko‘tarib, odamlar o‘rtasida norozilik kayfiyatini uyg‘otishga uringani» va jarayonni tavsirga olib, «...xalq orasida ichki ishlar idoralari xodimlarini obro‘sizlantirishga harakat qilingani» uchun javobgarlikka tortilganini ta’kidlaydi.
Viloyat hokimligi va IIBning bunday «axborot tomoshalari» bozorda yuzaga kelgan tomoshadan qolishmaydi. Rost-da, AKT vazirligi hokimlikning bayonotini inkor qilib, bozor biqinidagi ko‘chadagi qazish ishlari 6 maydayoq yakunlangani, buning oradan olti kun o‘tgandan keyingi mojarolarga aloqasi yo‘qligini rasman ma’lum qilgan. Ichki ishlar xodimlari esa to‘qqiz nafar fuqaro rasman rad qilingan (ya’niki, amalda 12 may kuni amalga oshirilmagan!) ishlarga norozilik bildirgani uchun javobgarlikka tortilganini aytmoqda?!
Bu «axborot tomoshasi» bo‘lmay, nima? Bunday «tomoshalar» esa ayni paytda ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan «huquqbuzarlar»ning aybdorligini katta so‘roq ostiga qo‘yadi.
Bunday «tomosha»larga Bosh prokuratura nima deydi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter