Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«G‘alaba» mahallasidagi yer o‘yinida kim mag‘lub, kim g‘olib?

Yangiyo‘l tumani, «G‘alaba» MFY 4-tor ko‘cha aholisidan tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Biz vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida aholi orasida bo‘ldik. Bizgacha aholi 7 marta virtual qabulxona – portalga, hokimlikka, Kadastr agentligining viloyat boshqarmasiga va boshqa idoralarga murojaat qilib ariza yozishgan.

– Bu mahalla 1981 yili tashkil topgan. O‘sha yili qurilgan uylar o‘rtasida mana shu olti sotixcha joy bolalar maydonchasi sifatida qoldirilgan. Biz bu yerni tozalab turamiz, daraxtlar ekkanmiz, turli bayramlarda yig‘ilamiz, Navro‘zda shu yerda yig‘ilib sumalak qilamiz, – deydi shu mahallalik Murod Alimqulov. – Darvozalarimiz oldidan ko‘rib turganingizdek mashinalar o‘tib turadi. Mana shu maydoncha esa bolalar uchun xavfsiz. 2022 yil noyabr oyida bir tadbirkor kelib bu yerni auksion o‘yinida yutib olganini, endi ishlab chiqarish sexi ochmoqchiligini aytib qoldi. Gap shundaki, bu yer 2020 yil yopiq auksionga qo‘yilgan ekan. Sotib olgan odam 6 oy, yana bir bayonnomada 8 oy davomida qurib bitkazishi shart bo‘lgan. Ammo biz bu yerning sotilganini o‘tgan yili, ya’ni ikki yildan so‘ng bilayapmiz. Nahotki, bunday o‘yinlar mahalla odamlaridan bir og‘iz so‘roqsiz o‘tkazilaversa?

Tadbirkor Dilshod Tillaboyev: – Yopiq auksion o‘yinida 2020 yil avgust oyida bu yerni yutib olganmiz – 28 million so‘mdan ortiq mablag‘ to‘laganmiz, lekin karantin sabab qurilish ishlarini to‘xtatib qo‘ygandik. Bu yerda aslida novvoyxona, choyxona qurmoqchi edim. Aholi norozi bo‘lgach bolalar bog‘chasi va yoniga bolalar maydonchasi quraman desam ham baribir rozi bo‘lishmayapti. Mablag‘im tayyor, ustalar tayyor, lekin xalq norozi. Men bu yerni o‘zidan o‘zi sotib olmaganman, qonunan sotib olganman, 7 mln. so‘m soliq ham to‘laganman. Agar noqonuniy bo‘lsa, soliq to‘latmaydiyu. Orada sog‘lig‘im to‘g‘ri kelmadi va aholining noroziligi qurilishni boshlashimga to‘sqinlik qildi. Mas’ullar karantin sababli qurilishni to‘xtatganimni ko‘rishgan va muddatni cho‘zib berishgan, ya’ni ijobiy hal bo‘lgan.

Axror Rustamov, hokim yordamchisi: – Aholining bu yerda qurilishga qarshiligidan xabar topib ishni o‘rganishni boshladik. Boshida rozi bo‘lishuvdi, keyin oradan hech qancha o‘tmay ular bu yerni hech kim sotib olishga haqi yo‘qligini, agar biror ishlab chiqarish binosi quriladigan bo‘lsa yo‘l yanada torayishini, aholiga bir qancha noqulayliklar tug‘dirishini aytmoqda. Tadbirkor sikuv seximi yo bolalar bog‘chasinimi qurishni mo‘ljallayapti.

Jahongir Ahmedov, hokim o‘rinbosari, savdo-sanoat bo‘limi boshlig‘i: – Tadbirkor bu yerni qonuniy yutib olgan, mana hujjatlarida ko‘rinib turibdi. Biz endi bu yerda bino qurish mumkinmi yo‘qmi, o‘rganib chiqamiz.

«Aholining noroziligini ko‘rib tadbirkor 100 mln. so‘m pulimni qaytarib beringlar, deydi. Biz nega qaytarib beramiz. Biz sotib, biz pulini olmagan bo‘lsak. O‘yin halol o‘tgan bo‘lsa, nega kechasi kelib qoziq qoqishadi, qum shag‘al-to‘kib ketishadi. Nega biz ekib katta qilgan daraxtlarni kesib tashlashmoqchi, biz qarshilik qilsak jarimasini to‘layman qancha bo‘lsayam, deb gap bermaydi», – deydi mahalla fuqarolaridan biri...

Xullas, bu yer auksion o‘yinida kim g‘olib, kim mag‘lub bo‘ladi, bizga hozircha noma’lum. Aholi mana shunday savollarga javob qidirayapti: «Auksion o‘yin 2020 yil avgust oyida karantin yumshatilgandan so‘ng o‘tkazilgan. Agar yumshatilmagan edi, desak karantin paytida auksion o‘tkazish mumkinmidi? Auksionda qatnashgan va g‘olib bo‘lgan qurilishni tugallashi uchun 6-8 oy muhlat berilgan. Karantin, sog‘liqni sabab qilib ko‘rsatayapti. Sabab asossiz emasmi? Aholi 2020 va 2021 yillar bu yerning sotilganidan bexabar bo‘lgan, ya’ni aholi joriy yil bu yerning sotilganini bilyapti va norozi bo‘lyapti. Tadbirkor esa aholi avvaldan norozi edi, shuning uchun qurilishni qilolmadim, degan vajni ilgari surayapti, ushbu sabab qanchalik o‘rinli? 400.000.000 so‘m mablag‘ investitsiya kiritilishi kerak edi, kiritildimi?

Tadbirkorning ushlab olgan gapi: «aholi norozi bo‘lsa bo‘laversin, men qonunan yutganman...»

Aholining fikri: «Yo‘li tor hududda hech narsa qurib bo‘lmaydi, kanalizatsiya yo‘q yerdan bog‘cha qurishning imkoni yo‘q, agar ishlab chiqarish sexi qurilsa aholi uylariga juda yaqin joylashgani uchun noqulaylik tug‘diradi...»

Endi ikki tomon – aholi va tadbirkor bu chigal ishni faqatgina sud hal qilishidan umidvor.

Ma’lumot uchun: Bu mahallada xuddi shunday auksion o‘yinda yutilgan, aholi noroziligi sababli sotilayotgan yoki chala qurilishi bilan qolib ketgan yana arosatdagi yerlar ikkita ekan. Ularning ham muammosi xuddi shunday — aholi o‘zlariga yaqin joylarda sex yoki shunga o‘xshash ishlab chiqarish korxonalari qurilishini qo‘llab-quvvatlamaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring