«Hujum qilgani uchun» futbol tarixidagi eng qimmat himoyachi jazolandi

«Manchester Yunayted» sardori, himoyachi Garri Maguayr shartli ravishda 21 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Eurosport» xabar berdi.
Unga og‘irlashtiruvchi holatga olib keluvchi hujum qilish, hibsga olishga qarshilik ko‘rsatish va pora berishga urinish kabi ayblovlar qo‘yilgan edi.
Maguayr Gretsiyada dam olayotganida janjalga aralashib qolgani haqida xabar bergandik.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea Mikonos orolida yuz bergan. Maguayr o‘zini haqorat qilgan vatandoshlari — britaniyaliklar bilan mushtlashib ketgan. Ur-to‘polonda uning singlisining qo‘lini o‘tkir buyum bilan jarohatlashgan. Bundan jahli chiqqan futbolchi kuchiga battar zo‘r bergan.
Maguayrning aytishicha, janjaldan so‘ng mashina chaqirtirib, jabrlanganlarni kasalxonaga jo‘natishga uringan. Ammo yetib kelgan mashinadan besh-olti kishi tushib, janjalkashlarni politsiya mahkamasiga olib ketishga urinishgan. Garri va uning sheriklari qarshilik ko‘rsatishgan. Qo‘liga kishan solingan Maguayr politsiya xodimiga jarohat yetkazishga ham ulgurgan.
U bilan janjallashgan britaniyaliklar ko‘rsatma berishlaricha, «MYu» futbolchisi puli ko‘pligini pesh qilib, politsiyani o‘ziga og‘dirishga uringan.
Ushbu voqealardan so‘ng Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt yaqinda Islandiya va Daniyaga qarshi o‘tkaziladigan o‘yinlarda Garri Maguayrni maydonga tushirmaslikka qaror qildi.
Ma’lumot uchun: Garri Maguayr 2019-yil avgustida «Lester Siti»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tgandi. Shartnoma tafsilotlari ochiqlanmagan, biroq transfer qiymati 87 mln. yevrodan oshishi ma’lum qilingandi. Sport OAVlari yozishicha, Maguayr futbol tarixidagi eng qimmat himoyachiga aylangan. Solishtirish uchun: Virjil van Deykni «Liverpul» 2018-yilda «Sautgempton»dan 82 mln. yevroga sotib olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter