Fransiyadagi namoyishlar tufayli Marsel do‘konlariga yetkazilgan zarar 100 million yevrodan oshdi
Fransiyada davom etayotgan namoyishlar tufayli Marsel shahridagi 400 ga yaqin do‘konga 100 million yevrodan oshiq zarar yetkazilgan. Bu haqda «Eks-Marsel-Provans» savdo-sanoat palatasi raisi Jan-Lyuk Shovin ma’lum qildi.
«Sug‘urtalovchilar yo‘qotishlarni 100 million yevrodan yuqori baholamoqda. Marselda 400 ga yaqin do‘kon zarar ko‘rgan», – degan u «France Info» radiosiga bergan intervyusida.
Palata rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shahar markazidagi butiklar va savdo markazlaridagi do‘konlar nima sotayotganidan qat’i nazar hujumga uchragan. Do‘konlarning omborlari butunlay talon-taroj qilingan.
Marsel hukumati 2 iyul kuni jabrlangan ishbilarmonlarga yordam berish uchun 2 million yevro ajratishga va’da berdi. Do‘kon oynalarini ta’mirlashni qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlik fondiga 1 million yevro mablag‘ ajratishga qaror qilingan.
Eslatib o‘tamiz, butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli norozilik namoyishlari politsiya xodimlari Noil ismli 17 yoshli o‘smirni otib o‘ldirganidan keyin boshlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter