Fransiyada mansabdorlarning TikTok ilovasidan foydalanishi taqiqlandi
Fransiyada mansabdorlarga TikTok, Netflix kabi ko‘ngilochar ilovalardan foydalanish, shuningdek, Candy Crush o‘ynash taqiqlandi.
Hukumat taqiqi vazirlik va idoralarning ikki yarim milliondan ziyod xodimlari xizmat telefoniga tatbiq etiladi. Ushbu cheklov kiberxavfsizlik xatari bilan izohlangan.
Politico nashri bir necha kun avval Fransiya parlamenti a’zolariga AQShning WhatsApp, Signal kabi messenjerlari, shuningdek, Pavel Durov asos solgan Telegram ilovasidan foydalanmaslik tavsiya etilgani haqida xabar bergan edi.
Bunga qadar Buyuk Britaniya, Kanada hukumatlari rasmiy mulozimlarga Xitoyning TikTok ilovasini o‘chirib tashlash talabini qo‘ygandi. Mart oyida boshida Yevropa Ittifoqi boshqaruv idoralari tizimida ham shunday taqiq joriy etildi.
AQSh Kongressiga ham TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasi taqdim etilgan. Loyiha tayyorlanishiga mazkur ilovadan amerikaliklarga nisbatan josuslik qilish, ularning shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ish va dezinformatsiya tarqatishda foydalanish xavfi sabab bo‘lgan.
Pekinda joylashgan ByteDance shirkati tasarrufidagi TikTok platformasidan Xitoy hukumati josuslik maqsadida foydalanmoqda degan taxmin mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter