Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiya sobiq prezidenti uyida tintuv o‘tkazildi

Fransiya sobiq prezidenti uyida tintuv o‘tkazildi

Yelisey saroyi sobiq xo‘jayini Nikolya Sarkozining uyida tintuv o‘tkazildi. Tergovchilar sobiq davlat rahbarini so‘roq ham qilgan. Tekshiruv va so‘roqlarning qayta boshlanishiga jinoiy ish guvohlaridan birining o‘z ko‘rsatmasini o‘zgartirgani sabab bo‘lgan. 

Nikolya Sarkozi 2007-2012 yillarda Fransiyaga rahbarlik qilgan. Vakolat muddati tugashi va daxlsizlik maqomi bekor qilinishi bilan unga qarshi korrupsiya, firibgarlik va saylov kampaniyasi tartibini buzish bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.

Tergov idorasiga ko‘ra, 2007 va 2012 yillardagi saylov kampaniyasi davrida N.Sarkozi Liviyaning marhum rahbari Muammar Qazzofiy hamda L’Oreal kompaniyasi egasi Lilian Betankurdan noqonuniy ravishda mablag‘ olgan. Bundan tashqari, sobiq prezident lavozimini ko‘tarishni va’da qilib, sudya Gilbert Azibertdan tergovga oid maxfiy ma’lumotlarni olishga uringan.

2021 yilda sud saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirishda aybdor deb topilgan N.Sarkoziga bir yil qamoq jazosi tayinlagan.

2016 yilda livanlik tadbirkor Ziyod Toqiyoddin tergovchilarga 2006-2007 yillarda Liviya hukumati tomonidan berilgan chemodan to‘la pullarni Sarkoziga berganini aytgan. Keyinroq u kutilmaganda ko‘rsatmasidan voz kechgan. Fransuz huquq idoralari guvohga bosim o‘tkazilgani ehtimolini o‘rganmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring