Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Forsayt nima o‘zi?

Forsayt nima o‘zi?

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi, «UNICON.UZ» davlat unitar korxonasi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi hamkorligida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ilmiy asoslari va muammolariga bag‘ishlangan forsayt o‘tkazildi. Xo‘sh, forsayt degani nima o‘zi?

Forsayt bu inglizchadan tarjima qilinganda kelajakka nazar, degan ma’noni anglatib, biron bir voqea, jarayon, hodisani bir necha yil oldinga nazar tashlagan holda kelajakdagi holatini ko‘zdan kechirish degani ekan. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov gapirib, bugungi forsayt ham aynan AKT sohasidagi hozirgi holat, muammolarni aniqlagan holda, uning yaqin va uzoq istiqboliga nazar solib, soha rivojiga hissa qo‘shadigan yechimlarni, yo‘nalishlarni aniqlashdan iboratligini ma’lum qildi. 

Foto: «Xabar.uz»

— Ma’lumki, ayni paytda Innovatsion rivojlanish vazirligi Innovatsion rivojlanish strategiyasini joriy qilish ustida ish olib bormoqda, — dedi A.Nazarov. — Strategiyada, xususan, Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini ko‘paytirish va 2021 yilga borib bu ko‘rsatkichni yalpi ichki mahsulot hajmining 0,8 foiziga yetkazish masalasi qo‘yilgan. Vazirlik tomonidan tuzilgan ishchi guruh taxminan 25 ta ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlarining faoliyatini o‘rganishi ko‘zda tutilgan.

Foto: «Xabar.uz»

Forsaytda Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi — «UNICON.UZ» davlat unitar korxonasi direktori Maxsum Mahmudov hamda TATU huzuridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi direktori Rustam Hamdamovlar markazlar faoliyati haqida taqdimotlar o‘tkazishdi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda mamlakatimizda AKTning ilmiy asoslari va muammolariga bag‘ishlangan mavzularida qizg‘in muhokamalarni boshlab yuborishdi. Yakunda ikkala markazning faoliyatini yanada takomillashtirish borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi. Bu mavjud muammolarni birgalikda hal etish va aniq rejalar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring