«Nima uchun aynan UNICON?» — Timur Mashanpin buning sababini izohladi
«UNICON.UZ» DUK 30 yillik tarixga ega ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil qilish va ilg‘or AKT texnologiyalarini joriy etish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi korxonadir.
Bugun «UNICON.UZ» DUK korxonasining texnologik yechimlari mamlakatimizning barcha soha jabhalari faoliyatini avtomatlashtirishda yordam beradi.
Korxona direktorining birinchi o‘rinbosari Timur Mashanpinni suhbatga tortdik.
— «UNICON.UZ» DUK tomonidan ishlab chiqilgan, hozirgi kunda mamlakatimizda keng qo‘llanilayotgan muhim ahamiyatga ega axborot tizimlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.
— Ta’kidlash joizki, «UNICON.UZ» axborot texnologiyalari sohasida nafaqat me’yoriy hujjatlar ishlab chiqish va turli laboratoriya sinovlari o‘tkazish, balki davlat ahamiyatiga ega axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishda ham yetakchi korxonadir. Bugungi kunga qadar korxonamiz tomonidan mamlakatimiz Sud tizimini yanada isloh qilish va sud tizimiga axborot texnologiyalarini joriy qilish borasida «Iqtisodiy sudlarda sud ishlarini elektron shakllantirish», «Sud qarorlarini sud jarayonlari qatnashuvchilarining roziliklari bilan, shaxsiy va tijorat sirlarini saqlagan holda butunjahon Internet tarmog‘ida e’lon qilish» dasturiy ta’minotlari va «Sud majlislarini Internet tarmog‘i orqali videotranslyasiya qilish», «Ye-XSUD» yagona axborot tizimlari ishlab chiqildi.
Ichki ishlar va huquq-tartibot organlari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida «Mahkumlarni va ularga qo‘llanilgan intizomiy choralarni hisobga olish» axborot tizimi, «Probatsiya xizmatining Markazlashgan elektron tizimini ishlab chiqish va boshqa tizimlar bilan integratsiya qilish», «Jazoni ijro etish Departamenti va uning bo‘linmalari o‘rtasida himoyalangan kanallar orqali videokonferens aloqani tashkil etish», «Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotganlar bilan uchrashuv vaqtlarini, uchrashuvga kelganlar hisobini yuritish hamda ularga yetkazib beriluvchi pochta, banderol va kiritilgan mahsulotlarning elektron hisobini yuritishga mo‘ljallangan axborot tizimi kabi ko‘plab axborot tizimlari ishlab chiqilgan.
«Elektron hukumat» loyihalari doirasida Idoralararo ijro intizomining yagona elektron tizimi «ijro.gov.uz» loyihasi o‘ta muhim ahamiyatga ega. Ushbu axborot tizimi malakatimizda barcha davlat idoralarida ijro intizomini va berilgan topshiriqlar bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha yirik platformadir. Bugungi kunda tizim yanada takomillashtirilib, unga yangi modullar qo‘shilmoqda.
Yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha «E-kasb» onlayn platformasi, mamlakatda mavjud bino va inshootlarni, tegishli loyiha hujjatlarini elektron hisobini yuritish bo‘yicha pasportbino.uz axborot tizimi, davlat idoralari xodimlari uchun himoyalangan «Ye-XAT» pochta tizimi kabi yirik loyihalar ham muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
— Markaz tomonidan «Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi» ham ishlab chiqilgan ekan, shu haqida gapirib o‘tsangiz?
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 4 oktyabrdagi PQ-3961-son qarori asosida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqilgan.
Mazkur tizimdan 2019 yil 22 dekabr kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi jarayonida foydalanildi, respublika bo‘yicha 20,5 mln. saylovchilarning elektron ro‘yxati shakllantirildi. Shu bilan birga, 2019 yilda joriy etilgan Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati joriy saylovlar uchun sezilarli darajada takomillashtirildi, saylovchilar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida sinxron yangilash imkonini yaratdi va internet tarmog‘ida foydalanish mumkin bo‘ldi.
— «UNICON.UZ» korxonasi FV ogohlantirish va xabar berish avtomatlashtirilgan tizimining yagona integratori etib belgilandi. Nima uchun aynan «UNICON.UZ» operator etib belgilandi? Loyiha maqsadi nima? Kelgusida loyihadan ko‘zlangan rejalaringiz qanday?
— O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi «UNICON.UZ» fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi» DUK favqulodda vaziyat ro‘y berish xavfi yoki favqulodda vaziyat ro‘y berganligi haqida xabar berishning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari, loyiha hujjatlari, shu jumladan, texnik topshiriq va texnik iqtisodiy hisoblarni hamda apparat-dasturiy tizim va texnik vositalarni ishlab chiqish hamda joriy etish bo‘yicha yagona integrator etib belgilandi.
«Nima uchun aynan UNICON?», chunki raqamlashtirish sohasida 30 yillik tajribaga ega, kuchli ilmiy salohiyatga ega xodimlar jamoasidan iborat korxona hisoblanamiz. Davlat tashkilotlari uchun bir qator axborot tizimlari korxonamizning kuchli mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilib, bugungi kunga qadar texnik qo‘llab quvvatlanmoqda. Xususan, Ichki ishlar vazirligi bilan chambarchas hamkorlik qilgan holda, vazirlik tizimidagi tashkilotlarda mavjud jarayonlarni avtomatlashtirish uchun bir qator AT ishlab chiqib yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, markaziy saylov komissiyasi uchun SJBAT (Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi) ishlab chiqilgan, bugungacha takomillashtirilib, texnik qo‘llab-quvvatlanib kelinomqda.
Endilikda «UNICON.UZ» DUK FV haqida ogohlantirish va xabar berish tizimining tartibga soluvchisi hisoblanadi.
«UNICON.UZ» tomonidan ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan tizim favqulodda vaziyat ro‘y berishi xavfi haqida ogohlantiradi, favqulodda vaziyat ro‘y berganligi to‘g‘risida ishonchli va tezkor ma’lumotlar bilan ta’minlashda yordam beradi. Shuningdek, dasturiy ta’minot orqali aholi gavjum joylarda xabar berish tizimiga ulangan terminal komplekslarda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yoki ro‘y bergan favqulodda vaziyatda to‘g‘ri harakat qilish tartibi va muhofazalanish usullari video yoki audio talqinda ta’minlanishi belgilangan.
— Markaz xalqaro tashkilotlar bilan ham faoliyat yuritadimi?
— Ha albatta. Markazimizda xalqaro tashkilotlar bilan faoliyat yuritadigan bir nechta yo‘nalishlar mavjud, masalan AKT sohasini standartlashtirish yo‘nalishi. Bu yo‘nalishimiz Xalqaro elektraloqa ittifoqi (ITU), Yevropa telekommunikatsiya standartlari instituti (ETSI), Xalqaro standartlar instituti (ISO) va Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) kabi dunyo taniydigan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar olib boriladi.
Shu bilan birga markazimiz mutaxassislari Xalqaro elektraloqa ittifoqining bir qator sektorlarida tadqiqot komissiyasilari va guruhlarida a’zo sifatida faoliyat olib boradi.
— Hozirda korxonangiz tomonidan mamlakatimizda raqamlashtirish bo‘yicha qanday yangiliklar amalga oshirilmoqda?
— Davlatlararo miqyosda transchegaraviy elektron o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish chora tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Hozirda korxonamiz tomonidan amalga oshirilayotgan «Ishonchli uchinchi taraf» xizmati elektron hujjatlarni davlatlararo almashish va elektron raqamli imzoning haqiqiyligini, elektron hujjatning identifikatori va yaxlitligini tasdiqlash hamda natijada uning yuridik kuchi va ishonchliligini tan olish bilan bog‘liq jarayonlarni avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan.
— Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi yo‘nalishi haqida batafsilroq to‘xtalsak...
— O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya tarmoqlarining jadal rivojlanishi va jahon axborot texnologiyalarining takomillashuvi telekommunikatsiya ob’yektlarini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga qat’iy talablar qo‘ymoqda.
Aloqa ob’yektlarini loyihalash va qurish faqat tegishli organlarda faoliyatning har bir turi uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish telekommunikatsiya ob’yektlarini ishga tushirishning majburiy bosqichidir.
Qurilish ob’yektlarning loyiha yechimlari quyidagilarni ta’minlashi kerak:
- zamonaviy texnika va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish;
- O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi.
Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda tegishli me’yor va qoidalar talablariga javob bermaydigan ob’yektlar qurilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida loyihalashtirilayotgan ob’yektning texnik, sanitariya, iqtisodiy, shuningdek davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik me’yorlarga muvofiqlik siyosati tahlil qilinadi.
Loyiha-smeta hujjatlari bo‘limi 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tomonidan berilgan litsenziya asosida tashkil etilgan.
Bugungi kunda bo‘lim Radioaloqa, radioyeshittirish va televideniye ob’yektlari, shu jumladan uyali aloqa, radiorele aloqasi, kabel televideniyesi, mahalliy, shaharlararo va xalqaro aloqa tarmoqlari, ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari, mahalliy kompyuter tarmoqlari va boshqalarni qurish bo‘yicha ishchi loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish xizmatini ham taqdim etadi.
Markazning vakolatli mutaxassislari tegishli me’yoriy hujjatlar asosida telekommunikatsiya ob’yektlarini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish xizmatlarni ko‘rsatadilar.
— Xizmat ko‘rsatish sohasida yana qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
— «UNICON.UZ» DUK tomonidan ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi avtomatlashtirilgan axborot tizimlar, ijtimoiy loyihalar va shu kabi boshqa dasturiy ta’minotga ega loyihalarni amaliyotga joriy qilish hamda Respublikada Data-markazga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish maqsadida tashkil etilib, Co-location xizmati ishga tushirilgan. Shuningdek yil oxiriga qadar Mijozlarga virtual serverlarni taqdim etish xizmatini (VPS) ishga tushirish rejalashtirilgan.
Data-markaz Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, TIER-3 talablariga muvofiq qurilgan: uzluksiz kafolatlangan elektr ta’minoti tizimi ikkita mustaqil podstansiya tomonidan ta’minlanadi hamda zaxiralangan uzluksiz quvvatlash manbai (UPS) va dizel generatorlar kompleksi o‘rnatilgan. Shuningdek, Data-markaz qurilmalarini sovutish tizimi N+1 zaxiralash sxemasiga muvofiq tashkil etilgan. Mijozlarning har bir qurilmalari uzluksiz quvvat manbaiga ulanishi kafolatlanadi.
Mijozlarni texnik qo‘llab quvvatlash 24/7 rejimida ishlaydi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifati to‘g‘risida kelishuvi bilan kafolatlangan 99.9% (SLA) taqdim etiladi.
Data-markaz yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda ham serverlarning uzluksiz ishlashini ta’minlaydigan gazli yong‘inni o‘chirish tizimi bilan jihozlangan. Yong‘in o‘chirish tizimi gaz o‘chirish vositasi asosida ishlaydi va yong‘in signalizatsiya tizimi (erta javob sensorlari va harorat sensorlari) bilan birlashtirilgan.
Hozirda «UNICON.UZ» DUKning ishonchli yuqori texnologik infratuzilmaga ega Data-markazi Co-location xizmatini ko‘rsatishni boshlagan va hamkorlikka tayyor.
Joriy yakuniga qadar mijozlar uchun Data-markazi tomonidan bulutli xizmatlar (VPS) ham ko‘rsatilishi rejalashtirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter