Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fermer xo‘jaligi tugatilmaydigan bo‘ldi: tadbirkorning huquqlari tiklandi

Fermer xo‘jaligi tugatilmaydigan bo‘ldi: tadbirkorning huquqlari tiklandi

Foto: Xabar.uz

Surxondaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor «Diyor» (nomi o‘zgartirilgan) fermer xo‘jaligi tugatilganidan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qildi.

Aniqlanishicha, Denov tuman hokimining 2007 yil 28 yanvardagi qaroriga asosan, fermer xo‘jaliklarini tashkil etish uchun kim-oshdi savdosida g‘olib chiqqan fuqaro X.Ch.ga 2,91 gektar tutzor, 0,26 gektar ariq va yo‘llar, jami 3,17 gektar tutchilikka mo‘ljallangan yer maydoni 45 yil muddatga ijaraga ajratilgan.

2007 yil 20 fevralda Ch.X. «Diyor» fermer xo‘jaligini tashkil qilib, sobiq Denov tuman hokimligi tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan. Fermer xo‘jaligi va Denov tuman hokimligi o‘rtasida 2007 yil 21 fevralda uzoq muddatli yer ijara shartnomasi rasmiylashtirilgan. Shundan so‘ng «Diyor» fermer xo‘jaligining 3,17 gektar yer maydoni fermer xo‘jaligiga ijara huquqi bilan tegishli ekanligi 2007 yil 1 noyabrda tasdiqlanib, guvohnoma berilgan.

Sobiq Denov tuman hokimligi huzuridagi «Yagona darcha» markazi direktorining 2017 yil 6 fevraldagi qaroriga asosan, moliya xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va belgilangan muddatlarda ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan 166 ta korxona qatorida «Diyor» fermer xo‘jaligi ham davlat reyestridan chiqarilishi va tugatilishi belgilangan.

Mazkur qaror tadbirkorning huquq va manfaatlarini buzgan deb hisoblab, «Diyor» fermer xo‘jaligiga oid qismini haqiqiy emas deb topishni hamda javobgar zimmasiga fermer xo‘jaligini davlat reyestriga kiritish majburiyatini yuklashni, shuningdek, o‘tkazib yuborilgan muddatni uzrli deb topib tiklashni so‘rab ariza bilan sudga murojaat qilingan.

Sud arizada ko‘rsatilgan ushbu asoslarni ishdagi hujjatlarga asosan tekshirib, tadbirkorning buzilgan barcha huquqlarini tikladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring