Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fattoh Shodiyev fondi Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarga yordam beradi

Fattoh Shodiyev fondi Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarga yordam beradi

Shodiyev Xalqaro fondi (ICF) koronavirus pandemiyasi vaqtida O‘zbekiston fuqarolariga keng ko‘lamli yordamni davom ettiradi. ICF shu maqsad yo‘lida Rossiyada qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolariga yordam berayotgan «Sahovat» markazi hamkoriga aylandi.

«Sahovat» markazi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi ko‘magi ostida Moskva shahrida yashab kelayotgan o‘zbekistonliklar tomonidan ochilgan. Markazning asosiy maqsadi — Rossiyada ishsiz va yashash uchun daromadsiz qolib ketgan o‘zbekistonliklar, ularning oilalari va koronavirus pandemiyasiga qarshi o‘rnatilgan karantin bois Vatanga qaytishga ulgurmay qolgan hamyurtlarimizga yordam berishdan iborat.

Ayni vaqtda «Sahovat» markazi Moskva shahri va Moskva viloyatida faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birgalikda Rossiyaning boshqa yirik shaharlarida ham faoliyatni rivojlantirish harakati yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu vaqtga qadar muhtojlarga oziq-ovqat va dori-darmon vositalarini manzilli yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan. Moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish tizimi ustida ish olib borilmoqda. Birinchi navbatda ayollar, yosh bolali oilalar, qariya va nogironlarga yordam ko‘rsatilyapti.

Shodiyev fondi «Sahovat» markazi muvaffaqiyatli va samarali faoliyat ko‘rsatishi hamda o‘z geografiyasini kengaytirishi uchun pul ajratadi. Fond asoschisi, metsenat Fattoh Shodiyev bu borada shunday dedi:

«Biz bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz va «Sahovat» markazi asoschilari hamda ko‘ngilli xizmatchilariga, shuningdek, Rossiya hududida og‘ir vaziyatda qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarining taqdiriga befarq bo‘lmagan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda Rossiya hududida qolib ketgan o‘zbekistonliklardan 1 millionga yaqini favqulodda yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin. Ularning aksariyati o‘z ishini yo‘qotgan va og‘ir ahvolda qolgan mehnat muhojirlaridir. Biz yordamga muhtoj bo‘lgan o‘zbekistonliklar va ularning oilasiga ko‘mak ko‘rsatish uchun «Sahovat» markazi bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz».

Shodiyev Xalqaro fondi shuningdek O‘zbekiston hududida ham koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq xayriya dasturlarini davom ettiradi. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarning kelgusi bosqichi haqida yaqin vaqtlar ichida xabar beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring