Farg‘onada soxta «DXXchi» qo‘lga olindi. U davlat xodimidan pul talab qilgan
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining direktor o‘rinbosari T.I tovlamachilik yo‘li bilan viloyatdagi tumanlardan birining xalq ta’limi bo‘limi mudiri U.R dan pul olayotganda ushlandi. T.I o‘zini tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri U.R ga “DXX viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi” sifatida tanishtirgan.
Aniqlanishicha, u xalq ta’limi bo‘limi mudiriga uning ustidan ariza tushganligini ma’lum qilgan. Bo‘lim mudiri har oyda maktab direktorlaridan pul talab qilib kelayotganligini, yaqinda yuqori lavozimga qo‘yilgan ayoldan katta miqdorda pora olganligini isbotlovchi audio va video yozuvlar borligini aytib, uni javobgarlikdan qutqarib qolish evaziga 15 million so‘m talab qilgan.
DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari bilan o‘tkazilgan tadbirda T.I ko‘rsatib o‘tilgan miqdordagi pulni olayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan T.I.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 1–qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter