Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona vodiysi – kontrabanda tamaki mahsulotlari savdosi bo‘yicha reyting yetakchisi

Farg‘ona vodiysi – kontrabanda tamaki mahsulotlari savdosi bo‘yicha reyting yetakchisi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yil boshida 2024 yildagi makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashning ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda yashirin iqtisodiyot tufayli davlat budjetining yo‘qotishlarini raqamlarda e’lon qildi. Bu raqam 30 trln so‘m ($2,4 mlrd)ni tashkil qildi. Ushbu mablag‘ aholining zaif qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga, maktablar qurilishi va rekonstruksiya qilinishiga, tibbiy muassasalarning zamonaviy jihozlar bilan jihozlanishi va boshqa xayrli maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin edi.

Noqonuniy biznes sohalari ichida yetakchi maqomlardan birini tamaki mahsulotlari kontrabandasi egallaydi. Har yili noqonuniy sigaretlar savdosi tufayli mamlakat davlat budjeti bir necha milliard so‘mga teng ziyon ko‘radi. Chunonchi, masalan, 2023 yilda respublika davlat budjeti trillion so‘m soliq tushumlarini boy berdi.

Joriy yilning birinchi olti oyida davlat budjeti daromadlari va xarajatlari haqida yaqinda e’lon qilingan hisobotda ko‘rsatilishicha, daromadlar 115,9 trillion so‘mni, xarajatlar esa 149,8 trillion so‘mni tashkil qilgan. Budjet defitsiti 34 trillion so‘mga yetgan. Solishtirish uchun: 2023 yil birinchi yarmida davlat budjeti defitsiti 26,8 trln so‘mni tashkil qilgandi, ya’ni bir yilda 27% ga o‘sgan. Agar tamaki mahsulotlari eksportchilari va sotuvchilari o‘z faoliyatlarini qonunga muvofiq yuritganlarida, O‘zbekiston xazinasi ularning noqonuniy harakatlari tufayli ulkan miqdorda ziyon ko‘rmagan, budjet defitsiti keskin qisqargan bo‘lardi.

Biroq mamlakat oldida noqonuniy tamaki bozori muammosi hali ham juda o‘tkir bo‘lib turibdi. Respublikada uning ulushi, joriy yil mart oyi holatiga, 15,3% ni tashkil qiladi. Eng ko‘p va tez-tez kontrabanda tamaki mahsulotlarini sotuvchi eng «qonunga bo‘ysunmas» hududlar – bu Farg‘ona vodiysi viloyatlaridir. Kontrabanda savdosi bo‘yicha yetakchi necha yildan beri Namangan bo‘lib kelmoqda (47,8%), Uning ketidan Farg‘ona (35,4%) va Qo‘qon (31,9%) joy oladi. Ro‘yxatni Andijon (19,1%) nihoyalaydi. Farg‘ona vodiysida noqonuniy tamaki bozorining umumiy ulushi butun O‘zbekiston bo‘yicha jami hajmning 30,1 foizini tashkil qiladi.

Reydlar va kontrabanda mahsulotini yo‘q qilish to‘g‘risidagi yangiliklar axborot nashrlarida muntazam va tez-tez ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, bu oyda Bosh Prokuratura xodimlari, IIV vakillari bilan birgalikda, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida va Namangan viloyatining Pop tumanida tekshiruv o‘tkazdilar va aksizi bo‘lmagan tamaki mahsulotlarini sotishga uringan fuqarolarni aniqladilar. Ulardan chet elda ishlab chiqarilgan, aksiz markasi va belgilangan namunadagi markirovkasi bo‘lmagan 2 215 quti sigaret musodara etildi.

Shuningdek, shu kunlarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Bosh Prokuratura xodimlari 1 850 quti noqonuniy «Milano» va «Esse Change» markali sigaretlarni sotishga uringan tadbirkorlarni qo‘lga oldi.

Qonunbuzarlik poytaxtda ham ro‘y bermoqda. Toshkentning Yakkasaroy tumanida savdo nuqtalaridan birini sotuvchisi xaridorga kontrabanda tamaki mahsulotini sotishda qo‘lga tushdi. Tekshiruvdan keyin undan aksiz markasi va belgilangan namunadagi markirovkasi bo‘lmagan 1 198 quti sigaret olib qo‘yildi.

Bu va boshqa qo‘lga olishlar haqidagi ko‘plab yangiliklarga qaramay, yuqorida keltirilgan raqamlar ko‘rsatishicha, O‘zbekistonda noqonuniy tamaki bozoriga qarshi kurash hali ham talab darajasida emas. Shu sababli, nazorat, qonunbuzarlarni aniqlash va jazolashga mas’ul tuzilmalar va idoralar yashirin tamaki bozorini qisqartirish masalasini hal etishga bahamjihat va mas’uliyat bilan yondashishlari lozim.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring