Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev «bilib-bilmay» berilgan ozor uchun uzr so‘radi (video)
Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev keng jamoatchilikdan, ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida kuzatib borayotganlardan uzr so‘radi. Uning uzri tasvirlangan videoni xalqaro press-klub tarqatdi.
«Kimdir sizlarga bilib-bilmay qo‘pol muolmada bo‘lgan bo‘lsa, viloyat hokimi sifatida men bo‘yin egib, uzr so‘rayman. O‘zbekistonda birovning qalbiga ozor berishga hech kimga huquq berilmagan. U tuman hokimi bo‘ladimi yoki viloyat hokimimi, boshqalarga ozor bermasligi kerak. Bunday qilganlarga chora ko‘riladi», — deydi Shuhrat G‘aniyev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator hokimlarni, xususan, Shuhrat G‘aniyevni ko‘chmas mulk buzilishlari bo‘yicha olib borayotgan ishini keskin tanqid qilgan va xalqdan uzr so‘rashni talab qilgan edi.
«Mana, internet foydalanuvchilarining Rishtondagi ko‘chmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul berayapman, pulni «Obod qishloq» qilinglar, deb berayapman. Mana, sening menga «do‘stliging», G‘aniyev degan vallomat!
Mana, odamlar izohlarda yig‘layapti, sening rasming yo‘q, prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga o‘xshab ahmoqlarcha «buza, buz» deysan. Buzishdan avval sen o‘z boshingni buz. Men seni shuning uchun tarbiya qilib yuruvdimmi? Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib…
Bolalar mehnati bor edi, endi u yo‘q bo‘ldi, endi butun internet prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan to‘lib toshdi.
Ey noinsof, Rishton bo‘yicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob G‘aniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Ro‘ziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qo‘rqadi! Nega desangiz, saviyang yo‘q, biliming yo‘q, kitob ham o‘qimaysan, prezidentning qarorini ham», — degan edi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter