Farg‘ona. Jurnalistga qilingan hujum «zakaz»midi?
Kecha Farg‘onada «Effect.uz» sayti xodimi noma’lum shaxslar hujumiga uchragani xabar qilingandi.
Bugun Bosh prokuratura holat yuzasidan JKning 166-moddasi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va 4 nafar shaxs gumondor tariqasida ushlanganini ma’lum qildi.
Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz»ga bergan qisqa intervyusida voqea tafsilotlari ochiqladi.
Aniqlanishicha, 2020-yil 13-may kuni soat 18:30lar chamasida «Effect.uz» sayti tasvirchisi G‘.Eshev «Matiz» rusumli avtomashinasida xizmat yuzasidan Quvadan Farg‘ona shahriga qaytayotgan bo‘ladi.
Tasvirchi Andijon-Farg‘ona va Qo‘shkechik-Begat yo‘llari kesishgan chorrahadagi svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtagan paytda yon tomondan fuqaro U.I (1982-yilda tug‘ilgan) o‘z boshqaruvidagi «Matiz»da uch nafar sheriklari (barchasining shaxsi aniqlangan) bilan yetib kelib, G‘.Eshevning ko‘ziga noma’lum moslama bilan (ko‘zni yoshlantiruvchi) suyuqlik sepib, narxi 20 000 000 mln. so‘m bo‘lgan «Canon 6D» rusumli videokamerasini qo‘lga kiritishadi.
Shundan so‘ng G‘.Eshev videokamerani qaytarib olish maqsadida boshqaruvidagi «Matiz»i bilan ularning (U.I. va sheriklari ketayotgan «Matiz») ortidan quvadi. Quva-Marg‘ilon va Qo‘shkechik-Begat chorrahasidan Quva tumaniga burilishda to‘rttovlon o‘tirgan «Matiz»ning orqasiga urishi natijasida avtomashina yo‘l chetidagi uyga borib uriladi. Ayni jarayonda to‘rtovlon videokamerani o‘zlari bilan olgan holda avtomashinadan tushib hodisa joyidan yashirinadi. Yashirinish paytida ulardan biri G‘.Eshevga tegishli «Matiz» avtomashinasining orqa oynasini tosh bilan urib sindirishga ulguradi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida «Canon 6D» rusumli videokamera gumondorlarning biridan daliliy ashyo tariqasida olingan. Videokameraga hech qanday shikast yetkazilmaganligi hamda xotira kartasi o‘rnida ekani aniqlangan.
Ayni paytda gumondorlar JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Jabrlanuvchi tomonning bayonoti, shuningdek, voqelik bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarda go‘yoki buyurtmachi Quva tumani hokimligi mas’ullari ekani aytilmoqda.
Barcha gumonlarga tergov jarayonida aniqlik kiritiladi.
Jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter