Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FAOning yangi loyihasi degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashga yordam beradi

FAOning yangi loyihasi degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashga yordam beradi

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik, agrotexnik tadbirlarni noto‘g‘ri o‘tkazish yer va yaylovlarning tanazzulga uchrashiga – eroziyalanishiga sabab bo‘lmoqda. Chorva mollarining tartibsiz boqilishi qum va chang bo‘ronlari ko‘tarilishiga, o‘rmonlarning yo‘qolishi, tuproqlarning sho‘rlanishiga olib kelmoqda. Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi boshlangan (FAO) «O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish» yangi loyihasining Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

FAOning ushbu loyihasi hosildorlikni oshirish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash uchun yer va o‘rmon resurslarini boshqarishning innovatsion usullarini joriy etadi, bu esa yer degradatsiyasining neytral muvozanatini saqlashga imkon beradi.  

O‘zbekistonda 20 million gektardan oshiq hudud cho‘llanishga qarshi kurash choralarini talab qiladi – butun mamlakat bo‘ylab yerlarning degradatsiyasi kuzatilmoqda. Ayniqsa Buxoro va Navoiy viloyatlarining tumanlari hamda Amudaryo va Sirdaryo daryolari havzalarining past tekisliklari bu jarayonlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar hisoblanadi.

 –Loyiha 5 yil ichida amalga oshiriladi. Buxoro viloyatining Jondor va Navoiy viloyatining Nurota tumanlari landshaftlari loyiha hududi sifatida tanlab olingan. Bu hududlarda yerdan foydalanishning kompleks rejalarini joriy etish, fermerlarning salohiyati, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yerdan foydalanishni monitoring qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi, – deb ta’kidladi  loyihaning bosh texnik maslahatchisi Nariman Nishonov. – Shu bilan birga, yaylovlardan foydalanish sharoitlarini yaxshilashda gender muvozanatini saqlashga alohida e’tibor qaratiladi. Yer degradatsiyasining milliy ko‘rsatkichlarini yaxshilash, jahon miqyosida tan olingan ko‘rsatkichlarni milliy darajaga uyg‘unlashtirishga katta e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, biz yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishish uchun sohada resurslarni safarbar qilishga ko‘maklashamiz.

Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu loyiha mamlakatning yer degradatsiyasining neytral muvozanati bo‘yicha majburiyatlarini bajarishni maqsad qilgan. Ya’ni O‘zbekistonda yer va o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish va landshaftlarni tiklash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring