Ehtiyot bo‘ling, feyk!
Feyk xabarlar (yolg‘on xabarlar) – moliyaviy yoki siyosiy foyda olish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlardir.
Dunyo aholisining yarmidan ko‘pi muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda yangiliklarni o‘qiydi va baham ko‘radi. Bu, o‘z navbatida, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning keskin o‘sishi, raqamli kontentni nazoratsiz joylashtirish va ko‘paytirish, yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oshishiga olib keldi. Qaysi xabar haqiqat va qaysi biri yolg‘on ekanligini aniqlash har doim ham oson emas.
Tangani ikki tarafi bo‘lgani kabi rasmiy ma’lumot o‘z vaqtida berilmasligi, axborot yetishmasligi tufayli odamlar har qanday yangilikka, feyklarga ishonishadi. Buning ajablanarli joyi yo‘q — ijtimoiy tarmoqlardagi oddiy yangiliklarga nisbatan provokatsion xabarlar yashin tezligida tarqaladi. Yangiliklar lentasidagi hayqiriqli sarlavhalar va shov-shuvli fotosuratlar e’tiborni tortadi va ko‘pchilik bunday yangiliklarni o‘qiydi va o‘z yaqinlari bilan bo‘lishadi.
Masalan, 2022 yil fevral oyi boshlarida Interfaks «Tolibon» Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaradosh viloyatlarga zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan qurollangan 10 ming jangchi jo‘natayotgani haqida yolg‘on xabar tarqatgandi. Yoki bo‘lmasam, Sog‘liqni saqlash vazirligi go‘yoki vaksina olganlarga 750 ming so‘mdan berayotgani haqida asossiz xabarlar tarqalgandi. Yuqoridagi yangiliklar rasmiy idoralar tomonidan rad etildi. Yolg‘onning umri qisqa bo‘lganidek, feyk xabar 3-4 kun yashaydi, xolos.
Yolg‘on ma’lumotlarning tarqalish ko‘lamini hisobga olgan holda, ularga qarshi kurashda tezkor va samarali yechimlarga ehtiyoj har qachongidan ham dolzarbdir.
O‘zbekistonda yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik joriy etilgan bo‘lib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2022-moddasiga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2446-moddasiga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Pandemiya davrida internetdagi feyk xabarlar soni 10 barobarga oshdi. Shu sabab, O‘zbekistonda COVID-19 haqidagi soxta ma’lumotlar uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi.
Ommaviy dezinformatsiyaning jamiyatga salbiy ta’siri tadqiqotchilarni yolg‘on ma’lumotlarni tanib olishning yangi usullariga murojaat qilishga majbur qildi.
Bugungi kunda bir qator FakeBox, FightHoax, TrulyMedia, SocialTruth va boshqa servislar mavjud bo‘lib, ular xabarni (muallif, sarlavha, manbalarga havolalar, nashr etilgan sana) lingvistik tahlilini amalga oshirishadi. Tizimning ishlashi natijasida kiritilgan ma’lumotlar rost yoki noto‘g‘ri deb tasniflanadi.
Mutaxasislar fikriga ko‘ra. zamonaviy matn tasniflash texnologiyalari dezinformatsiyani filtrlash jarayonini tezlashtirish va qisman avtomatlashtirish imkonini beradi. Biroq, bir ixtisoslashgan servisga yoki tekshirish algoritmiga yolg‘on ma’lumotni aniqlash vazifasini to‘liq ishonib bo‘lmaydi.
Feykni qanday aniqlasa bo‘ladi?
Mutaxassislar feykni aniqlashning bir necha usularini ko‘rsatib o‘tishgan.
Yangilikni to‘liq o‘qish. Birinchi navbatda, sarlavha maqola matniga mos kelishiga ishonch hosil qilish kerak. Ko‘pincha kontekstdan yulib olingan gap ortida hech qanday sensatsiya bo‘lmaydi.
Internet-nashrni tekshirish. Ushbu saytning URL manziliga (tarmoq manziliga) e’tibor berish. Internet-nashr haqida batafsil ma’lumotni ko‘rib chiqish: ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi ma’lumotlar, tahririyat guruhi.
Asl manba ko‘rsatib o‘tilganmi? Bu voqeani dastlab kim xabar qildi — rasmiy organlar, nufuzli tashkilotlar yoki shubhali noma’lum ekspertlar? Qo‘shimcha manbalar havola qilinganmi? Boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanganmi?
Mualifni tekshirish. Yana qanday maqolalar uning qalamiga tegishli? Internetda u haqida biron bir ma’lumot bormi? U ilgari nima haqida yozgan?
Xolislik va manfaatdorlik haqida o‘ylab ko‘rish. Yangiliklardagi haddan tashqari emotsionallik yolg‘on xabar yoki siyosiy targ‘ibotning birinchi belgisidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter