Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada vafot etgan 4 kishi haqidagi xabarga o‘zbekistonliklarning surati qo‘yib tarqatildi

Turkiyada vafot etgan 4 kishi haqidagi xabarga o‘zbekistonliklarning surati qo‘yib tarqatildi

Joriy yil 18-iyun kuni Turkiyaning Izmir shahrida 4 nafar Turkmaniston fuqarolarining jasadi topilgani haqida xabar tarqalgan edi. Turkiya OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xabarlarga O‘zbekiston fuqarolarining rasmlari ilova qilinib tarqatilgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasi mazkur holatga e’tibor qaratib, Turkmanistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi, xabarni birinchi bo‘lib tarqatgan OAV rahbariyati, ijtimoiy tarmoq faollari va rasmi e’lon qilingan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘langan va holatga oydinlik kiritgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jasadlar Turkmaniston fuqarolari Gulkamar Hanimova, qizlari Leyla Geldiazova va Lachin Geldiazova hamda Ruslan Kerimov ismli shaxslarga tegishli bo‘lgan. Lekin ilova qilingan suratdagi O‘zbekiston fuqarolari vafot etmagan. Hozirda rasmlar qanday almashib qolganligi o‘rganilmoqda.

Rasmdagi fuqarolar 6 yil avval Istanbulda birga tushgan bo‘lib, vafot etgan turkmanlar bilan aloqasi bo‘lmagan va Izmirda ham bo‘lishmagan.

Surishtiruvlarda noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan OAV mutasaddisi rasmni Izmir politsiyasidan olganligini ta’kidlagan. Turkmanistonlik diplomatlardan surishtirilganida vafot etgan shaxslarning haqiqiy rasmlari yo‘qligi aniqlangan.

Ayni paytda Izmir politsiyasi va xabarni tarqatgan OAV vakillariga ma’lumotlarni to‘g‘rilash bo‘yicha Bosh konsulxona o‘z rasmiy talabini yo‘llagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring