Yevroittifoq rossiyaliklarga viza berishni taqiqlash masalasini muhokama qilmoqda
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumi tufayli unga vizani taqiqlash taklifini ko‘rib chiqmoqda.
Ayrim chet el OAVlar bu taklifning qabul qilinmasligini taxmin qilishyapti.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari mazkur masalani muhokama qilish uchun Pragadagi norasmiy yig‘ilishning ikkinchi kunida uchrashdi. Bugungi yig‘ilish norasmiy bo‘lgani uchun hech qanday rasmiy qaror qabul qilinmaydi, ammo vazirlar o‘zlarining siyosiy qarorlarini e’lon qilishlari kutilmoqda.
Taklifni qo‘llab-quvvatlovchilar orasida Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlyandiya, Daniya, Polsha va Chexiya kabi YeI a’zolari bor. Bu davlatlar Rossiya fuqarolarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirishiga Yevropa Ittifoqi miqyosida taqiq qo‘yishni talab qilib, buni milliy xavfsizlik masalasi deb baholamoqda.
Rossiyaliklarga viza berishni taqiqlash tarafdorlari, shuningdek, «Ukrainaga hujum qilgan davlat fuqarolariga Yevropa bo‘ylab sayohat qilishlari, dam olishlari, xarid qilishlariga ruxsat berish ma’naviy jihatdan to‘g‘ri kelmaydi» degan fikrni bildirishmoqda.
Ukraina hukumati ham bu taklifni qabul qilish uchun Yevropa Ittifoqiga bosim o‘tkazmoqda.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari esa, masalaning nozik ekanini, «oradagi munosabatlarni buzmaslik» uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qilish kerakligini, buning «Rossiya prezidenti Putinning urushi» ekanligini va bu uchun butun rus xalqini jazolash to‘g‘ri bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.
Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrell bu mavzudagi fikrini bildirar ekan, «bu urush tugaganidan keyin Rossiya bilan bo‘lajak munosabatlar haqida o‘ylash kerak»ligini ta’kidlagan.
Ruslar uchun viza taqiqlanishiga qarshi chiqqanlar orasida Fransiya, Germaniya, Gretsiya kabi Yevropa Ittifoqi a’zolari va Janubiy Kiprning Rossiya ma’muriyati ham bor.
Fransiya va Germaniya, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan oldin, o‘z pozitsiyalarini ifodalovchi hujjat tayyorlab, Rossiya fuqarolariga ommatan taqiq qo‘yishga qarshi ekanliklarini bildirgan edilar.
«Shengen»ga a’zo Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchinchi davlat fuqarolariga vizalar beradimi yoki yo‘qmi, ularning ixtiyorida. Taqiqni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar o‘zlari Rossiya fuqarolari uchun viza cheklovlarini boshlab yuborishgan.
Masalan, Finlyandiya rossiyaliklarning boshqa Yevropa davlatlariga o‘tish uchun mamlakatdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun viza berish stavkalarini avvalgi hajmning 10 foizigacha kamaytirishini e’lon qildi.
Chexiya va Polsha urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay Rossiya fuqarolaridan viza olish uchun arizalarni qabul qilishni to‘xtatdi.
Yevropa Ittifoqining Rossiya fuqarolari uchun vizani taqiqlash taklifi o‘rniga bugungi yig‘ilishda Rossiya va YeI o‘rtasidagi vizalarni soddalashtirishni nazarda tutuvchi kelishuv to‘xtatilishi kutilmoqda.
Ushbu qaror bilan Rossiya fuqarolarining Yevropa Ittifoqi davlatlaridan viza olishlari qiyinlashadi. Ruslar viza uchun ariza berish uchun ko‘proq hujjatlar talab qiladi, viza tartib-qoidalari uzoqroq davom etadi va viza uchun to‘lovlar oshadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter