Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkinjon Turdimov: «Qurilishdagi pinhona kelishuvlar korrupsiyaga yo‘l ochgan»

Erkinjon Turdimov: «Qurilishdagi pinhona kelishuvlar korrupsiyaga yo‘l ochgan»

Foto: «Zarnews.uz»

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hokimlik binosida bo‘lgan yig‘ilishda qurilish bilan bog‘liq jarayonlar oshkora amalga oshirilishi lozimligini aytdi. Bu haqda «Zarnews.uz» xabar berdi.

Hokim yig‘ilganlarni Samarqand shahridagi qurilishlar bo‘yicha respublika prokuraturasi ishchi guruhi taqdim etgan ma’lumotnoma bilan tanishtirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat markazidagi 141 ta ob’yektda yer ajratish, qurilish tartib-qoidasi va texnologiyalari buzilgan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga mutaxassislar bilan bir qatorda keng jamoatchilikni jalb etishga kelishib olindi. Shu sababli yig‘ilishga hokimlik mutasaddilari, arxitektorlar, quruvchilar, shuningdek, deputatlar, OAV xodimlari, faol ziyolilar taklif etildi.

— Qurilishdagi pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlarining yopiqligi sohadagi qonun buzilishlari hamda korrupsiyaga yo‘l ochgan, — dedi Erkinjon Turdimov. — Ayniqsa, qadimiy shahardagi ayrim tarixiy meros ob’yektlariga zarar yetgan. Bu holat YuNESKO ma’muriyatining e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Bundan keyin viloyatda, xususan, yer ustidagi ochiq muzey deb tan olingan Samarqand shahridagi barcha qurilish oshkora amalga oshiriladi. Ob’yektlarning qurilishi, rejalashtirilishida jamoatchilik va aholi fikri hisobga olinadi. Qurilishdan shaxsiy manfaat ko‘rish uchun quruvchiga ham, ijro organi rahbarlariga ham, «o‘rtakash» tovlamachilarga ham yo‘l berilmaydi. Deputatlar, jurnalistlar, umuman, ziyolilardan iborat targ‘ibot guruhi aholi o‘rtasida hamda OAV orqali yangi ob’yektlar qurilishi bilan bog‘liq rejalarni tushuntiradi.

Ayrim mahallalarda eski uylar ko‘p, ba’zi mahallalarda kanilizatsiya yo‘q, hovlilar sel kelishi mumkin bo‘lgan suv yo‘llarida joylashgan. Tabiiyki, kelgusida bunday manzillarda rejali qurilishlar olib boramiz. Lekin har qanday sharoitda obida va binolar muhofazasi e’tiborda bo‘ladi.

Yig‘ilishda o‘rganilgan ob’yektlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda quruvchilik faoliyati bilan taniqli bo‘lgan «Umar» qurilish kompaniyasi rahbarlari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring