Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on G‘arb davlatlari Isroilni tanqid qila olmayotgani sababini tushuntirdi

Erdo‘g‘on G‘arb davlatlari Isroilni tanqid qila olmayotgani sababini tushuntirdi

Ayrim G‘arb davlatlari o‘tmishdagi Holokost hodisasi sabab o‘zini yahudiy davlati qarshisida qarzdor his qilmoqda va shu bois ham Isroilning G‘azodagi xalqaro huquqqa zid harakatlariga qarshi gapirishga botina olmayapti. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan qo‘shma matbuot anjumanida gapirdi.

«Qachongacha yuz berayotgan hodisalarni ko‘ra-bila turib sukut saqlaymiz? Agar qo‘llarimiz kishanband, tillarimiz bog‘liq bo‘lib qolar ekan, tarixga buning javobini qanday beramiz?! Isroil – Falastin ziddiyatini qarzdorlik psixologiyasi nuqtai nazaridan baholash to‘g‘ri emas. Men erkin so‘zlamoqdaman. Chunki bizning Isroildan tili qisiq joyimiz yo‘q.  Agar qarzimiz bo‘lganida bu qadar erkin gapira olmasdik. Zotan, (Isroildan) qarzdorlar erkin gapira olmayotir», – degan Erdo‘g‘on.

Turkiya rahbari Isroil kuchlari G‘azoda minglab falastinlik tinch aholi vakillarini o‘ldirgani, shifoxona, masjid va cherkovlarga hujum uyushtirayotganini taassuf bilan qayd etgan.

«Hozirga qadar 13 ming falastinlik bolalar, ayollar va keksalar o‘ldirildi. G‘azo degan joydan asar ham qolmadi», – dedi siyosatchi.

Ma’lumki, Isroil G‘azodagi amaliyotni HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban amalga oshirmoqda. Erdo‘g‘on ziddiyatning boshlang‘ich nuqtasi sifatida HAMASning hujumini ko‘rsatish xato ekanini qayd etar ekan, yuzaga kelgan vaziyat Isroilning ko‘p yillik okkupatsiya siyosati mahsuli ekaniga ishora qilgan.

Bir muddat avval Isroilning Quddus va meros ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Eliyahu G‘azo sektoriga atom bombasini tashlash taklifi bilan chiqqan edi.

Isroil yadro quroliga ega ekanini ochiq tan olmaydi, buni inkor ham etmaydi. Yahudiy davlati o‘nlab, balki yuzlab yadro kallaklariga ega ekani aytiladi.

Erdo‘g‘on Berlindagi matbuot anjumanida Isroilning yadro quroli masalasiga ham to‘xtalgan.

«Hozir Isroilning yadro quroli bormi? Bor. Ammo buni Isroilning o‘zidan so‘rasangiz, tan olmaydi. Chunki ular aldashda ustasi farang bo‘lib ketgan», – deydi siyosiy yetakchi.

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va 2,3 million aholiga gumanitar ko‘mak yetkazish muhimligini ta’kidlagan Erdo‘g‘on bu borada Germaniya rahbariyatini birgalikda harakatga chorlagan.

Avvalroq Turkiya prezidenti Falastinda harbiy jinoyatlar sodir etayotgan Isroilni jazolashga harakat qilishi haqida gapirgan edi.

Rasmiy Anqara, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti shafeligida G‘azoni tiklash bo‘yicha jamg‘arma tuzishni taklif etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring