Entoni Blinken AQSh bosh diplomati sifatida tasdiqlandi. U haqda nimalar ma’lum?
AQSh senati Davlat departamenti rahbari lavozimiga ilgari surilgan Entoni Blinken (Antony Blinken) nomzodini tasdiqladi.
E’tiborga molik jihati, prezident Jo Baydenning ko‘p yillik maslahatchisi sanalgan E.Blinkenning otasi va amakisi ham AQSh elchilari sifatida faoliyat yuritgan. Shu bois ham yangi tayinlagan Davlat kotibi ushbu mas’ul lavozimda oilaviy an’analarni davom ettirajagini ma’lum qildi.
«Bugun biz ro‘baro‘ kelgan jiddiy muammolarni AQSh kabi qudratli davlat ham yolg‘iz holda hal eta olmaydi», – dedi E.Blinken senatda o‘tkazilgan suhbat chog‘i. Shunga ko‘ra, u iqlim o‘zgarishi, terrorizm, qurollanish, kovid pandemiyasi kabi global muammolarga qarshi hamkor o‘lkalar bilan bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish istagini bildirdi. Bosh diplomat, ayni chog‘da, AQShning xalqaro yetakchiligini mustahkamlashga ham hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Entoni Blinken 1962-yilda Nyu-York shtatida davlat xizmatchisi va diplomatlar oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi Donald Blinken AQShning Vengriyadagi, amakisi Alan Blinken esa Belgiyadagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan.
E.Blinkenning oilaviy qissasi ezgulik va yovuzlik, zulmat va ziyo o‘rtasidagi kurashning yorqin namunasi sanaladi. Uning bobosi Moris Blinken o‘tgan asrda Rossiyada avj olgan ta’qiblar tufayli Qo‘shma Shtatlardan panoh topgan. Otasi natsistlar konslagerida tutqunlik azoblarini boshdan kechirgan. Onasi Vera Blinken esa kommunistlar hukmron surgan Vengriyadan AQShga qochib borgan.
«Ota-onam, bobom va momom – muhojirlar, qochqinlar, Holokost qurbonlari bo‘lgan. Ko‘plab amerikaliklar kabi mening oilam uchun ham AQSh Yer yuzidagi so‘nggi najot qal’asi vazifasini o‘tagan. Ularning hayot qissasi menga hamisha ilhom va kuch bergan», – deya yaqinlari kechmishini yodga oladi E.Blinken.
Shu tariqa bolaligidan AQSh qadriyatlari ruhida tarbiyalagan bo‘lajak Davlat kotibi ikki nufuzli oliy o‘quv yurti – Harvard hamda Kolumbiya universitetlarini tamomlagan. Davlat departamenti, prezident Bill Klinton ma’muriyati, AQSh senati xalqaro aloqalar qo‘mitasida faoliyat yuritgan. Shu yillar mobaynida E.Blinken atoqli siyosatchi Jo Baydenning ishonchli maslahatchilaridan biriga aylangan. 2008 yilda hokimiyat tepasiga Barak Obama kelgach, E.Blinken milliy xavfsizlik bo‘yicha mas’ul lavozimga tayinlangan. 2015-2017-yillarda esa Davlat kotibining o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
Oq uyga respublikachilar vakili Donald Tramp kelgach, Blinken siyosiy karerasini to‘xtatib, xususiy biznes bilan shug‘ullana boshlagan, xususan, «WestExec Advisors» konsalting firmasini ta’sis etgan. Ishbilarmonlik faoliyati davomida ham siyosiy tahlilchi sifatida nufuzli telekanallarda sharhlar berib borgan.
E.Blinken Qrim hamda Ukraina sharqidagi hodisalardan keyin rasmiy Vashingtonning Moskvaga nisbatan siyosatini ishlab chiqqan asosiy shaxslardan biri sanaladi. Yangi ma’muriyat uchun ham Rossiya bilan hamkorlik masalasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tobora haddan oshayotgan Xitoyga tegishli saboq berish, NATOning mavqeini mustahkamlash, Afg‘oniston hamda Yaqin Sharqda vaziyatni barqarorlashtirish Davlat kotibi hal etishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter