Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energetika tizimidagi xodimlarga nisbatan 25 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan – vazirlik

Energetika tizimidagi xodimlarga nisbatan  25 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan – vazirlik

Foto:«Togri.uz»

Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (O‘zenergoinspeksiya) va Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zneftgazinspeksiya) tomonidan qonunbuzilishlarni aniqlash yuzasidan tegishli ishlar olib borilyapti, deya xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Jumladan, 2019-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblar bo‘yicha 1,9 mlrd zarar yetkazilganlik holati bo‘yicha energetika tizimidagi quyi tashkilotlar ishchilariga nisbatan prokuratura tomonidan 25 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining «talon-taroj qilish», «firibgarlik», «elektr, issiqlik energiyasi, gaz va suv tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzish»,«mansab vakolatini suiiste’mol qilish», «soxtalashtirish» va boshqa moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan.

Energetika tizimidagi quyi tashkilotlarning aybdor shaxslariga nisbatan ozodlikdan mahrum etish (3 kishi), axloq tuzatish ishlari (2 kishi), jarima (1 kishi) va boshqa jazo choralari tayinlandi.

Hozirgi vaqtda yetkazilgan zarardan 116,3 mln so‘mi energetika tizimidagi quyi tashkilotlarning hisob-raqamlariga qaytarilgan.

Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 21,1 mln so‘m miqdorida zarar yetkazganlik holati bo‘yicha Zirabuloq magistral gaz tarmog‘i boshqarmasining 2 nafar xodimiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring