Emlanganlar o‘rtasida avtomobil o‘ynaladi! — SSV
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ishbilarmon va tadbirkorlarga murojaatnoma bilan chiqdi.
Unda qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda butun dunyoda yanada keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasining navbatdagi to‘lqini yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Kasallikning «omikron» shtammi mamlakatimizda ham aniqlandi.
«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, emlash koronavirus kasalligini oldini olishning yagona yo‘lidir. Jumladan, COVID-19ning turli shtammlari, xususan, tez tarqaluvchi «omikron»ga qarshi kurashda ham mavjud vaksinalar ijobiy natija bermoqda. Tahlillar vaksinatsiya darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarda ushbu shtamm tufayli kasallanish darajasi past va yengil o‘tayotganini ko‘rsatdi.
Pandemiyaning aholi turmush darajasi va mamlakat iqtisodiga salbiy ta’sirini oldini olish hamda rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanib yurtimizda ommaviy emlashga alohida e’tibor berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2021-yil 17-iyuldagi 11-son qarorida 18 yoshdan katta aholi qatlamini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 113-moddasiga ko‘ra, xodim emlanishni rad etsa, ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli.
Shularga ko‘ra, Sizdan xodimlaringizning 2022-yil 20-yanvarga qadar koronavirusga qarshi emlanishini ta’minlashingizni hamda sababsiz emlanmaganlarni ishga qo‘ymaslik choralarini ko‘rishingizni so‘raymiz.
Ma’lumot uchun:
- emlashga qarshi tibbiy ko‘rsatmalari bor fuqarolar bundan mustasno. Tibbiy cheklovlar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligining internetdagi resurslarida mavjud.
- 20 nafardan ortiq emlanuvchisi bor tashkilotlarga esa sayyor emlash brigadasini jalb etish imkoniyati ham yaratilgan.
- Eng muhimi, emlash bepul amalga oshiriladi
2022-yilning yanvar, fevral va mart oylarida emlanganlik sertifikatini olgan fuqarolar o‘rtasida qimmatbaho yutuqli o‘yin (bosh sovrin — avtomobil) tashkil etiladi.
Emlash masalalari bo‘yicha murojaat uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining telefon raqami: 78-888-01-01», deyiladi murojaatnomada.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter