Pochta bo‘limida elektron hukumat xizmatlari ko‘rsatilmoqda (video)
Prezidentimizning «Pochta aloqasi sohasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq bugun joylarda «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati hamda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamkorligida yangi xizmat turlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Endilikda yurtdoshlarimiz pochta bo‘limlariga elektron hukumat xizmatlaridan foydalanish uchun ham murojaat etishadi.
Pochta – insoniyatning kundalik hayotida katta ahamiyatga ega. Hatto bugungi yuqori texnologiyalar asrida ham ko‘pchilik pochta xizmatlaridan foydalanishni afzal ko‘rishadi.
Mavzuga doir lavhalarimiz Toshkent viloyatidagi Nurafshon pochta aloqa bog‘lamasi «Qorasuv» aloqa bo‘limidan tayyorlandi.
– 1 martdan bizning pochta bo‘limlarimizda ham yangiliklar joriy etildi. Yagona portaldagi ayrim xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi mutaxassislari hamda «O‘zbekiston pochtasi» xodimlari tomonidan bizning mutaxassislar o‘qitildi, – deydi Nurafshon pochta aloqa bog‘lamasi boshlig‘i Abdumannob Imonqulov. – Har bir mahalla fuqarolar yig‘inida aloqa bo‘limlarimiz mavjud. Aholiga qulaylik tomoni – tuman markazidagi davlat xizmatlari shoxobchalariga vaqt ketkazib, pul sarflab borib o‘tirmay, o‘ziga yaqin aloqa bo‘limiga chiqib, bog‘chaga navbatga turish, navbatini nazorat qilish, «INN» olish, pasportini ID-kartaga almashtirish kabi elektron hukumat xizmatlaridan foydalanishadi.
Bugungi kunda mazkur aloqa bo‘limi O‘rta Chirchiq tumani hamda Nurafshon shahridagi 183000 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda ham oddiy odamlar, ayniqsa, pensionerlar ko‘p ishlarini pochta orqali bitirishadi va unga ishonishadi. Axir, u yillar sinovidan o‘tgan.
Ayniqsa, qishloqlardagi pochta aloqasi alohida bir mavzu. Bu yerda uni hayot markazi deyish mumkin.
– Boshida Yagona interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishga faqat davlat ishxonasida ishlaydigan tushungan, bilgan xodimlar kelishardi. Hozirga kelib oddiy aholi ham foydalanishni boshladi, yordam beryapmiz, tushuntirish ishlarini olib boryapmiz, – deydi Qorasuv aloqa bo‘limi boshlig‘i Shahlo Rizaqulova. – Ularga ham qulay bo‘ldi. Chunki hamma ishini bitta joyda bitirib ketishadi.
Elektron hukumat xizmatlarining pochta tizimiga kirib borishi aholi bilan yanada yaqinlikni ta’minlab, o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Eslatib o‘tamiz, bugun pochta aloqa bo‘limlarida quyidagi elektron hukumat xizmatlari ko‘rsatilmoqda:
- STIR aniqlash;
- Yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning soliqdan qarzi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish;
- Nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- Fuqarolarni jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimiga hisobga olish;
- Manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim yetish;
- Sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnomalarni olish uchun ariza yuborish;
- Fuqaro nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish;
- Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish;
- Jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lovchining identifikatsion raqamini (STIR) olish;
- Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish navbatini tekshirish;
- Bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish;
- Tug‘ilganlik haqida ma’lumotnomani olish;
- O‘lim ro‘yxatga olinganligi haqida ma’lumotnomani olish;
- Pensiya (nafaqa) haqida ma’lumot;
- Narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish;
- Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish;
- Doimiy (vaqtinchalik) yashash joyi bo‘yicha ma’lumot.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter