Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim sektoriga 6 million yevro ajratdi

YI O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim sektoriga 6 million yevro ajratdi

Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekiston hukumatiga 6 million yevro (qariyb 82 milliard so‘m) miqdorida grant ajratdi.

YI delegatsiyasi xabariga ko‘ra, ushbu mablag‘ mamlakat makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishda ilg‘or natijalar ko‘rsatgani sabab taqdim etilgan.

Grant bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi vazirligining islohotlarni rejalashtirishida texnik ko‘mak ham ko‘rsatilgan.

YI va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga jami 20 million yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan. Demak, joriy va kelgusi yilda yana qo‘shimcha grantlar kutilmoqda.

Ko‘zlangan maqsad esa O‘zbekiston xalqini ko‘proq ish o‘rinlari va daromadlar bilan ta’minlaydigan bozorga olib chiqish, xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, barqaror agrar sektordan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

«Qishloq xo‘jaligi sektori O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim va fuqarolarni ish bilan ta’minlaydigan asosiy manba hisoblanadi.  Qolaversa, oilaviy xo‘jaliklar O‘zbekiston fuqarolari tomonidan iste’mol qilinadigan go‘sht va sabzavotlarning asosiy qismini yetishtiradi. Shu bois biz ushbu dehqon xo‘jaliklarining rivojlanishi, o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga moslashishi, atrof-muhitni muhofaza qilishi, sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishi hamda mahalliy va global qiymat zanjirining bir qismiga aylanishiga imkon beradigan islohotlarga e’tibor qaratmoqdamiz», – deydi YeIning yurtimizdagi elchisi Sharlotta Adrian.

Barqaror qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sektori YIning O‘zbekiston uchun uzoq muddatli indikativ dasturining (2021-2027 yillar) uchta strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bryussel agrar sektorga 20 million yevro miqdoridagi grantdan tashqari 2020-2023 yillar oralig‘ida yana 32,5 million yevro ko‘mak ko‘rsatgan.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston hamda YeI o‘rtasida qishloq xo‘jaligida loyiha amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy bitim imzolangan edi.

Ma’lumot o‘rnida, 2023 yil 22 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Preferensiyalarning bosh tizimi («GSP+») amaldagi muddati O‘zbekiston uchun yana to‘rt yilga uzaytirildi.

«GSP+» tizimining benefitsiar maqomi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish imkoniyatini yaratadi. O‘zbekiston mazkur imtiyozli tizim doirasida Yevropa bozoriga qishloq ho‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ham eksport qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring