«YI diniy nafrat uyg‘otuvchi harakatlarni qat’iy sur’atda rad etadi» – Jozep Borrel
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Shvetsiya va Daniyada Qur’oni karimning namoyishkorona yoqilishiga munosabat bildirib, bu xatti-harakatni provokatsiya deb atadi.
«Yevropadagi ayrim shaxslar sodir etgan va ko‘plab musulmonlarni ranjitgan harakatlardan so‘ng Yevropa Ittifoqi diniy nafrat va toqatsizlikka yo‘naltirilgan har qanday fitnalarni qat’iy sur’atda va murosasiz ravishda rad etishini ma’lum qiladi. Xilma-xillikka hurmat YeIning tamal qadriyatlaridandir. Bu boshqa diniy jamoalarga ehtiromni ham o‘z ichiga oladi», – deyiladi bayonotda.
J.Borrelga ko‘ra, Qur’oni karim va boshqa muqaddas kitoblarning tahqirlanishi haqoratomuz va nomaqbul qilmish, ochiq provokatsiya sanaladi. Binobarin, YeIda irqchilik, o‘zga qarashlarga nafrat hamda toqatsizlikka o‘rin yo‘qdir.
«Biz ham xorijda, ham o‘z uyimizda din, e’tiqod erkinligi va fikr hurligini himoya qilishda davom etamiz, ammo hamma qonuniy harakatlar ham axloqqa muvofiq kelavermaydi. Bugun o‘zaro tushunish va hurmat haqqi birlashuv vaqtidir. Ayrim provokatorlar sodir etayotgan bunday harakatlar esa oramizga nifoq urug‘ini sochib, jamiyatimizni parokanda qilmoqchi bo‘lganlar foydasiga ishlaydi, xolos», – deydi YeI bosh diplomati.
Keyingi vaqtlarda Shimoliy Yevropa davlatlarida musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘lgan Qur’oni karim – Mushafni omma oldida yoqib yuborish harakati bir necha bor qayd etildi. Diniy nizo va nafrat qo‘zg‘atuvchi ushbu harakat musulmon dunyosini g‘azablantirdi.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’oni karim yoqib yuborilganini yovuz harakat o‘laroq qoralagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter