Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaslik Firdavs Abduholiqovga 8.1 million so‘mga tushdi
Kecha Chilonzor jinoiy ishlar bo‘yicha sudida Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduholiqovning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq ishi ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra Firdavs Abduholiqov ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi imkoni borligi to‘g‘risida moliya vazirligini ogohlantirmaganlikda aybdor deb topilib, unga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-8- moddasi 4 qismiga binoan 30 BHM miqdorida jarima belgilandi.
Ilgariroq Abduxoliqov yaqin qarindoshlariga tegishli telekanal bilan hamkorlikda serial suratga olganligi jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.
Nega jazo buncha yumshoq? Bloger Shahnoza Soatova masalaga e’tibor qaratdi.
Sudda ma’lum bo‘lishicha, Kinematografiya agentligi nafaqat «Sevimli» telekanali bilan balki «Zo‘rTV», «Mening yurtim» telekanallari bilan teng qiymatda seriallar olish bo‘yicha hamkorlik qilgan. E’tiborli jihati, ushbu loyihalar sherikchilik asosida amalga oshirilgan. Ya’ni 50 foizni pulni agentlik tikkan bo‘lsa qolgan yarmini telekanallar qo‘shgan. Abduholiqov bunga investitsion loyiha sifatida qaragani va seriallar suratga olish bo‘yicha budjetni ikki karra iqtisod qilishni maqsad qilganini ma’lum qilgan. Lekin yangi qonunchilikka ko‘ra ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida moliya vazirligini ogohlantirmagan.
Hozirgi kunda «Sevimli» telekanali tomonidan «Tuzoq» seriali uchun agentlik qo‘shgan hissa budjetga qaytarilgan.
Advokat bu vaziyatda budjet pullari maqsadsiz sarflanmagani, pullar qaytarilgani, boshqa kanallarga ham teng imkoniyat berilgani va investitsion loyiha ekanligini suddan inobatga olishlarini so‘ragan.
Albatta, manfaatlar to‘qnashuvi rostdan borga o‘xshaydi, biroq Prezident qarorida «telekanal auditoriyasi va reytingini hisobga olgan holda» degan shartni inobatga olsak, «Sevimli»ning bu ro‘yxatga kirishi tabiiydek. Faqat manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida ogohlantirilmagan va shu uchun ham F.Abduholiqov javobgarlikka tortildi.
Nima bo‘lganda ham Abduxoliqov moliya vazirligini ogohlantirishi zarur edi. Ushbu keys O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuvi bilan gumonlanib, jarimaga tortilgan ilk mansabdor sifatida pretsedent bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter