Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Firdavs Abduxoliqov ishi» Bosh prokuraturaga yuborildi

«Firdavs Abduxoliqov ishi» Bosh prokuraturaga yuborildi

Foto: «Xabar.uz»

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kinematografiya agentligi tomonidan qonun buzilishi holatlarini aniqladi va chora ko‘rish uchun hujjatlarni Bosh prokuraturaga yubordi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Kun.uz nashrida «Sabriya» mashmashasi: serialdagi behayo sahna mavzusi Firdavs Abduxoliqov shaxsiga ulanib ketdi» sarlavhasi ostida tarqalgan maqola yuzasidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi va affillanganlik holatlari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi holatlari aniqlangan.

Xususan,  Kinematografiya agentligi direktori va bir vaqtning o‘zida subsidiya mablag‘larini taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolatiga ega Badiiy kengash raisi – F.Abduxoliqov subsidiya mablag‘larining taqsimlanishi va kontragentni tanlash jarayonida yaqin qarindoshlari benefitsiar bo‘lgan (ta’sischilari: Sharapova F.S. - F.Abduxoliqovning turmush o‘rtog‘i 70%, Rashidova A.F. - F.Abduxoliqovning qizi 20%, Abduxoliqov A.F.  -  F.Abduxoliqovning o‘g‘li - 10%) «Master Media Production and Broadcast» MChJ bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lsa-da, bu holatni bartaraf qilish choralarini ko‘rmasdan, mazkur jamiyat manfaatlarini yoqlab ovoz berishda va qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan.

Masalan, 2021-yilning o‘zida Kinematografiya agentligi tomonidan berilgan davlat buyurtmalari asosida «Sevimli» telekanali («Master Media Production and Broadcast» MChJ) ishtirokida «Orzular palatasi» va «Tuzoq» seriallari suratga olingan.

Jumladan, 2021-yilning 22-fevral kuni Kinematografiya agentligi, «Master Media Production and Broadcast» MChJ hamda «MY-FILMS» MChJ o‘rtasida «Orzular palatasi» milliy serialini suratga olish maqsadida qiymati 3,0 mlrd.so‘mlik shartnoma imzolanib, Kinematografiya agentligi tomonidan 1,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari «MY-FILMS» MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.

Bundan tashqari, Kinematografiya agentligi hamda «Master Media Production and Broadcast» MChJ o‘rtasida «Tuzoq» milliy serialini suratga olish uchun 2021 yilning 18 may kuni jami qiymati 1,8 mlrd. so‘mlik ikki tomonlama shartnoma (dxarid.uz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali) imzolangan va 1,8 mlrd so‘m pul mablag‘lari jamiyat hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.

Shunga ko‘ra, mazkur holatlarda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori F.F.Abduxoliqov yaqin qarindoshlari ta’sischiligidagi MChJning manfaatlarini ko‘zlab, davlat budjetidan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larining ajratilishiga erishib, qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Sevimli» telekanalida namoyish etilayotgan milliy serialni AOKA o‘rganishni boshlagandi. 

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva «Sevimli» telekanalida namoyish etilayotgan serialga o‘z munosabatini bildirgandi.

Ushbu serial bo‘yicha yuzaga kelgan holatdan so‘ng «Sevimli» telekanali ta’sischilarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyevni o‘z vazifasidan ozod etish qarori qabul qilingan edi.

Kinematografiya agentligi esa ushbu serialga agentlikning aloqasi yo‘qligini bildirib rasmiy bayonot bergandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring