Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Eco Expo Central Asia 2025»da ekologik turizm - an’analardan raqamli yechimlargacha

«Eco Expo Central Asia 2025»da ekologik turizm - an’analardan raqamli yechimlargacha

Toshkentda o‘tkazilgan «Eco Expo Central Asia 2025» ko‘rgazmasida Turizm qo‘mitasining stendi dastlabki ikki kun ichida 1500 ga yaqin tashrif buyuruvchini o‘ziga jalb etdi. Tadbir ishtirokchilari ekoturizm sohasidagi zamonaviy yo‘nalishlar haqidagi ma’ruza va taqdimotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu yo‘nalishlar yashil texnologiyalar va energiya tejamkor yechimlarni joriy etishdan tortib, tabiiy va madaniy merosni asrab-avaylashgacha bo‘lgan keng qamrovli masalalarni o‘z ichiga oladi.

Ko‘rgazma doirasida an’anaviy hunarmandchilik - kulolchilik va gilamdo‘zlik bo‘yicha mahorat darslari ham o‘tkazildi. Bu mintaqaning madaniy xususiyatlariga chuqurroq kirib borish va barqaror turizmni ommalashtirish imkonini berdi.

Qo‘mita stendida mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari, jumladan, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti mutaxassislari ishtirokida ekspert uchrashuvlari ham tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlarda yashil turizmni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, xususan, sohani raqamlashtirish, ekologik standartlarni joriy etish va aholini turizm sohasida faolroq ishtirok etishga rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.

Eco Expo Central Asia 2025 ko‘rgazmasi O‘zbekistonda Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili doirasida o‘tkazilmoqda. Bu tadbir mamlakatning ekologik o‘zgarishi va iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida barqaror turizmning strategik ahamiyatini ta’kidlaydi. Turizm qo‘mitasining stendi nafaqat innovatsiyalarni namoyish etish maydoni, balki ochiq, mas’uliyatli va ekologik muvozanatli turizm kelajagini yaratishga qaratilgan tajriba va g‘oyalar almashish markaziga aylandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring