«Eco Expo» birinchi xalqaro ekologik ko‘rgazma o‘z ishini boshladi

Toshkentda «Eco Expo Central Asia 2025» birinchi xalqaro ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi boshlandi. Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli tadbir 30 dan ortiq davlatni birlashtirib, 19–21 iyun kunlari «Central Asian Expo» (CAEx) ko‘rgazmalar majmuasini muloqot, ilg‘or tajriba almashish va «yashil» transformatsiyani ilgari surish uchun yetakchi platformaga aylantirmoqda.
Ochilish marosimida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamqulov, Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisining o‘rinbosari Bakit Asangul, Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Turkmaniston Tabiatni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Nuri Jumashov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Doyon, CITES konvensiyasi Bosh kotibi. I.Iguero, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabina Mahl va boshqalar ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov «Bugungi ko‘rgazma shunchaki texnologiyalar namoyishi emas, balki mintaqalar, tarmoqlar va davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro chuqur hamkorlikning boshlang‘ich nuqtasidir. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ekologik texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha mintaqaviy platformaga aylanishga tayyor», deya ta’kidladi.
Vazir, shuningdek, global ekologik muammolar shoshilinch choralar ko‘rishni talab qilishini eslatib, «Eco Expo Central Asia» iqlim va ekologik muammolarni hal qilishda yangicha yondashuvlar shakllanadigan maskanga aylanishiga ishonch bildirdi.
Tadbirda «Eco Expo Central Asia 2025» nafaqat ko‘rgazma, balki ekspertlar, kompaniyalar, startaplar, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari eng zamonaviy va samarali ekologik yechimlarni taqdim etish uchun uchrashadigan ixtisoslashtirilgan yangi avlod platformasi ekanligi ta’kidlandi. Bu yerda iqlim barqarorligi, resurslarni tejash va toza texnologiyalarni joriy etishning asosiy masalalari muhokama qilinmoqda.
Ko‘rgazma sun’iy intellekt va yashil energiya sohasidagi innovatsiyalardan tortib, suvni tejash va ekologik ta’lim bo‘yicha yechimlargacha barqaror kelajak uchun texnologiyalarning butun spektrini qamrab oladi. Ishtirokchi davlatlar qatoriga Fransiya, Koreya Respublikasi, Tojikiston, Rossiya, Turkmaniston, Italiya, Qozog‘iston, Avstriya, Shveysariya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Qatar, Xitoy, Xorvatiya, Singapur, BAA, Belarus, Belgiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Norvegiya, Vengriya, Turkiya, Gruziya, Bangladesh, Misr, Latviya va Falastin kabi davlatlar bor. Bu Markaziy Osiyoning ekologik kun tartibiga xalqaro miqyosda katta qiziqish borligini ko‘rsatadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan ekologik texnologiyalar ko‘rgazmasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan e’lon qilingan «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yili»ga bag‘ishlandi. Bu O‘zbekistonning nafaqat ichki ekologik islohotlarni jadallashtirish, balki bu boradagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga intilishini ta’kidlaydi.
Ko‘rgazmada 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va yetakchi kompaniyalar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi vakolatxonalar, vazirlik va idoralar, xorijiy va mahalliy kompaniyalar, xalqaro moliya institutlari va donor tuzilmalar o‘z pavilonlarini namoyish etmoqda.
Uch kun davomida mehmonlarni boy dastur: xalqaro ekspertlar ishtirokidagi plenar va panel muhokamalari, innovatsion loyihalar taqdimotlari, yashil energiya, ekoturizm, barqaror shaharlar, raqamli texnologiyalar va iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha tematik sessiyalar, mahorat darslari, fotoko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar va startap tanlovi kutmoqda. 35 dan ortiq yondosh tadbirlar, istiqbolli loyihalar taqdimoti va ekologik dasturlar bo‘yicha shartnomalar imzolanishi ham rejalashtirilgan.
«Eco Expo Central Asia 2025» ko‘rgazmasi innovatsiyalar, barqarorlik va xalqaro hamkorlikka asoslangan yangi ekologik qarashlarni shakllantirish sari qadamdir. Ko‘rgazmada ishtirok etish — tinglash, ilg‘or jahon tajribasini ko‘rish va mintaqaning ekologik kelajagiga haqiqiy hissa qo‘shish imkoniyatidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter