Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoning innovatsiya bo‘yicha peshqadam o‘n davlati. Ular orasida O‘zbekiston yo‘q, ammo Osiyoning uch vakili bor

Dunyoning innovatsiya bo‘yicha peshqadam o‘n davlati. Ular orasida O‘zbekiston yo‘q, ammo Osiyoning uch vakili bor

Foto:«Intex-Press»

XXI asr innovatsion texnologiyalar yuzyilligiga aylanmoqda. Dunyoning yirik mamlakatlari o‘rtasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi ilm-fan va texnologiyalar jabhasida ham beayov kurash ketmoqda.

Innovatsiya, ilmiy yangiliklar sohadagi raqobat oldida qurollanish poygasi hech narsa bo‘lmay qoldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, dunyoga hukmronlik mezoni ham o‘zgarayotir. Yaqin-yaqingacha dunyoga hukmfarmolik qilishning asosiy sharti mamlakatning mudofaa sohasidagi kuch-qudrati edi. Ammo bugun yuksak ilmiy texnologiyalarsiz  shunchaki qurol-aslaha bilan uzoqqa borib bo‘lmasligi ayon bo‘lib bormoqda.

Bir qancha tadqiqot markazlari sayyoramiz davlatlarining innovatsiya bo‘yicha reytingini e’lon qilib boradi. Ammo ular orasida Bloomberg xalqaro agentligi tuzadigan reyting nufuzli doiralarda ham e’tirof etiladi. Negaki, agentlik mutaxassislari davlatlarning innovatsiya jabhasidagi o‘rnini aniqlashda ilmiy tadqiqotlarga sarflanayotgan mablag‘ hamda kashfiyot va yangi ishlanmalarga berilgan patentlar miqdori, ishlab chiqarish samaradorligi, yuqori texnologiyalarga asoslangan kompaniyalar hamda ilmiy tadqiqotchilar soni kabi muhim mezonlarga tayanadi. Har bir mamlakat ushbu mezonlar bo‘yicha baholab chiqiladi va barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha ballar jamlanib, umumiy o‘rin belgilanadi. Bloomberg xalqaro agentligi xulosasiga ko‘ra, 2019 yilda dunyoning innovatsiya bo‘yicha peshqadam 10 davlati quyidagilardir:

  1. Janubiy Koreya – 87,38 ball
  2. Germaniya – 87,3 ball
  3. Finlyandiya – 85,57 ball
  4. Shveysariya – 85,49 ball
  5. Isroil – 84,78 ball
  6. Singapur – 84,49 ball
  7. Shvetsiya – 84,15 ball
  8. AQSh – 83,21 ball
  9. Yaponiya – 81,96 ball
  10. Fransiya – 81,67 ball.

E’tiborli jihati, kuchli o‘nlikdan o‘rin olgan davlatlarning barchasida ilmiy izlanishlar uchun g‘aznadan juda katta miqdorda mablag‘ ajratiladi. Ushbu maqsadda, masalan, AQSh 476,5 milliard dollar (yalpi ichki mahsulotning 2,7 foizi), Yaponiya 169,6 milliard dollar (YaIMning 3,4 foizi), Germaniya 109,6 milliard dollar (YaIMning 2,9 foizi), Janubiy Koreya 73,1 milliard dollar (YaIMning 4,3 foiz) yillik mablag‘ sarflaydi. Singapur esa yillik budjetning deyarli 20 foizini innovatsion izlanishlarga yo‘naltiradi.

Bugun innovatsion texnologiyalar maishiy hayotdan tortib yirik ishlab chiqarishga qadar kirib kelmoqda. Yangi texnologiyalar insonlarning hayotini farovon va qulay qilishga xizmat qilmoqda. Sodda qilib aytganda, yangi g‘oyalar kam mehnat qilib, ko‘proq daromad qilish, kam harakat bilan ko‘proq samaraga erishishni ta’minlamoqda.

Sayyoramiz tabiiy resurslari tobora kamayib borayotgan bir paytda mamlakatlar o‘rtasida ilmiy jabhadagi raqobat yanada kuchayishi shubhasiz.

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring