Janubiy Koreya aviakompaniyasi Toshkentga muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi

2025 yil 23 may kuni Janubiy Koreyaning «T’way Air» loukoster aviakompaniyasiga tegishli ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys muvaffaqiyatli tarzda Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportga qo‘ndi. Ushbu parvoz Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahridan amalga oshirildi.
«T’way Air» loukoster aviakompaniyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan yangi reyslar Seul – Toshkent – Seul yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga to‘rt marta muntazam parvoz qilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbus Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi turizm, savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur reys orqali nafaqat sayyohlar, balki Koreya Respublikasining mashhur musiqiy jamoasi — «BLACKSWAN» k-pop guruhining a’zolari ham mamlakatimizga tashrif buyurishdi. Bu tashrif, ayniqsa yosh avlod orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda va O‘zbekistonning jahon miqyosidagi madaniy-turistik salohiyatini namoyish etish imkonini beradi.
Qayd etish kerakki, ushbu reysning yo‘lga qo‘yilishi orqali O‘zbekiston turizm yo‘nalishi yanada rivojlanadi, mamlakatimizga chet ellik sayyohlar oqimi ortadi. Yangi havo yo‘nalishining ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi hamda turizm sohasida o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Koreya Respublikasida televideniye va ijtimoiy tarmoqlarida 20 milliondan ortiq auditoriyaga ega bo‘lgan «BLACKSWAN» k-pop guruhi O‘zbekistonning tarixiy obidalari, milliy an’analari, tabiiy go‘zalliklari hamda mehmondo‘st xalqi haqida keng targ‘ibot ishlari olib borilishni rejalashtirilgan.
T’way Air – 2010 yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Seulda joylashgan. Aviakompaniyaning istiqboldagi rejalari qatoriga yana ham ko‘proq reyslarini amalga oshirish hamda Janubiy Koreya va O‘zbekistonda turizm bozorini rivojlantirish kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter