Dunyodagi eng xavfli tanklarni qaysi davlatlar chiqaradi? (top-10)
1917-yil 20-noyabr — Birinchi jahon urushida tanklardan birinchi marta keng foydalanish boshlangan. Tanklarning jahon sahnasiga chiqib kelishi tom ma’noda yangi davrga ishora edi. Bir asrdan ortiqroq vaqt o‘tib ham tanklar quruqlikdagi eng asosiy taktik jang texnikasi bo‘lib qolmoqda. Tanklarning asosiy mezonlari asosan himoya, otishma kuchi, aniqlik va harakatchanlikning birlashgan ballariga asoslanadi.
Hozirda dunyodagi eng yaxshi 10 ta tank quyidagilar:
10-o‘rin: «T-14 Armata» — Rossiya
«T-14 Armata» yangi avlod (to‘rtinchi avlod) jangovar tanki bo‘lib, hozirgi vaqtda dunyodagi eng yaxshi tanklardan biri hisoblanadi. Taxminan 55 tonna og‘irlikdagi texnika tezkor harakatlari bilan diqqatga tushgan. Shuningdek, yangi takomillashtirilgan to‘p bilan jihozlangani uning qisqa masofali janglardagi ahamiyatini oshiradi. «T-14»ning asosiy quroli 2A82-1M 125 mm (4,92 dyuym) silliq to‘p bo‘lib, ikkilamchi qurol 300 o‘qli 12,7 × 108 mm Kord pulemyotidan va 7,62 × 54 mmR Pecheneg PKP yoki PKTM pulemyotidan iborat. «Armata» faol himoya tizimi va uch kishidan iborat ekipaj tizimi bilan jihozlangan. «T-14» 1500 ot kuchiga ega dizel dvigatel bilan jihozlangan. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 80–90 km/soat. «T-14 Armata»ning birlamchi narxi — 3,7 million dollar atrofida.
9-o‘rin: «M1A2C Abrams» (SEPv3) — AQSh
G‘arb tanklarining uchinchi avlodiga mansub «M1A2C Abrams» to‘rtinchi avlod standartlariga moslashtirilgan. «Abrams» 1979-yildan beri ishlab chiqarilmoqda. «M1A2C Abrams» (SEPv3) faol himoya tizimining ilg‘or xususiyatlariga ega. Asosiy qurol – M256A1 120 mm silliq qurol bo‘lib, u turli snaryadlarni otishga mo‘ljallangan. «M1A2C Abrams» 1500 ot kuchiga ega dizel dvigatel bilan jihozlangan. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 72 km/soat, harakatlanish qiyin hududlarda tezlik 48 km/soatgacha tushishi mumkin. Ekipaj 4 kishini tashkil etadi. Narxi — 6,21 million dollar atrofida.
8-o‘rin: «Leopard 2A7+» — Germaniya
Sovuq urush davrida «Leopard» va «Abrams» G‘arbiy Germaniya va Amerika qo‘shma loyihasi sifatida boshlangan. Biroq, oxir-oqibat, mamlakatlar o‘z yo‘lidan borishga va o‘zlarining asosiy jangovar tanklarini mustaqil ravishda ishlab chiqishga qaror qilishgan. Bugungi kunda «Leopard 2» eng ko‘p eksport qilinadigan g‘arb tanklaridan biri. «Leopard 2» 1500 ot kuchiga ega dizel dvigatel bilan jihozlangan. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 70 km/soat, harakatlanish qiyin hududlarda tezlik 45 km/soatgacha tushishi mumkin. Ekipaj 4 kishini tashkil etadi. «Leopard 2A7+» narxi — 6–6,5 million dollar atrofida.
7-o‘rin: «Merkava IVm Windbreaker» — Isroil
Isroilliklar tank dizayni bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. G‘ayrioddiy «Merkava» asosiy jangovar tanki zirhli transport vositasi sifatida keng qo‘llanib kelinadi. «Merkava IVm Windbreaker» faol himoya tizimi bilan jihozlangan. Mazkur tizimni ko‘plab tank ishlab chiqaruvchi mamlakatlar sotib olib, o‘z tanklariga o‘rnatishgan. «Merkava IVm Windbreaker» 1500 ot kuchiga ega dizel dvigatel bilan jihozlangan. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 64 km/soat, harakatlanish qiyin hududlarda tezlik 55 km/soatgacha tushishi mumkin. Ekipaj 4 kishini tashkil etadi. Shu bilan birgalikda 6 kishigacha yo‘lovchi olishi mumkin. Bitta «Merkava IVm Windbreaker» 4,5 million dollar atrofida baholanadi.
6-o‘rin: «Leclerc XLR» — Fransiya
Rossiyaning «T-14 Armata» tanki singari, Fransiyaning «Leclerc» tankida ham ekipaj uch kishilik. «Leclerc» 1991-yildan beri ishlab chiqarilmoqda. Nisbatan yengil bo‘lish afzalligini saqlab qolgan. Yengil vazn harakatchanlikni va ko‘priklarni kesib o‘tish imkoniyatini oshiradi, botib qolish xavfini kamaytiradi. «Leclerc» 120 mm model F1 silliq nayli qurol, 12,7 mm koaksial M2 og‘ir pulemyot va tomga o‘rnatilgan 7,62 mm pulemyot bilan qurollangan. «Leclerc» 1500 ot kuchiga ega dizel dvigatel bilan jihozlangan. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 71 km/soat, harakatlanish qiyin hududlarda tezlik 55 km/soatgacha tushishi mumkin. Bitta «Leclerc XLR» 4 million dollardan qimmatroqqa baholanadi.
5-o‘rin: «Challenger 2 CLEP» — Buyuk Britaniya
Britaniyaliklar o‘zlarining uchinchi avlod tanklarini amerikaliklar singari to‘rtinchi avlod standartiga ko‘tarishgan. «Challenger 2»ning g‘ayrioddiy xususiyatlaridan biri L30A1 120 mm miltiqli quroldan foydalanishidir. Bugungi kunda asosiy jangovar tanklarning aksariyati silliq nayli qurollardan foydalanadi, ammo inglizlar o‘z tanklarida keksa avlod tanklarining xususiyatlaridan ham saqlab qolganlar. «Challenger 2» 1200 ot kuchiga ega dizel dvigatel bilan jihozlangan. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 59 km/soat, harakatlanish qiyin hududlarda tezlik 40 km/soatgacha tushishi mumkin. Ekipaj 4 kishini tashkil etadi. Bitta «Challenger 2 CLEP» 5,5-6 million dollar atrofida baholanadi.
4-o‘rin: «K2» yoki «Qora Pantera» — Janubiy Koreya
Har bir tankining narxi 8,5 million dollardan oshadigan koreys tanklari 2013-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, bugungi kunda tanklarning eng yangi dizaynlaridan foydalanilgan. «K2 Black Panther» «Hyundai Rotem» tomonidan ishlab chiqarilgan. «K2» soatiga 70 km tezlikka erishishi, harakatlanish qiyin nuqtalarda 50 km/soat tezlikka erishishi mumkin. «Qora pantera» avtomatik yuklash tizimiga ham ega bo‘lib, daqiqada 10 tagacha o‘q otishga qodir.
3-o‘rin: «Type 10» — Yaponiya
«Type 10» Yaponiyaning to‘rtinchi avlod asosiy jangovar tanki bo‘lib, uning eskirgan «Type 74» va «Type 90» modellarini almashtirish uchun mo‘ljallangan. 2012-yildan beri ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 104 ta tank ishlab chiqarilgan bo‘lib, u ushbu reytingimizdagi eng noyob tanklardan biri hisoblanadi. «Type 10» «Japan Steel Works» tomonidan ishlab chiqilgan mutlaqo yangi qurollarga ega. U og‘ir metall zarralarini o‘z ichiga olgan amorf metallaridan tashkil topgan «Type 10 APFSDS» turidagi tank uchun maxsus ishlab chiqilgan takomillashtirilgan snaryadlarini otadi. 1200 ot kuchiga ega dizel dvigatellari «o‘lim mashinasi»ning 70 km/soat tezlikka erishishini ta’minlay oladi. Taxminiy bahosi 15 million dollardan oshadi.
2-o‘rin: «Type 99A» — Xitoy
«Type 99A» Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan asosiy jangovar tanklar toifasiga kiradi. Mazkur tank 2011-yildan beri zamonaviylashtirilgan holda ishlab chiqarilmoqda. 4000 dan ortiq «Type 99A» tanklari ishlab chiqarilgan. Asosiy qurol-aslaha – bu karusel uslubidagi avtoyuklagichga ega 2 tekislikli stabilizatsiyalangan ZPT-98 125 mm silliq nayli qurol. «Type 99A» 1500 ot kuchiga ega dizel dvigatel bilan jihozlangan. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 76 km/soat, harakatlanish qiyin hududlarda tezlik 56 km/soatgacha tushishi mumkin. Ekipaj 3 kishini tashkil etadi. «Type 99A» tankining narxi — 3 million dollar atrofida.
1-o‘rin: «T-90MS» — Rossiya
«T-90» uchinchi avlod rus asosiy jangovar tanki bo‘lib, birinchi marta 1993-yilda ishlab chiqarilgan. Texnik jihatdan asosan «T-72»ning modernizatsiya qilingan versiyasidir. Rossiya har doim tank ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratgan. «T-90»ning asosiy quroli 2A46M 125 mm silliq nayli tank quroli bo‘lib, u NSV 12,7 mm masofadan boshqariladigan zenit-og‘ir pulemyotga ega. Tekis yo‘ldagi eng yuqori tezligi 60 km/soat, harakatlanish qiyin hududlarda tezlik 40 km/soatgacha tushishi mumkin. Dvigatel 1130 ot kuchiga ega. Ekipaj 3 kishini tashkil etadi. Taxminan bitta «T-90MS» 4,5-5 million dollarga baholanadi.
Umuman olganda, dunyodagi barcha tanklar modernizatsiyalashga ehtiyoj sezadi. Jahonda tanklari soni bo‘yicha Rossiya (12 420 ta), AQSh (6 612 ta) va Shimoliy Koreya (5 895 ta) yetakchilik qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter